O‘zbekiston va Chexiya: Ikki mintaqani bog‘lovchi strategik ko‘prik


665     01.05.2026

Chexiya (rasmiy nomi Chex Respublikasi) Yevropada geosiyosiy va geoiqtisodiy ahamiyati yuqori mamlakat bo‘lib, tarixan ko‘hna qit'aning savdo, madaniyat va siyosat markazlaridan biri bo‘lib kelgan. Chexiya Bosh vaziri Andrey Babishning O‘zbekistonga tashrifi rasmiy Praganing Markaziy Osiyo bilan aloqalarni mustahkamlashga intilishini ko‘rsatadi.

Sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika va transport sohalarida hamkorlik uchun katta salohiyat mavjud bo‘lsada, Chexiya shu paytgacha Markaziy Osiyo bozorlariga alohida qiziqish bildirmagan. Mamlakat boy madaniy meros va zamonaviy sanoat salohiyatini uyg‘unlashtira olgan. U Yevropaning nafaqat geografik, balki siyosiy va iqtisodiy markazlaridan biri sifatida barqaror taraqqiyot va xavfsizlikni ta’minlashda izchillikni namoyish etayotganini hisobga olsak, O‘zbekiston uchun muhim sherikka aylanishi mumkin.

2026-yilga kelib, Chexiya yuqori texnologiyalar va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish orqali o‘zining mintaqadagi mavqeini yanada mustahkamladi. Bu jihati bilan ham “yashil” iqtisodiyotga o‘tish yo‘lida odimlayotgan O‘zbekiston bilan mushtarak maqsadlarga ega.

Chexiya Bosh vaziri Andrey Babishning yurtimizga amalga oshirayotgan ikki kunlik tashrifi keyingi paytlarda susaygan munosabatlarga turtki berishdan iborat. Ikki yil oldin Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiyning Toshkent va Ostonaga tashrifi chog‘ida katta umidlar bilan bir qator iqtisodiy kelishuvlarga erishilgan bo‘lsa-da, ularning aksariyati rasmiy protokollar doirasida qolib ketdi. Bosh vazir Andrey Babish boshchiligidagi bugungi missiya diplomatik deklaratsiyalarni aniq iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan almashtirish orqali bu vaziyatni to‘g‘rilashni maqsad qilgan. Hukumat rahbariga energetika, transport, mashinasozlik va mudofaa sanoati sohalarida faoliyat yurituvchi 50 ga yaqin nufuzli kompaniyalar rahbarlari hamrohlik qilayotgani fikrimizning yaqqol tasdig‘idir. Delegatsiya tarkibidan “CSG” mudofaa guruhi, “Explosia” o‘q-dori ishlab chiqaruvchi korxonasi, “Skoda Group” muhandislik kompaniyasi, “Aero Vodochody Aerospace” va “Ceska Zbrojovka” kabi sanoat gigantlari o‘rin olgan. Chexiya sanoat va transport konfederatsiyasi (SPCR) ma’lumotlariga ko‘ra, safardan asosiy maqsad - chex eksportini oshirish va yangi investitsiyaviy imkoniyatlarni izlash. Chexiya kompaniyalari nafaqat energetika va mudofaa, balki transport infratuzilmasi va sog‘liqni saqlash sohalarida ham hamkorlikni chuqurlashtirish niyatida. Bugungi kunda mintaqada muvaffaqiyatli ishlayotgan chex tadbirkorlari soni ortib borayotgani, ushbu biznes-missiya esa iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

O‘z mintaqalarida, ya’ni Markaziy Osiyo va Markaziy Yevropada katta salohiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston va Chexiya bir-biri uchun muhim davlatlar. O‘zbekiston uchun kuchli sanoatlashgan Chexiya - Yevropa Ittifoqidagi eng ishonchli va yuqori texnologik sheriklardan biri. O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilishda “Skoda”, “Tatra” va “Zetor” kabi brendlari bilan dunyoga mashhur Chexiyaning mashinasozlik, dastgohsozlik va elektronika sohasidagi boy tajribasi va sifatli texnologiyalari o‘ta zarur. U O‘zbekiston temir yo‘l tizimini yangilash (masalan, zamonaviy elektropoyezdlar yetkazib berish), jamoat transporti va aviatsiya yo‘nalishida mamlakatimizga muhim sherik bo‘lishi mumkin.

Qolaversa, Chexiya O‘zbekiston uchun Yevropa bozorlariga chiqishda zarur logistik va siyosiy xab vazifasini o‘taydi. “GSP+” tizimi doirasida chex tadbirkorlari bilan qo‘shma korxonalar tuzish mahsulotlarimizni Yevropa standartlari asosida eksport qilish imkonini beradi. Dunyo reytingida yuqori o‘rinlarda turuvchi va ta’lim tizimi amaliyotga yo‘naltirilgan Chexiya universitetlari O‘zbekiston uchun texnik kadrlar tayyorlashda maqbul yo‘nalishlardan biridir.

O‘zbekiston ham Chexiya uchun ahamiyatli davlat. Rasmiy Praga nuqtayi nazaridan, O‘zbekiston - mintaqaviy yetakchi va yangi imkoniyatlar bozori. O‘zbekiston - mintaqaning qoq markazida joylashgan va barcha qo‘shnilar bilan chegaradosh yagona davlat. Chexiya kompaniyalari uchun O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish - bu nafaqat 38 millionlik bozorga, balki qo‘shni davlatlar va Afg‘oniston bozoriga ham chiqish demakdir. O‘zbekiston boy mineral resurslarga (oltin, mis, uran, gaz) ega. Chexiya sanoati uchun bu xomashyo bazasini diversifikatsiya qilish va barqaror ta’minot yo‘lini yaratish imkoniyatidir.

O‘zbekistondagi liberallashtirish islohotlari chex investorlari uchun qulay muhit yaratadi. Energetika, suv xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish bo‘yicha chex kompaniyalarida katta loyihalar mavjud. Ikki mamlakat uchun ham eng yuqori samara beradigan yo‘nalishlar bu, avvalo, transport va mashinasozlik: temir yo‘l va shahar transporti (tramvay, avtobus) parkini yangilash, Chexiya texnologiyalari asosida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi texnikalarini yig‘ishni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidan. Issiqlik va gidroelektr stansiyalarini modernizatsiyalashda, yadroviy energetika sohasida Chexiya katta tajribaga ega bo‘lib, bu O‘zbekistonning kelajakdagi energetik rejalari uchun ahamiyatli. Suvni tejovchi texnologiyalar, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va chorvachilikda zotdor mollarni ko‘paytirishda ham bu mamlakat katta salohiyatga ega. Chexiya mudofaa sanoati (aviatsiya, radar tizimlari) Markaziy Osiyo xavfsizligini ta’minlashda O‘zbekiston uchun qiziqarli va samarali hisoblanadi. Chexiyaning Karlovi Vari kabi sanator-kurort tizimi yurtdoshlarimizga yaxshi tanish. Uni O‘zbekistonda qo‘llash va ikki tomonlama sayyohlar oqimini ko‘paytirishda hamkorlik istiqbollari mavjud.

Qisqacha aytganda, O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi hamkorlik - bu ikki hududning iqtisodiy jihatdan bir-birini to‘ldirishidir. Chexiyaga yangi bozor va xomashyo kerak bo‘lsa, O‘zbekistonga zamonaviy texnologiya va sifatli investitsiya zarur. 2026-yilga kelib, ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanishining keskin o‘sishi va qo‘shma loyihalarning ko‘payishi munosabatlar Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlik namunasi bo‘lishidan dalolat beradi.

