“Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030”


645     22.04.2026

Mamlakatimizda yoshlar masalasi nafaqat ijtimoiy qatlam, balki strategik resurs sifatida ko‘rilmoqda. Shu bois, yoshlarning o‘rni va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilyapti. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 20-aprelda “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi loyihasi taqdimoti bilan tanishgani bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Mazkur hujjatda ilgari surilgan tashabbuslar yoshlar taʼlimi, bandligi, tadbirkorligi, ijtimoiy faolligi va hayot sifatini tubdan yaxshilashga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega.

Avvalo, 20 ming nafar yosh tadbirkorning nufuzli xalqaro biznes maktablari dasturlari asosida o‘qitilishi bu – faqat bilim emas, balki global fikrlash, zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalarini egallash imkoniyatidir. Bu tashabbus kelajakda milliy iqtisodiyotimizni xalqaro darajaga olib chiqadigan yangi avlod tadbirkorlarini shakllantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, 500 million so‘mgacha imtiyozli ssudalar ajratilishi yoshlarning biznes boshlashdagi eng katta muammosi – boshlang‘ich kapital masalasini hal etadi. Bu esa yoshlarni ish izlovchidan ish beruvchiga aylantirishga xizmat qiladi.

Xorijiy tilni bilgan yoshlar uchun davlat xizmatlari va pasport xarajatlarining kamaytirilishi esa bilim va malakani rag‘batlantirishning aniq mexanizmi sifatida eʼtiborlidir. Bu orqali yoshlar orasida til o‘rganishga bo‘lgan motivatsiya yanada oshadi va global maydonga chiqish imkoniyatlari kengayadi. Yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ipoteka dasturlari esa jamiyat barqarorligining asosiy omili bo‘lgan mustahkam oilalarni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Uy-joy muammosining hal etilishi yoshlarning kelajakka ishonchini mustahkamlaydi.

Kitob savdosini rag‘batlantirish va “TOP-100 kitobxon” kabi tashabbuslar jamiyatda maʼnaviy muhitni yuksaltirishga xizmat qiladi. Bu orqali nafaqat tadbirkorlik, balki kitobxonlik madaniyati ham rivojlanadi. Chekka hududlarda til markazlarini qo‘llab-quvvatlash, soliq imtiyozlari berish va xususiy taʼlimga keng erkinliklar yaratilishi esa taʼlimda hududlar o‘rtasidagi tafovutni kamaytirishga xizmat qiladigan muhim qadamdir. Bu orqali eng olis hududdagi yoshlarning ham sifatli taʼlim olish imkoniyati yaratiladi.

Zamonaviy kasblarni o‘qitish, xalqaro sertifikatlarni qo‘llab-quvvatlash va bandlikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar esa yoshlarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi. Bu orqali nafaqat ichki, balki xalqaro mehnat bozorida ham o‘z o‘rniga ega bo‘lgan kadrlar yetishib chiqadi.

Alohida eʼtiborga molik jihatlardan yana biri bu yoshlarning ruhiy salomatligiga qaratilgan tashabbuslardir. 24/7 bepul call-markazlarning tashkil etilishi yoshlar orasida uchrayotgan psixologik muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Umuman olganda, “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi yoshlar hayotining deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan kompleks hujjat bo‘lib, undagi har bir tashabbus yoshlarning ertangi kuniga qo‘yilgan mustahkam poydevordir. Zero, berilgan imkoniyat bu faqat boshlanishi, natija esa har bir yoshning o‘z harakatiga bog‘liq.

Sevara JUMAYEVA,
O‘quv, tadqiqot va tahlil markazi mutaxassisi,
Yoshlar parlamenti aʼzosi