Xalqimiz kutayotgan muhim qonun loyihasi


704     05.05.2026

Bugun dunyo taraqqiyotini jahon axborot tarmog‘i – internetsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Global tarmoq bugun tom maʼnoda jamiyat va davlat taraqqiyotining eng muhim drayveri, iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy o‘zgarishlar, integratsiyani taʼminlovchi strategik kuchga aylandi. Ayniqsa, uning axborot tarqatish va maʼlumotlar izlash imkoniyati tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajaga kengayib bormoqda. Buning isbotini dunyo bo‘ylab internet foydalanuvchilari soni 6 milliarddan oshgani va bu jami  aholining taxminan to‘rtdan uch qismini qamrab olganidan ham ko‘rish mumkin.

Afsuski, “onlayn” tarmoq rivojlangani sari u bilan bog‘liq xavf-xatarlar ham kuchayib boryapti. Yaʼni, internet va ijtimoiy tarmoqlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanayotganlar kun sayin ko‘paymoqda. Hatto tarmoqni qing‘ir yo‘l bilan daromad manbaiga aylantirgan uyushgan jinoiy guruhlar ham paydo bo‘ldi. Maʼlumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har soniyada 14 kishi yoki kuniga bir million shaxs kiberjinoyat qurboniga aylanmoqda. Ko‘rilayotgan zarar miqdori esa katta mamlakatlarning yalpi ichki mahsulotiga teng keladigan trillionlab dollarni tashkil etyapti.

Dunyoga tobora kengroq ochilayotgan O‘zbekiston ham bunday muammolardan holi emas. Yurtimizda internetdan foydalanuvchilar soni 31 milliondan oshgani, ularning 14 millioni ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanayotgani yaxshi, albatta. Lekin shu bilan birga internet bilan bog‘liq xavflar soni ham keskin oshib boryapti. Jumladan, oxirgi besh yilda xalqaro tarmoq bilan bog‘liq jinoyatlar 68 baravarga ko‘paygan. Kiberjinoyatlar bo‘yicha murojaatlar soni esa 48 baravarga oshgan. Umuman, internet olamidagi qing‘irliklar soni jami jinoyatlarning 50 foizini tashkil etmoqda.

Ayniqsa, bugun kibermakonda fuqarolar mol-mulki va shaxsiy maʼlumotlariga nisbatan tajovuz borgan sari kuchaymoqda. Birgina o‘tgan yili jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar miqdori 2 trillion so‘mdan oshdi. Bu milliy qonunchilikka internet bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jazo choralarini og‘irlashtirish, kiberjinoyatlarning yangi shakllari uchun javobgarlik belgilash bo‘yicha yangi normalarni kiritish vaqti kelganini ko‘rsatyapti. Chunki 2019 yilda internet orqali 18 turdagi jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, bugun ular soni 60 tadan oshdi.

O‘rganishlardan maʼlum bo‘ldiki, mamlakatimizda bu borada yagona ishlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan. Vazirlik va idoralar, korxona va tashkilotlar global tarmoq bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi o‘zlari bilganicha kurash olib boryapti va xavfsizlik choralarini yetarli darajada taʼminlay olmayapti. Sababi qonunchilikda ular zimmasiga masʼuliyat va majburiyat yuklanmagan. Ana shular eʼtiborga olinib, bevosita Prezidentimiz tashabbuslari bilan kiberxavfsizlikni taʼminlash va raqamli muhitda sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, maʼqullandi.

Ushbu qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga bank kartalari, elektron va kripto-hamyonlar hamda ularni boshqarish imkonini beruvchi maʼlumotlarni qonunga xilof ravishda boshqa shaxslarga berganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, SIM-kartalar, shaxsiy akkauntlar va identifikatsiya vositalarini boshqa shaxslarga noqonuniy berish yoki ulardan foydalanish holatlari uchun ham javobgarlik choralari kuchaytirilyapti. Shu bilan birga muhim axborot infratuzilmasi obyektlarida kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanyapti. Bank va to‘lov tashkilotlarida axborot xavfsizligi talablariga rioya etilmagani sababli yuzaga kelgan zararni banklar va to‘lov tashkilotlari tomonidan qoplash mexanizmi joriy etilyapti.

Axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytirilib, tergov organlariga bank maʼlumotlarini taqdim etishning aniq muddatlarini belgilash hamda ushbu talablarni buzganlik uchun javobgarlik choralarini qatʼiylashtirish taklif etilmoqda.

Chunki so‘nggi yillarda pullar asosan o‘zga shaxslarning nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalari yoki elektron hamyonlardan o‘g‘irlanyapti. Yaʼni, bank kartalari bilan bog‘liq talon-torojliklarning 95 foizidan ortig‘i aynan jinoyatchiga tegishli bo‘lmagan kartalar orqali sodir etilmoqda. Noqonuniy o‘zlashtirilgan pullar esa kripto-aktivlarga aylantirilib, boshqalarning nomiga ochilgan elektron hamyonlar orqali xorijga chiqarib yuborilyapti. Bu jinoyatlar fosh bo‘lishini yana-da qiyinlashtirib, aybdorlar jazodan qutilib qolishiga yordam beryapti. Buning natijasida ortiqcha ovoragarchilik, davlat resurslarining samarasiz sarflanishi, yetkazilgan zarar undirilmay qolishi, eng xavotirlisi, aybdorlar aniqlanmasdan, muqarrar javobgarlik tamoyili amalda taʼminlanmasdan qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu bilan birga boshqa shaxslarning SIM-karta va shaxsiy akkauntidan foydalanib, jinoyat sodir etish holatlari ham ortib boryapti. Internetda abonent raqami, shaxsiy maʼlumotlarni savdosi bilan shug‘ullanuvchi 10 dan ortiq kanal va guruhlar aniqlangan. “One-ID”, “MY-ID” kabi tizimlar orqali davlat xizmatlaridan foydalanish tobora kengayib borayotgani eʼtiborga olinsa, shaxsiy akkauntlarni himoya qilish va ulardan foydalanishni qonun bilan tartibga solish bugun muhim masalaga aylandi. Aks holda boshqa shaxs orqali kredit rasmiylashtirish yoki mulkka oid operatsiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq xavflar yana-da ortadi.

Mazkur loyihaning qabul qilinishi axborot texnologiyalardan foydalanib, sodir etilgan jinoyatlarni barvaqt oldini olish va ularni fosh etish mexanizmini takomillashtirishga, shaxs, jamiyat va davlatning kibermakondagi huquqlari va manfaatlari himoyasini mustahkamlashga, eng muhimi, fuqarolarning bank kartasidagi mablag‘larini turli kiberhujumlardan himoyalash tizimini kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu shubhasiz xalqimiz kutayotgan eng muhim qonuniy o‘zgarishlar edi.

 

Zuhra MIRG‘OZIYEVA,
Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari
masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosar