Tadbirkorlar huquqiy himoyasi takomillashtirilmoqda


466     08.05.2026

Ijtimoiy yo‘naltirilgan zamonaviy bozor iqtisodiyotida xususiy tadbirkorlik nihoyatda muhim o‘rin egallaydi. Bugungi kunda uning salmog‘i mamlakatimizdagi jami korxonalarning taxminan 92 foizini tashkil etadi, bandlikning qariyb 75 foizini taʼminlaydi, yalpi ichki mahsulotning yarmidan ko‘pini shakllantiradi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi soddalash-tirildi, bir necha turdagi soliqlarni to‘lash o‘rniga kichik biznesni yagona soliq to‘lovi shaklidagi soddalashtirilgan soliqqa tortish tizimi joriy etildi, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishni taʼminlash borasidagi huquqiy normalar mustahkamlandi. Shu bilan birga, ularning ho‘jalik faoliyatiga nazorat qiluvchi idoralarning aralashuvini keskin qisqartirish choralari ko‘rildi.

Prezidentimizning sohaga oid qator farmon va qarorlari mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi izchil takomillashib borayotganining yorqin namunasidir.

Jumladan, Prezidentimizning 2026-yil 17-apreldagi farmoniga ko‘ra shu yil 1-iyuldan boshlab tekshiruvlar va nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlar natijasi bo‘yicha davlat xizmatchisi xatti-harakatlariga baho berish, tekshirish huquqi bo‘lmagan yoki tekshiruvga chiqishi belgilanmagan nazoratchi haqida real vaqt rejimida tadbirkorni xabardor qilish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnomalarning elektron shaklini yuritish joriy etiladi. Shuningdek, tekshirish o‘tkazish tartibiga rioya qilmaslik holatlarini avtomatik tarzda aniqlash tizimi ham ishga tushiriladi.

2026-yil 1-avgustdan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar va profilaktika tadbirlari ro‘yxatini shakllantirishni, nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlarni hisobga olishni taʼminlovchi “Biznes himoya” QR-kodi ishga tushiriladi.

Nazorat qiluvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mansabdor shaxslari va xodimlari nomidan yoki o‘zining xizmat mavqeidan foydalangan holda tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritadigan binoga nazorat yoki profilaktika tadbirini o‘tkazish maqsadisiz tashrif buyurishi yoxud tadbirkorlik subyektini boshqa joyga chaqirishi nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqot sifatida baholanadi.

“Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga kiritiladigan maʼlumotlar Biznes-ombudsman va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan doimiy monitoring qilib boriladi.

Ayni bir tadbirkorlik subyekti bilan bir yil davomida ikki va undan ortiq marotaba asossiz muloqotga kirishgan davlat xizmatchisiga davlat organining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi. Mazkur tadbirkorlik subyektida o‘tkaziladigan nazorat tadbirlarida oxirgi muloqot qayd etilgan sanadan eʼtiboran o‘n ikki oy davomida ishtirok etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu taqiqqa rioya etmagan holat esa tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish tartibini buzish hisoblanadi.

“Yagona davlat nazorati” axborot tizimidan ro‘yxatdan o‘tmagan yoki tekshiruv o‘tkazishga asos bo‘luvchi hujjatlarni tizimga kiritmagan yoxud maxsus guvohnomaga ega bo‘lmagan nazorat qiluvchi organning xodimi tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.

Shuningdek, farmonda 2026-yil 1-sentyabrga qadar “Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qayta ishlash, shuningdek, Biznes- ombudsman devonining faoliyatini qayta ko‘rib chiqish va uning samaradorligini oshirish uchun zamonaviy uslublarni, jumladan, sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng tatbiq etish choralarini ko‘rish kabi tadbirlar ham belgilangan.

Sirasini aytganda, mazkur farmon tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash orqali ishbilarmonlik muhitini yanada rivojlantirishga, pirovardida ularning sonini va faoliyati samaradorligini oshirishga, ishlab chiqarish ko‘lami, mahsulot hajmi va sifatini yuksaltirishga, aholi bandligini taʼminlashga xizmat qiladi.

 

Qobul TURSUNOV,
Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 5-may sonidan olindi