“Mening birinchi kutubxonam” loyihasi doirasida milliy qadriyatlarimiz haqidagi “Yangi avlod ertagi” premyerasi bo‘lib o‘tdi


706     24.04.2026

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida kitobning inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish, maʼnaviy dunyosini boyitish hamda dunyoqarashini shakllantirishdagi muhim ahamiyati eʼtirof etilgan holda, “Milliy tiklanish” kutubxonalarini tashkil etish yuzasidan bir qator ustuvor vazifalar belgilangan. Ana shu ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida partiya Markaziy kengashi tashabbusi bilan maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolaning murg‘ak yoshidan boshlab kitob o‘qishini rag‘batlantirishga qaratilgan “Bolangiz bilan kitob o‘qing” loyihasi hamda uning doirasida “Mening birinchi kutubxonam” aksiyasi amalga oshirib kelinmoqda.

Mazkur aksiya doirasida respublikamizdagi bir qator Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga kitob javonlari  hamda taniqli bolalar adiblarining 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan 63 nomdagi adabiyotlar to‘plami bog‘chalarga yetkazib berilmoqda. Aksiya doirasida bir qator nashriyotlar bilan hamkorlikda bog‘chalarda bolalar adabiyotlari ko‘rgazmalari tashkil etilib, bolalar yozuvchi va shoirlari bilan uchrashuvlar hamda ota-onalar, pedagoglar ishtirokida bolalar bilan kitob o‘qish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazilmoqda.

Eʼtiborga molik jihati shundaki, “Milliy tiklanish” kitob javonidan taniqli o‘zbek bolalar adiblari bilan bir qatorda yosh yozuvchilarning asarlari ham o‘rin olgan. Taniqli bolalar yozuvchisi Saida Rashidovaning “Do‘pka” hikoyasi ana shular jumlasidandir. O‘zbek milliy do‘ppilarining o‘ziga xos jihatlari, tarixi va ahamiyati targ‘ib etilgan mazkur asarda bolalarga milliy qadriyatlarimizni hurmat qilishlari, liboslarimiz, xususan, do‘ppilarimiz bilan faxrlanishlari lozimligi sodda va taʼsirchan tarzda yetkaziladi. Shuningdek, mazkur yangi avlod ertagi orqali bolajonlarga ezgulik, do‘stlik, vatanparvarlik, hamjihatlik, o‘zaro hurmat kabi fazilatlar bilan bir qatorda kitobga mehr tuyg‘usi ham singdiriladi.

Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 588-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining “Turon” bolalar teatri jamoasi tomonidan mazkur hikoya ilk bor sahnalashtirildi. “Mening birinchi kutubxonam” aksiyasi doirasida milliy qadriyatlarimiz haqida hikoya qiluvchi “Yangi avlod ertagi” premyerasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur spektakl yosh avlod qalbida milliy g‘urur, Vatanga muhabbat, ona tilimizga, anʼana va qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘ularini uyg‘otishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Ushbu loyiha orqali bolalar adabiyotining yangi namunalarini bog‘chalardan boshlab, har bir oilaga yetkazish hamda oilaviy mutolaa madaniyatini shakllantirish maqsad qilingan.

Tadbirda partiya rahbariyati, fraksiya aʼzolari, mahalliy Kengash deputatlari, mahalla vakillari, pedagoglar, yozuvchi va shoirlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Partiya tomonidan “Mening birinchi kutubxonam” aksiyasi doirasida Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga taqdim etilgan kitoblar asosida bolalar ishtirokida sahnalashtirilgan eng yaxshi spektakllar bo‘yicha “Yangi avlod ertagi” nomli tanlov eʼlon qilindi. Mazkur tanlov g‘oliblari Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida taqdirlanadi.

 

Muxlisa Ergasheva