Haj, Umra ziyoratlari, to‘ylar, oilaviy tantanalar va boshqa marosimlarni tartibga solish lozim


157     25.09.2024

   Mamlakatimizda xalqimizning uzoq yillik qadriyat va anʼanalarini o‘zida aks ettirgan to‘ylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar o‘tkazish masalalariga katta eʼtibor qaratiladi.

   O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati kengashlarining 2019-yil “To‘ylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarorining qabul qilinishi aholi tomonidan ijobiy qabul qilingan edi.

   Bu hujjatni anʼanalarimizga mos kelmaydigan shuhratparastlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, isrofgarchilik kabi illatlarga chek qo‘yishga qaratilgan katta qadam ekanligini alohida taʼkidlash kerak.

   Mazkur qaror bilan tasdiqlangan Nizomda bunday tadbir va marosimlarni o‘tkazishga nisbatan umumiy, aniq talablar qo‘yilgani, belgilangan tartiblar ijtimoiy adolat va qonuniylik tamoyillariga mosligi uni hayotga tatbiq etishda bir qator ijobiy natijalarni berdi.

   To‘y va oilaviy tantanalarning ixcham, ortiqcha isrofgarchiliksiz o‘tkazilishi, ayniqsa, Covid-19 pandemiyasi davrida o‘z samarasini berdi – tibbiy talablarga rioya qilish xavfli yuqumli kasallikni tarqashini oldini olish bilan bir qatorda, iqtisodiy jihatdan ham murakkab bo‘lgan sharoitlarda aholining ortiqcha xarajat qilmasligiga xizmat qildi.

   Keyingi yillarda yurtimizda Haj va Umra ziyorati uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan ishlar samaradorligi oshirildi. Haj safariga boruvchi ziyoratchilarning soni 2019-yilda 7 200 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yili 15 000 tani tashkil etgan. Umra safari bilan bog‘liq barcha tashkiliy cheklovlar olib tashlangan va deyarli barcha hududlarda umra ziyoratini amalga oshirib kelganlar soni ko‘payib bormoqda.

   Lekin, ziyoratchilarni Haj va Umra safarlariga kuzatish hamda kutib olish bilan bog‘liq tadbirlar, oilaviy tantanalar keng jamoatchillikning haqli eʼtirozlariga sabab bo‘lmoqda. Ziyoratdan qaytganlarni soxta dabdaba bilan kutib olish, ularning yo‘liga gilam va poyandozlar tashlash, to‘ydagidek dasturxonlar tuzash holatlari uchramoqda. Baʼzi holatlarda bunday tadbirlarga 500 nafardan ortiq yaqin mehmonlar qatnashgani to‘g‘risida maʼlumotlar tarqalmoqda.

   Tadbir o‘tkazayotganlar orasida moddiy jihatdan nochor bo‘lgan fuqarolar ham ko‘p uchramoqda. Ayrimlar qarz yoki kredit olish hisobiga bu kabi tadbirlarni o‘tkazib kelmoqda. Bu holat esa oilalarning moddiy ahvoliga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.

   Bunday holatlarga chek qo‘yish, oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni barqarorlashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlarda tejamkorlik madaniyatini shakllantirish maqsadida to‘ylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni qonun yo‘li bilan qatʼiy tartibga solish taqozo etilmoqda.

   Mazkur sabablarni hisobga olgan holda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi o‘z Saylovoldi dasturida “To‘y va oilaviy, Haj va Umra ziyoratlari bilan bog‘liq tantana va boshqa marosimlarni tartibga solish” tashabbusini ilgari surmoqda. Bu xalqimizning ko‘nglidagi gaplarini huquqiy maydonga olib chiqishga qaratilgan bo‘lib, jamoatchilik yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlaydi, deb o‘ylaymiz.