Deputat so‘rovidan so‘ng II asrga tegishli yodgorlikka eʼtibor qaratildi


566     23.04.2026

Fraksiya aʼzosi Sayyora Jumayeva Farg‘onaning Furqat tumanidagi o‘rganishlari chog‘ida milloddan avvalgi II asrga tegishli “Jaloyertepa” arxeologik yodgorligida ham bo‘lib, uning bugungi abgor holati bo‘yicha Madaniy meros agentligiga so‘rov chiqargan edi. Qulash holatiga kelib qolgan obyektning chegarasi hanuzgacha belgilanmagan, hatto tayinli tadqiqot ham olib borilmagan.

Soha mutaxassislari deputat so‘rovidan so‘ng tarixiy obidani joyiga chiqib o‘rganib, Sayyora Jumayeva eʼtirozlari o‘rinli ekanini tasdiqladilar. Ayni paytda obidaning chegaralarini belgilash va tadqiqot ishlarini boshlashga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Agentlikdan deputat nomiga kelgan javob xatida bu haqida maʼlum qilindi.