132 26.09.2024
Nukus shahri markaziy xiyobonida “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiori ostida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirida qoraqalpog‘istonliklar “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining yangi Saylovoldi dasturi bilan tanishtirildi.
Partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi vakillari targ‘ibot materiallarini tarqatarkan, dasturda bugun Yangi O‘zbekistonda hayot-mamot masalasiga aylangan tarbiya va taʼlim ishlari bilan birga oilani mustahkamlash, ayollar, ayniqsa, yoshlar masalalariga ham ustuvorlik berilganini alohida taʼkidladilar.
Bu kabi targ‘ibot tadbirlari respublikaning barcha hududlarida – eng chekka ovullarda ham tashkil etilayotgan bo‘lib, qoraqalpog‘istonliklar bo‘lajak saylovlarda faol ishtirok etib, “Milliy tiklanish” va uning nomzodlariga ovoz berishga chaqirilmoqda.
Maʼlumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, bu yilgi saylovlarda partiya tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga 65, Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga esa 375 nafar nomzodlar ko‘rsatilgan bo‘lib, ularning 42 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.