Global tahdidga qarshi qat’iy yondashuv


578     22.04.2026

Prezidentimiz Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan xalqaro forum ishtirokchilariga yo‘llagan  murojaatida bir qator muhim tashabbuslarni ilgar surdi. Bu tashabbuslar bugungi kunda dunyo miqyosida tobora kuchayib borayotgan narkotahdidlarga qarshi kurashishda yangi bosqichni boshlab berishini alohida ta’kidlash joiz.

Davlat rahbari masalaga nafaqat milliy, balki global nuqtayi nazardan yondashib, narkotiklar savdosining transmilliy, texnologik va moliyaviy jihatdan murakkablashib borayotganini aniq raqamlar va dalillar asosida ochib berdi. Bugun narkotrafikning virtual muhitga ko‘chib borayotgani, jinoiy guruhlarning zamonaviy texnologiyalardan faol foydalanayotgani esa ushbu tahdidga qarshi kurashish usullarini ham mutlaqo yangilash zarurligini ko‘rsatmoqda.

Prezident tomonidan ilgari surilgan sun’iy intellekt asosida ishlovchi yagona xalqaro raqamli platforma yaratish tashabbusi — bu faqat nazariy g‘oya emas, balki amaliyotga tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan aniq mexanizmdir. Bu orqali narkotrafik yo‘nalishlarini erta bosqichda aniqlash, jinoiy tarmoqlarni fosh etish va tezkor axborot almashinuvini ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Shu bilan birga, murojaatda narkotiklar muammosiga faqat huquqni muhofaza qilish nuqtayi nazaridan emas, balki keng qamrovli ijtimoiy masala sifatida qaralgani diqqatga sazovor. Ayniqsa, yoshlar orasida giyohvandlikning keng tarqalayotgani haqida keltirilgan raqamlar har birimizni jiddiy xulosa chiqarishga undaydi. Bu esa profilaktika, ta’lim va targ‘ibot ishlarini yangi bosqichga olib chiqishni taqozo etadi.

Mamlakat rahbari tomonidan yoshlarni himoya qilishga qaratilgan tashabbuslar, jumladan, “Anti-Narko” volontyorlik harakati, sun’iy intellektga asoslangan loyihalar va ta’lim muassasalarida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish — muammoning ildiziga ta’sir ko‘rsatishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘lib, qisqa vaqt ichida ular amaliy natijalari bilan faolligini ko‘rsata oldi. Bu esa kelgusida jamiyatda giyohvandlikka nisbatan murosasiz muhitni shakllantirishda muhim omil bo‘ladi.

Alohida urg‘u berilgan yana bir masala — narkobiznesning moliyaviy manbalariga qarshi kurashishdir. Darhaqiqat, bugun giyohvand moddalar savdosi katta moliyaviy resurslarga tayanayotgani sir emas. Shu nuqtayi nazardan, kriptoaktivlar va offshor hududlar orqali amalga oshirilayotgan noqonuniy moliyaviy operatsiyalarga qarshi xalqaro darajada yagona qoidalar joriy etish tashabbusi juda dolzarb hisoblanadi. Bu taklif amalga oshirilsa, narkobiznesning “iqtisodiy poydevori”ga jiddiy zarba berish mumkin.

Shuningdek, Markaziy Osiyo Narkologlar assotsiatsiyasini tashkil etish, sintetik narkotiklarga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy muloqot platformasini yaratish va xavf yuqori bo‘lgan hududlar uchun maxsus rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish kabi tashabbuslar ham kompleks yondashuvning yaqqol namunasidir.

Prezidentimizning ushbu murojaati parlament oldiga ham aniq vazifalar qo‘yadi. Xususan, qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va aholi o‘rtasida huquqiy ongni oshirish borasida faol ish olib borish talab etiladi.

Xalqaro forumda ilgari surilgan tashabbuslarning ro‘yobga chiqarilishi narkotiklar bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi kurashishda mutlaqo yangi bosqichga chiqishni ta’minlaydi. Eng muhimi, bu borada O‘zbekiston o‘zining qat’iy pozitsiyasi va amaliy tashabbuslari bilan xalqaro maydonda faol ishtirok etayotganini yana bir bor namoyon qildi.

 

Sherzod QULMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik
masalalari qo‘mitasi a’zosi