709 24.04.2026
Insoniyatning ekologik xavfsiz makonda yashash masalasi bugun global muammoga aylandi. Birgina havoning meʼyordan ortiq isishi ortidan o‘rmon yong‘inlari, cho‘llanish, muzliklarning qisqarishi, chang-to‘zonlar ko‘payishi, havoning ifloslanishi, ayniqsa, suv resurslari taqchilligi bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘ldi. Eng xavotirlisi, so‘nggi yillarda oziq-ovqat taqchilligi masalasi ham kun tartibiga chiqdi va bu ham aynan iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq.
Mintaqamiz – Markaziy Osiyo ham ana shunday muammolardan holi emas. Jumladan, harorat boshqa hududlarga qaraganda ikki barobar tezroq ko‘tarilmoqda. Natijada muzliklarning qariyb uchdan bir qismi erib bo‘ldi. Unumdor yerlar yuqori surʼatda qisqarib boryapti. Yaʼni, yer maydonlarining 80 million gektari, yaʼni 20 foizdan ortig‘i allaqachon degradatsiyaga uchradi va bu qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi kamayishiga sabab bo‘lmoqda. Bir paytlar faqat kinolarda ko‘rganimiz – chang-to‘zonlar ko‘tarilishi endi mintaqamiz uchun ham yangilik bo‘lmay qoldi.
Yana bir ekologik falokat – Orol dengizining qurib borishi natijasida esa zaharli, yirik tuz maydonlari paydo bo‘ldi va bu butun Markaziy Osiyoga o‘z taʼsirini o‘tkazmasdan qolmayapti. Ekspertlarning baholashicha, 2040-yilga borib, Orol dengizi havzasida suv taqchilligi deyarli ikki barobarga oshishi mumkin. Bu ichimlik suvi taʼminoti, ekologiya, agrar sektor, energetika va ijtimoiy barqarorlik uchun qo‘shimcha xavf-xatarlarni yuzaga keltiradi.
Chegara bilmayotgan bunday ekologik muammolarni to‘xtatish uchun esa, albatta, bugun global darajadagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Bu yo‘nalishda imzolangan va imzolanayotgan xalqaro darajadagi hujjatlar, chaqiriq va daʼvatlar bilan esa muammolar hal bo‘lmayapti. Aniq taklif va tashabbuslar, amaliy saʼy-harakatlar talab etilyapti.
Qozog‘iston poytaxti – Ostona shahrida 22-aprel kuni bo‘lib o‘tgan Mintaqaviy ekologik sammit va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashi majlisi ana shu yo‘ldagi muhim uchrashuvlarning navbatdagisi bo‘ldi.
Oliy darajadagi tadbirlarda ishtirok etgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqib, Markaziy Osiyo davlatlarining ekologik diplomatiyasi tizimli va izchil tus olib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini taʼkidladi. Mintaqaviy ekologik xavf-xatarlarning oldini olish, Orol dengizi havzasida ekologiya, suv resurslarini boshqarish va ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash bilan bog‘liq bir qator aniq takliflarni ilgari surdi.
Mintaqa aholisi salomatligini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadigan “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo konsorsiumini taʼsis etish, O‘zbekistondagi Yashil universitet huzurida faoliyat yuritayotgan Cho‘llanishga qarshi kurashish, qurg‘oqchilikning oldini olish hamda qum va chang bo‘ronlari haqida barvaqt ogohlantirish markaziga mintaqaviy maqom berish, yashil savdo yo‘lagini shakllantirish takliflari shular jumlasidandir. Shuningdek, Davlatimiz rahbarining iqlim loyihalari bo‘yicha yagona investitsiya portfeli hamda mintaqaviy atlasni yaratish, “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”ni birgalikda ishlab chiqish, yoshlar ishtirokida Ekologiya bo‘yicha maslahat qo‘mitasi tuzish takliflari ham ishtirokchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Maʼlumki, kelgusi yildan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik O‘zbekistonga o‘tadi. Prezidentimiz jamg‘armani mintaqaviy integratsiyaning muhim drayverlaridan biriga aylantirish maqsadidan kelib chiqib, ustuvor yo‘nalishlar haqida maʼlumot berdi. Xususan, jamg‘arma faoliyatini rivojlantirish va modernizatsiya qilish, jamg‘arma kun tartibini Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari qarorlari bilan uyg‘unlashtirish, dastur va loyihalari samaradorligini oshirish, boshqa mintaqaviy tuzilmalar o‘rtasida faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi lozim.
Shu o‘rinda Prezidentimizning xalqlarimizning suvga hayot manbai sifatida ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish borasidagi ko‘p asrlik anʼanalarini qayta tiklash bilan bog‘liq taklifini alohida eʼtirof etish joiz. Chunki agar jamiyatning suvga bo‘lgan munosabati o‘zgarmasa, hech qanday muhandislik yechimlari kutilgan samarani bermaydi. Uzluksiz taʼlim tizimi orqali – maktabgacha taʼlim darajasidan to mutaxassislarni tayyorlashgacha – suvdan oqilona foydalanishni har bir kishining kundalik odatiga, umumiy madaniy kodimizga aylantirishga intilishimiz lozim. Shu munosabat bilan 2026-2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb eʼlon qilish va mintaqa mamlakatlarida Suv haftaliklarini muntazam o‘tkazib borishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish taklif qilindi.
“Ishonchim komil, ko‘p asrlik yaxshi qo‘shnichilik anʼanalariga tayangan va qatʼiy siyosiy irodamizni namoyon etgan holda, biz Markaziy Osiyoni ekologik farovonlik va barqaror rivojlanish makoniga aylantiramiz, – dedi Davlatimiz rahbari.
Abdulhakim ESHBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati