1045 29.04.2026
2017-yili Farg‘onada aholi jon boshiga to'g'ri keladigan yalpi hududiy mahsulot 7 million so'mni tashkil etgan bo'lsa, 2025-yilga kelib 26,6 million so'mga yetdi yoki 3,8 barobarga o'sdi. O'tgan yili viloyat iqtisodiyotiga 3 milliard dollarlik to'g'ridan to'g'ri xorijiy investitsiya jalb etildi, 1,3 milliard dollarlik eksport amalga oshirildi. E'tiborlisi, eksport geografiyasi 65 taga yetib, Xorvatiya, Ruminiya, Gretsiya, Tailand, Shvetsiya, Ummon, Meksika va Irlandiya kabi 11 ta yangi davlat bozorlari hisobiga kengaydi. Ayni paytda farg'onaliklar yutug'i xalqaro miqyosda ham e'tirof etilmoqda. Xususan, xalqaro «S&P Global» reyting agentligi viloyatning xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli kredit reytingini ikki marta yaxshilab, 2025-yil noyabr oyida «B+» darajadan «BB-»ga ko'tardi va barqaror o'sish prognozini berdi.
Albatta, bunday natijalarga Davlat rahbarining Farg‘ona viloyati xalqiga ko‘rsatayotgan yuksak e’tibori, tadbirkorlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar hamda har safar viloyatga amalga oshirayotgan tashriflari davomida belgilab berilayotgan topshiriqlarning ijrosini qat’iy nazorat qilayotganlari sabab bo‘lmoqda.
Prezidentning bu galgi tashriflari ham farg‘onaliklar, xususan, marg‘ilonliklarga juda katta quvonch olib keldi, deyish mumkin. Sababi, qadimiy Marg‘ilonning ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy-ma’naviy rivojlanishiga xizmat qiladigan ikkita yangi loyiha ishga tushirildi.
Qo‘qondan Marg‘ilonga kelgan ilk elektropoyezd - bu faqat temir yo'lning ochilishi emas, balki vodiy aholisini birlashtiruvchi «ishonch ko‘prigi» va mintaqa rivojida yangi sahifa ochgan strategik qadam bo‘ldi.
Darhaqiqat, Qo‘qon-Marg‘ilon-Andijon- Namangan yo‘nalishini birlashtiruvchi 324 kilometrlik yagona temir yo‘l halqasining to‘liq ishga tushirilishi Marg‘ilonni logistika xabiga aylantirib, turizm rivojiga katta turtki beradi. Ilgari dizel lokomotivlariga asoslangan eski vagonlardagi qatnovlar vaqt va texnik imkoniyatlar jihatidan cheklangan edi. Endilikda zamonaviy, xavfsiz, tezkor va ekologik toza elektropoyezdlarning yo‘lga qo‘yilishi fuqarolarga qulaylik yaratish va mablag‘larni iqtisod qilish bilan birga, tovarlarni tashish va xizmat ko‘rsatishdagi logistik xarajatlarni ham sezilarli darajada kamaytirishga imkon berdi. Ayniqsa, endi Farg‘onaga tashrif buyurgan sayyohlar vodiy bo‘ylab qulay va xavfsiz elektropoyezdlarda sayohat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Farg‘onadan saylangan deputat sifatida ushbu loyihani «ijtimoiy tenglik»ning yorqin ko‘rinishi deb atagan bo‘lardim. Chunki har bir fuqaro, u qayerda yashamasin, zamonaviy transport xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega. Marg‘ilon shahridagi «Burhoniddin Marg‘inoniy» ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasining ochilishi esa, aytish mumkinki, tashrifning eng yorqin nuqtasi bo‘ldi. 35 gektar hududda milliy me’morchilik an’analari asosida bunyod etilgan ushbu betakror maskan qadimgi Marg‘ilon ruhi va zamonaviy dunyo talablarini o‘zida mujassam etgan «shahar ichidagi shaharcha»ga aylandi. Majmuada Islom huquqshunosligi instituti, «Otabek va Kumush uyi», o‘lkashunoslik muzeyi, maqom teatri va hunarmandlar markazlarining faoliyati yo‘lga qo‘yilgani esa uning ilmiy va ma’rifiy ahamiyatini yanada ko‘taradi
Majmua Marg‘inoniy bobomizning boy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish, hududning qadimiy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylash hamda ziyorat turizmini rivojlantirishga xizmat qiladi. Prezidentimizning ochilish marosimidagi nutqida tarixiy manbalarga tayanib, Marg‘ilon shahrini «Ma’rifat ahlining vatani» degan yuksak sharafga sazovor bo‘lgani haqidagi fikrlari har bir marg‘ilonlik qalbini faxr va g‘ururga to‘ldirdi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ushbu majmua «Mehnatkash, oqko‘ngil va olijanob Farg‘ona ahliga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtirom ifodasi» sifatida qad rostladi. Davlatimiz rahbarining ushbu markazda har ikki yilda Xalqaro kitobxonlik festivalini o‘tkazish, unga dunyoning mashhur yozuvchi va shoirlarini taklif qilish haqidagi tashabbuslari Marg‘ilonni xuddi tarixdagidek mintaqada ilm, ziyo, tarbiya va ma’naviyat markaziga aylantiradi. Shuningdek, Marg‘ilonda INHA universiteti filiali ochilib, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va dasturiy muhandislik yo‘nalishlarida yiliga 1 ming nafar talabani o‘qitishning yo‘lga qo‘yilishi Marg‘ilonni zamon bilan hamnafas rivojlanayotgan, boy tarix va zamonaviy innovatsiyalar uyg‘unlashgan betakror maskanga aylantiradi.
Xulosa qilib aytganda, yo‘lga qo‘yilgan elektropoyezdlar vodiy viloyatlarini jismonan yaqinlashtirsa, bunyod etilgan ilmiy-ma’rifiy majmualar qalblarni birlashtiradi. Zero, bugun Farg‘onada qad rostlayotgan har qanday bino, inshoot yoki tadbirkorlikka xizmat qiluvchi markazlar Yangi O‘zbekistonning kuchli iqtisodiy va ma’naviy poydevoriga aylanyapti.
Nodir TILAVOLDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 29-aprel sonidan olindi