775 22.04.2026
Narkobiznes uni pulsiz qoldirish, «moliyaviy arteriya»larini bo‘g‘ish kerak!
20-21-aprel kunlari Samarqandda «Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish» mavzusidagi global forum bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston va BMT hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda Yevropa Ittifoqi, Shanhay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Jahon sog‘liqni saqlash va bojxona tashkilotlari kabi 20 dan ortiq nufuzli tuzilmalar vakillari, 50 ga yaqin davlatning huquqni muhofaza qiluvchi organlari rahbarlari hamda 500 dan ziyod xalqaro ekspert va soha mutaxassislari ishtirok etdilar. Ikki kunlik tadbirda narkotik- larning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, bu borada ilg‘or xalqaro tajribani tizimli o‘rganish va amaliyotga joriy etish, zamonaviy narkotahdidlarga qarshi kompleks yondashuvlarni ishlab chiqish hamda giyohvandlikka qarshi kurashda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Forumda yoshlar sammiti ham tashkil etilganini alohida ta’kidlash joiz. Unda yoshlar o‘rtasida giyohvandlikning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish hamda ularning global muammolar yechimida faol ishtirokini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev forum ishtirokchilariga murojaat yo‘llab, bugun giyohvandlikka qarshi kurash - bu faqat bir davlatning emas, balki butun insoniyatning umumiy mas’uliyati va majburiyatiga aylanganini ta’kidladi va bu borada bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, transmilliy narkojinoyatlarga qarshi kurashishda tezkor axborot almashinuvi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Shu bois, barcha ishtirokchi davlatlar huquq-tartibot idoralari ma’lumotlar bazasini birlashtirib, sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan yagona raqamli platformani ishga tushirishlari lozim.
Bugun jinoiy mablag‘larni yuvishning eng katta qismi aynan raqamli aktivlar va offshor hududlar orqali amalga oshirilayotgani hech kimga sir emas. Davlatimiz rahbari ana shundan kelib chiqib, kripto-birjalar uchun majburiy identifikatsiya standartlarini global darajada birxillashtirish, offshor yurisdiksiyalar bilan ma’lumot almashinuvi bo‘yicha majburiy kelishuvlar, «noma’lum manba» mablag‘larini avtomatik bloklash mexanizmlarini joriy etishni taklif etdi. «Narkobiznesni qurol bilan emas, pulsiz qoldirish orqali yengish mumkin. Agar biz uning «moliyaviy arteriya»larini bo‘g‘ib qo'ysak, bu illat o‘z-o‘zidan yo‘qoladi», - dedi Prezidentimiz.
Ta’kidlash lozim, so‘nggi yillarda aholi, ayniqsa, yoshlar orasida giyohvandlikning yangi turlari - sintetik narkotiklar, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar keng tarqalyapti. Bu esa xalqaro darajada doimiy muloqot maydonini tashkil etish, bunday moddalarga ruju qo‘yganlarni samarali davolash bo‘yicha zamonaviy metodika va standartlarni birgalikda yaratish zaruratini paydo qilmoqda. Prezidentimizning navbatdagi tashabbusi aynan shu bilan bog‘liq.
Shuningdek, Forumda Markaziy Osiyo Narkologlar assotsiatsiyasini tashkil etish va uning Bosh ofisini Samarqandda ochish, narkotrafik xavfi yuqori bo‘lgan hududlar uchun «maxsus rivojlanish dasturi»ni ishlab chiqish takliflari ham ilgari surildi.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda 300 milliondan ortiq odam giyohvand moddalar ta’siriga tushib qolgan. Har yili 600 mingga yaqin inson ushbu illatning qurboniga aylanyapti. Bugun globallashayotgan dunyoda bunday xavf-xatar barcha davlatlar qatorida mamlakatimizni ham chetlab o‘tmayapti. Shu bois, O‘zbekistonda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish masalasi umummilliy harakatga aylantirilib, barcha kuch va vositalar safarbar qilinyapti.
Eng yomoni, keyingi yillarda ushbu muammo nafaqat xavfsizlik, balki eng qimmatli bo‘lgan inson hayoti va salomatligi, kelajagi bilan bog‘liqligidan kelib chiqib, unga qarshi dunyoga namuna bo‘ladigan darajada keng ko‘lamli ishlar olib borilyapti. Bu borada idoralararo hamkorlikni mustahkamlash, profilaktika mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan 20 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi. Narkotiklarga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiya esa ushbu yo‘nalishdagi eng muhim hujjat hisoblanadi.
Natijada narkotiklarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash ko‘rsatkichi 2,5 barobarga oshdi. Musodara qilingan giyohvandlik vositalari ikki barobar, yo‘q qilingan sintetik narkotiklar esa yetti barobarga ko‘paydi. O‘tgan yildagina 15 mingdan ziyod narkojinoyat fosh etilib, qariyb 3,5 tonna giyohvandlik vositasi yo‘q qilindi. 14 ta yashirin narkolaboratoriya va 72 ta yirik internet do‘koni faoliyatiga batamom chek qo‘yildi. To‘g‘ri, so‘nggi vaqtlarda yoshlar orasida bu illatga ruju qo‘yganlar ko‘payayotgani jiddiy tashvishlanarli holdir. Bu aslida aholi genofondiga tahdid degan gap. Shu bois, xalqimizning «Bir bola yo‘ldan chiqsa - jamiyat izdan chiqadi», degan hikmatidan kelib chiqib, yoshlarimizning giyohvandlik changaliga tushib qolishining oldini olish bo‘yicha katta targ‘ibot kampaniyasi olib borilyapti. Bu ishlarga faxriylar, nuroniy otaxon va onaxonlar, mahallada obro‘-e’tibor qozongan faollar, jamoatchilik vakillari ham jalb etilgan. Chunki yoshlarning giyohvandlik tuzog‘iga tushib qolishi, bu faqat ularning yaqinlari yoki oilasining emas, balki butun mahallaning - jamiyatning fojiasidir.
Umuman olganda, bunday nufuzli anjumanlarning tez-tez yurtimizda o‘tkazilayotgani bu mamlakatimizning xalqaro maqomi yangilanayotganidan, endi O‘zbekiston global masalalarda faqat kuzatuvchi emas, balki jarayonlarni shakllantiruvchi muhim ishtirokchiga aylanganidan dalolatdir.
Go‘zal SAMIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati