506 08.05.2026
Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonning eng yirik hamkorlaridan biri hisoblanadi. OTB va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik qariyb 35 yillik tarixga ega. Bu davrda infratuzilmani rivojlantirishga, xususan, yo‘l qurilishi, energetika, elektr tarmoqlari, suv xojaligi va boshqa muhim yonalishlarga katta e’tibor qaratildi.
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi OTBning barcha ishtirokchilari va hamkorlari uchun O‘zbekistondagi bugungi vaziyatni yaxshiroq anglashga xizmat qiladigan muhim maydon bo‘ldi. Bu hamkorlikning yangi yondashuvlarini ishlab chiqish va kelgusi loyihalarni birgalikda rejalashtirish uchun zamin yaratadi. Natijada OTB hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik kelajakda qanday rivojlanishi kerakligi haqida yanada aniqroq tasavvur shakllanadi.
Raqamlarga e’tibor bering: keyingi besh yil ushbu nufuzli moliyaviy tuzilma mamlakatimizga samarali loyihalarni moliyalashtirish uchun 5,4 milliard dollar ajratgan. Hukumat va boshqa hamkorlar bilan birga bank “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, xususiy sektorni rivojlantirish va inson kapitaliga yo‘naltirilayotgan sarmoyani rag‘batlantirishga ko‘maklashmoqda.
Prezidentimiz ushbu nufuzli yig‘ilishda ishtirok etib, o‘z nutqida o‘ta muhim va dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi. Mintaqaviy bog‘liqlikni yangi bosqichga olib chiquvchi, sun’iy intellektdan tortib “yashil” energetikagacha bo‘lgan keng qamrovli tashabbuslar mintaqaning global iqtisodiyotdagi rolini tubdan o‘zgartirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Ilgari surilgan inqilobiy takliflar
O‘zbekiston bankning “Osiyo uchun raqamli magistral” tashabbusiga qo‘shilish barobarida, Toshkentda uning mintaqaviy muvofiqlashtirish markazini ochishni taklif etdi. Bu qadam O‘zbekistonning mintaqaviy texnologik liderlikka intilishini va raqamli iqtisodiyotga o‘tish strategik ustuvorlik ekanini anglatadi.
O‘zbekiston energetika sohasida ulkan maqsadlarni belgiladi. 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda. Biroq eng muhim geosiyosiy loyiha, bu Markaziy Osiyo - Yevropa yashil energetika koridoridir. Ushbu “energetik arteriya” mintaqada ishlab chiqarilgan toza energiyani global bozorlarga eksport qilish imkonini beradi va Markaziy Osiyoni Yevropaning energiya xavfsizligi tizimiga integratsiya qiladi.
Xalqaro logistikadagi murakkabliklar sharoitida Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi hayotiy zaruratga aylandi. Ushbu loyiha yuklarni yetkazib berish muddatini 10 kungacha qisqartiradi. Bundan tashqari, “Raqamli bojxona va logistika alyansi”ning tashkil etilishi chegaralardagi byurokratiyani kamaytirib, savdo aylanmasini bir necha barobar oshiradi.
Yana bir jihat. O‘zbekiston faqat foydali qazilmalarni sotish bilan cheklanmoqchi emas. Prezidentimiz OTBning “Kritik mineraldan - ishlab chiqarishga” dasturiga qo‘shilish muhimligini qayd etdi. Maqsad minerallarni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar chiqarishdan iborat. Bu iqtisodiyotni xomashyo qaramligidan qutqarish hamda yuqori texnologik sanoatni rivojlantirish degani.
Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda “Markaziy Osiyo yashil belbog‘i” loyihasi mintaqaviy ekotizimni himoya qilishga qaratilgan bo‘lsa, “Markaziy Osiyo turizm halqasi” tashabbusi mintaqani yagona sayyohlik brendi ostida birlashtiradi. Ziyorat, madaniy va gastronomik obyektlarni o‘z ichiga olgan bu halqa mintaqaning iqtisodiy jozibadorligini oshirishda muhim drayver bo‘ladi. Ushbu ulkan loyihalarni hayotga tatbiq qilish uchun davlatimiz rahbari Innovatsion moliyalashtirish platformasini shakllantirishni taklif etdi. Bu tizim xususiy kapitalni safarbar qilish va mintaqaviy loyihalarni moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini yaratish imkonini beradi.
Samarqandda bildirilgan takliflar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoni yagona iqtisodiy, raqamli hamda energetik makon sifatida ko‘rmoqda. Tashabbuslar OTB bilan hamkorlikda amalga oshirilsa, mintaqa nafaqat o‘z muammolarini hal qiladi, balki global barqarorlik va taraqqiyotning ajralmas bo‘lagiga aylanadi.
