113 26.09.2024
Toshkentda “Demokratik jarayonlarni yanada takomillashtirish: zamonaviy yondashuvlar va xalqaro tajriba” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mahalliy mutaxassislar hamda Buyuk Britaniya, Kanada, Ozarbayjon, Misr, Pokiston, Rossiya kabi davlatlar ekspertlari ishtirokidagi tadbirda mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlar, yangi saylov tizimi va siyosiy raqobatni rivojlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar muhokama qilindi.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Bahodir Mamatxonov ham so‘zga chiqib, partiyaning Yangi O‘zbekiston islohotlari yo‘lidagi tashabbuslari hamda “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiori asosida ishlab chiqilgan yangi Saylovoldi dasturi haqida maʼruza qildi.
– Bugun dunyo global konstitutsiyaviy o‘zgarishlar jarayonida yashamoqda, – dedi Buyuk britaniyalik ekspert, Birmingem universitetining professori Kris Tornxill. – Eʼtiborga molik jihati, yangilangan Konstitutsiyada xalqaro normalar bilan birga milliylik ham saqlab qolingan. O‘zbekistonda kechayotgan ijobiy yangilanish jarayonlari ko‘pchilik kabi meni ham juda quvontiradi.
Qizg‘in va samimiy ruhda o‘tgan anjuman nainki fikr almashish, balki yurtimizda demokratik jarayonlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqish uchun ham o‘ziga xos maydon bo‘lgan taʼkidlandi.