Nazorat-tahlil tartibida hududiy muammolar o‘rganildi


654     01.05.2026

Fraksiya aʼzosi Vasila Fayziyeva, partiyaning O‘quv-tadqiqot va tahlil markazi direktori Nargiza Hamidova hamda mutasaddilar ishtirokida Mirobod tumanidagi “Temiryo‘lchilar” mahallasi va Toshkent transport texnikumida nazorat-tahlil tartibida o‘rganishlar olib bordi.

Tadbir davomida mahalla infratuzilmasiga oid muhim masala – yangi bino qurilishi zaruratiga alohida eʼtibor qaratildi. Hozirda mahalla o‘zining alohida binosiga ega bo‘lmagani bois, Toshkent transport texnikumida ajratilgan xonalarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Mahalla raisining aytishicha, yangi bino uchun ajratilgan yer maydoni uzoqligi ham fuqarolarga, ham ishlovchilarga noqulaylik tug‘diradi.

Qonunchilik palatasi deputati mazkur masalani tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rilishini bildirdi. Chunki mahallaning yangi binoga ega bo‘lishi nafaqat boshqaruv samaradorligini oshiradi, balki fuqarolarga xizmat ko‘rsatish sifatini ham yangi bosqichga olib chiqadi.

Maʼlumot o‘rnida: “Temiryo‘lchilar” mahallasida bugungi kunda 3200 nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 1100 nafari yoshlar, 1445 nafarini esa ayollarni tashkil etadi. Joriy yil holatiga ko‘ra, 97 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari ham doimiy eʼtiborda turibdi.

Hudud xavfsizligini taʼminlash va yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi. Xususan, tuman IIO FMB boshlig‘i Ulug‘bek Nasriddinov tomonidan Toshkent transport texnikumiga maxsus inspektor-psixolog biriktirish, ushbu amaliyotni boshqa taʼlim muassasalari, jumladan, xususiy taʼlim dargohlarida ham joriy etish, shuningdek, ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda shartnoma asosida qo‘riqlash xizmatlarni yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi.

Ushbu tashabbusning dolzarbligini eʼtirof etilib, har bir taʼlim muassasasida xavfsiz va sog‘lom psixologik muhitni yaratish yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim omil ekani qayd etildi. Bunday yondashuv yoshlarning maʼnaviy-ruhiy barqarorligini mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Tashrif doirasida texnikum yoshlari bilan ochiq muloqot ham tashkil etildi. Albatta, nazorat-tahlil tartibida o‘rganishlar, shubhasiz, mahalla infratuzilmasini yaxshilash, aholi uchun qulay sharoitlar yaratish hamda yoshlar xavfsizligi va tarbiyasini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Hamdam NIYOZOV,
Markaziy kengash bo‘lim boshlig‘i