MAMLAKATIMIZDA TAʼLIM KODEKSI ISHLAB CHIQILISHINI TAKLIF ETAMIZ


145     26.09.2024

   Inson kamolotga, maʼnaviy-axloqiy yuksalishga faqat tarbiya va taʼlim orqali erishadi. Jamiyatning maʼnaviy va madaniy ravnaqi ham shu asosda taʼminlanadi. Shu bois, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi taʼlim sohasiga eng katta sarmoyani yo‘naltirishi zarur, deb hisoblaydi.

   Partiyamizning 2025-2029-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” g‘oyasining ilgari surilgani, barkamol avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarishni asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida belgilagani ham bejiz emas. Chunki taraqqiyot va kelajakni taʼlimsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

   Insonning maʼnaviy va axloqiy jihatdan yetukligi jamiyatni o‘zgartirish yo‘lidagi birinchi qadamdir. Jamiyatni esa, shubhasiz, bilimli va axloqiy barkamol insonlar – o‘qituvchilar, ustoz va murabbiylar o‘zgartirishlari mumkin. Jadidlar harakatining ulug‘ namoyandasi Mahmudxo‘ja Behbudiy taʼkidlaganidek: “Dunyo imoratlari orasida eng ulug‘i maktab, kasblar orasida esa eng sharaflisi o‘qituvchilikdir”. Shu bois, o‘qituvchi va ustozlarning jamiyatdagi nufuzini qo‘llab-quvvatlash va qadrlash har bir taraqqiyparvar jamiyatning ustuvor maqsadlaridan bo‘lmog‘i lozim.

   Pedagoglar maqomini mustahkamlash, qadr-qimmatini himoya qilish, ularga nisbatan g‘amxo‘rlik ko‘rsatish jamiyat taraqqiyoti uchun juda muhimdir. Shu bois, partiyamiz Taʼlim kodeksini ishlab chiqishga ham dolzarb masala sifatida qaramoqda. Ushbu kodeks taʼlim tizimidagi xodimlarning huquqiy kafolatlari, majburiyat va imtiyozlarini aniq belgilab beradi. Uning qabul qilinishi taʼlim tizimini yanada rivojlantirish, jamiyatning barcha jabhalarida ijobiy o‘zgarishlarga turtki beradi.

   Partiyamiz jamiyat ravnaqiga xizmat qiladigan sifatli taʼlim tizimi va tarbiyani ustuvor vazifa qilib belgilagani holda barkamol avlodni shakllantirish g‘oyasini ilgari surishda davom etadi. Bu yo‘nalishda Taʼlim kodeksini qabul qilishni o‘ta muhim vazifa, deb biladi. Chunki ushbu kodeks jamiyat ravnaqi va farzandlarimizning taʼlim-tarbiyasi uchun zarur huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Kodeks o‘z nomi bilan huquqiy kafolatlar, burch va majburiyatlarni aniq belgilab beradi.

   Shuningdek, pedagoglar uchun imtiyoz va g‘amxo‘rliklar hamda ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ham o‘z ichiga oladi. Binobarin, Taʼlim kodeksi nainki taʼlim tizimi, balki jamiyatning barcha sohalari taraqqiyotiga ham o‘zining ijobiy taʼsirini ko‘rsatadi.