Bugungi kunda O‘zbekiston eksportining asosini xizmatlar, sanoat mollari, tayyor mahsulotlar, oziq-ovqat va kimyo mahsulotlari tashkil etadi. O‘z navbatida, Chexiyadan import, asosan, mashina va transport uskunalari, kimyo sanoati mahsulotlari va sanoat mollaridan iborat. Iqtisodiy hamkorlikning amaliy o‘lchovi qo‘shma korxonalar faoliyatida o‘z aksini topadi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokidagi kompaniyalar, jumladan, 100 foiz xorijiy korxonalar sonining barqaror o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda. Bu chexiyalik investorlarning O‘zbekiston bozoriga qiziqishi ortib borayotgani va biznes yuritish uchun qulay sharoit yaratilganidan dalolat beradi.

2025-yil 23-sentabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida Chexiya Prezidenti Pyotr Pavel bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu turli sohalardagi qo‘shma loyihalarga yangi sur’at bag‘ishlash imkonini berdi. O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi o‘zanga tushmoqda. Ikki davlat rahbarlari va hukumat darajasidagi muloqotlarning faollashgani bu hamkorlik shunchaki diplomatik aloqa emas, balki chuqur iqtisodiy va strategik asosga ega ekanini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston va Chexiya ko‘p tomonlama platformalarda hamkorlikni muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Mamlakatlarimiz tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi aloqalar xalqaro tadbirlar doirasida muntazam ravishda amalga oshirilmoqda. Xususan, 2023-yilda O‘zbekiston va Chexiya tashqi ishlar vazirlarining Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston - Yevropa Ittifoqi” hamkorlik kengashi yig‘ilishi hamda Skopye shahrida bo‘lib o‘tgan YEXHT tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi doirasida ikki tomonlama uchrashuvlari tashkil etildi.

O‘zbekiston - Chexiya munosabatlarini rivojlantirishda parlamentlar-aro va idoralararo hamkorlik ham muhim o‘rin tutadi. Qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanib, yanada tizimli tus olmoqda. 2017-yil fevral oyida Chexiya parlamenti Deputatlar palatasi raisi Yan Gamachekning O‘zbekistonga tashrifi parlamentlararo aloqalar rivojiga qo‘shimcha sur’at bag‘ishladi. 2025-yilda hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlarning tashkil etilishi sheriklikni rivojlantirishning sifat jihatdan yangi bosqichi bo‘ldi.

Ta’lim va ilm-fan sohasi o‘zaro hamkorlikning eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biridir. Ikki mamlakatning yetakchi universitetlari o‘rtasida barqaror aloqalar o‘rnatilgan, qo‘shma ta’lim dasturlari va tadqiqot loyihalari amalga oshirilayotir. 1997-yildan buyon Chexiya hukumati har yili O‘zbekiston fuqarolariga oliy o‘quv yurtlarida o‘qish uchun stipendiyalar ajratayotgani e’tiborga molik. Shu bilan birga, akademik mobillikning barqaror ijobiy dinamikasi kuzatilayotir. Masalan, 2020-yilda Chexiyada 350 nafarga yaqin o‘zbekistonlik talabalar tahsil olgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 650 - 700 nafarga yetdi. Ta’limning asosiy yo‘nalishlari texnik, iqtisodiy, agrar va AKT mutaxassisliklari ekanligi mazkur ustuvor yo‘nalishlarda kelajakda malakali kadrlar taqchilligining oldini olishga xizmat qiladi.

O'zbekiston va Chexiya o'rtasidagi aloqalar har ikki tomon uchun ham muhim ahamiyatga ega. Ikki mamlakatning iqtisodiy, madaniy va siyosiy hamkorligi ularning global miqyosdagi o'rnini mustahkamlaydi. Chexiya mamlakatimiz uchun investor sifatida muhim hisoblansa, O'zbekiston Chexiya uchun mintaqaga kirish darvozasi va strategik bozor sifatida ahamiyat kasb etadi. Ushbu aloqalarni rivojlantirish har ikki tomonning kelajagi uchun foydali bo'lishi muqarrar.

 

To‘lqin TESHABOYEV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 30-aprel sonidan olindi