Yangi O‘zbekiston global masalalar muhokama markaziga aylandi


607     06.05.2026

Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekiston azaldan Sharq va G‘arbni, Shimol va Janubni bog‘lovchi markaz bo‘lib kelgan. Dunyo tamadduni, ilm-fan va savdo yo‘llari ham aynan yurtimizda tutashgan. Buyuk tarix va yorqin kelajakni o‘zida mujassam etgan Yangi O‘zbekiston esa endilikda xalqaro miqyosdagi dolzarb masalalar muhokama etiladigan yirik hududga aylanib bormoqda. Shu kunlarda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining 59 yillik yig‘ilishi ham bunga misol bo‘lishi mumkin.

«Taraqqiyot chorrahalari: mintaqaning o‘zaro bog‘liq kelajagini ilgari surish» mavzusidagi anjumanda 100 dan ziyod xorijiy davlatning 4 ming nafardan ortiq bank va moliya muassasalari rahbarlari, ekspertlar ishtirok etmoqda. Asosiy e’tibor, «yashil» transformatsiya, energetik o‘tish, raqamlashtirish, investitsiya- larni jalb etish, oziq-ovqat xavfsizligi va sanoatda yetkazib berish zanjirlarining barqarorligi masalalariga qaratilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu yig‘ilish ishtirokchilarini samimiy qutlab, so‘nggi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyoti mutlaqo yangi rivojlanish davrini boshdan kechirayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Tarixan qisqa vaqt ichida mehnatkash va bunyodkor xalqimiz murakkab taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgani, barcha reytinglarda O‘zbekiston barqaror o‘sish suratlarini qayd etayotgani ham mamnuniyat bilan qayd etildi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarda Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining ham o‘rni katta ekani bejiz ta’kidlanmadi. Shuningdek, Prezidentimiz OTB mamlakatimizdagi qayta tiklanuvchi energetika, qishloqlarda uy-joy qurilishi va Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlik yo‘nalishlarida doimo yelkadosh bo‘lib kelayotgani uchun ham bank prezidenti Masato Kanda hamda bank boshqaruvchilariga samimiy minnatdorlik bildirdilar.

Yig‘ilishda OTB prezidenti Masato Kanda so‘zga chiqib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bugungi olib borayotgan siyosatini har jihatdan qo‘llab quvvatladi. Davlatimiz rahbari kuchli siyosiy irodasi va amalga oshirayotgan tizimli islohotlari bilan xalqimizni yorqin kelajak sari yetaklayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, notiq bundan keyin ham O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlikda ko‘plab istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi. Butun dunyoda global inqirozlar kuzatilayotgan bir paytda birgalikda harakat qilish, istiqbolli loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash muhimligiga ham e’tibor qaratdi.

Masato Kandaning azaldan muloqotlar markazi bo‘lib kelgan Samarqand haqida bildirgan iliq fikrlarini alohida e’tirof etish lozim. Buyuk Ipak yo‘lining markazi bo‘lgan ushbu tarixiy chorrahada savdo, madaniyat rivojlangani, olamshumul g‘oyalar dunyoga taralgani, ushbu yig‘ilish so‘ngida qabul qilinadigan qarorlar ham nafaqat O‘zbekiston, balki butun bir mintaqa xalqlari manfaati va farovonligi uchun xizmat qilishini ta’kidladi.

 

Akbar AXTAMOV,
Samarqand viloyat Kengashi raisi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 6-may sonidan olindi