Eng maqbul xalqaro platforma
Ta’kidlash joizki, nufuzli sammit faqat O‘zbekiston uchun emas, aksincha, butun Osiyo mintaqasi uchun strategik ahamiyatga ega voqelik sifatida tarixga kirdi. Yig‘ilishning bosh mavzusi - “Taraqqiyot chorrahalari: mintaqaning o‘zaro bog‘liq kelajagini ilgari surish” deb nomlandi. Bu bejiz emas. Global geosiyosiy hamda iqtisodiy o‘zgarishlar davrida logistika zanjirlarini tiklash va davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy bog‘liqlikni kuchaytirish eng ustuvor vazifaga aylandi. Samarqand forumi ushbu muammolarni muhokama etish uchun eng maqbul xalqaro platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Besh kunlik sammit o‘z ko‘lami va ishtirokchilar tarkibi bilan ajralib turadi. 100 dan ortiq mamlakatlar delegatsiyalari, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ), Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kabi yetakchi moliyaviy institutlar rahbarlari, 4 mingdan ziyod delegatlar, jumladan, transmilliy korporatsiyalar top-menejerlari va nufuzli ekspertlar fikrimizni tasdiqlaydi. Bunday yuksak darajadagi ishtirok O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘si va islohotlar yo‘lidagi izchilligiga berilgan yuksak bahodir.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 1995-yildan buyon OTB a’zosi sifatida bank bilan juda samarali hamkorlik qilib kelayotir. Bugungi kunda loyihalar portfelining umumiy hajmi qariyb 16 milliard dollarni tashkil etishi bu sheriklikning naqadar salmoqli ekanidan dalolat beradi. Shuningdek, “yashil” energetika, transport, raqamli transformatsiya, ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod loyihalar ishlab chiqilmoqda. Suveren bo‘lmagan moliyalashtirish mexanizmlari faol joriy etilmoqda. Samarqand sammiti esa Osiyo qit’asining kelajakdagi iqtisodiy xaritasini belgilab berishda muhim qadam bo‘ladi.
Sir emas, dunyodagi tahlikali vaziyat hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Hozirgi kunda jahondagi murakkab geosiyosiy vaziyat, global iqtisodiyotdagi beqarorlik, oziq-ovqat va energiya resurslari tanqisligi, kambag‘allik, ekologiya muammolari tobora o‘tkir tus olib bormoqda.
Masalan, o‘rtacha global harorat 2040-yilga qadar 1,5 darajaga ortishi prognoz qilingan edi. Lekin hozirgi vaziyatda bu holat 2030-yildayoq yuz berishi mumkinligi jiddiy xavotirga solyapti. Dunyo aholisining to‘rtdan bir qismi toza ichimlik suvi muammosiga duch kelayotir. Iqlim o‘zgarishi sur’atlari tezlashishi oqibatida oziq- ovqat tanqisligi global xavfga aylandi. Natijada dunyoda 800 millionga yaqin aholi o‘ta og‘ir kambag‘allik sharoitida yashayapti. Turli mintaqalarda avj olayotgan ziddiyatlar bois an’anaviy logistika yo‘nalishlari mutlaqo o‘zgarmoqda. Mahsulot yetkazish zanjiridagi uzilishlar xomashyo va iste’mol tovarlarining qimmatlashishiga sabab bo‘layotir.
Bularning barchasi mavjud infratuzilmaga yuklamani keskin oshiradi va global iqtisodiy taraqqiyotga katta to‘siq bo‘ladi. Bular barcha mamlakatlarning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishini qiyinlashtirmoqda. Bunday sharoitda global xavf-xatarlar oqibatlarini yumshatish, barqaror o‘sish, aholi turmush sharoitini yaxshilashda xalqaro moliya tashkilotlarining roli yanada oshib bormoqda. Bu borada Osiyo taraqqiyot banki ulkan loyihalar portfeli bilan nafaqat mintaqa, balki jahon miqyosidagi eng nufuzli moliya tashkilotlaridan biriga aylanganini alohida e’tirof etish lozim.
Global muammolarga zamonaviy yondashuvlar
OTB boshqaruvchilari oldida yangi loyiha hamda dasturlarni muhokama qilish kabi mas’uliyatli vazifalar turibdi. Anjumanda qabul qilinadigan qarorlar bankka a’zo mamlakatlarda yashaydigan 6 milliarddan ziyod aholining kundalik hayotiga bevosita ta’sir qiladi.
Yillik yig‘ilishning o‘tkazilishi OTBning barcha ishtirokchilari va hamkorlari uchun O‘zbekistondagi bugungi vaziyatni yaxshiroq anglashga xizmat qiladigan muhim maydondir. Bu hamkorlikning yangi yondashuvlarini ishlab chiqish hamda kelgusi loyihalarni birgalikda rejalashtirish uchun zamin yaratadi. Natijada OTB va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik kelajakda qanday rivojlanishi kerakligi haqida yanada aniqroq tasavvur shakllanadi.
Muhiddin PO‘LATOV,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 6-may sonidan olindi