Mas’ullik o‘n karraga oshadi


624     13.05.2026

Bugun dunyoda kuchli davlat deganda, faqat kuchli armiya yoki iqtisodiyot emas, eng avvalo, inson kapitali, tibbiyot sifati va aholining umr ko‘rish darajasi ham nazarda tutiladi. Chunki sog‘lom jamiyat - barqaror taraqqiyotning eng asosiy shartidir. Shu ma’noda, mazkur farmon Yangi O‘zbekistonning insonparvar davlat sifatidagi qiyofasini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. «Sog‘liqni saqlash tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni hech shubha yo‘qki, tibbiy strategik maqsadlarni yangi bosqichga olib chiquvchi muhim siyosiy hujjat bo‘ldi.

Farmonda belgilangan vazifalar sohada nafaqat ma’muriy nazorat kuchaytirilishini, balki davlatning inson salomatligiga munosabati o‘zgarganini, bu masalaga global nuqtayi nazardan yondashuv boshlanganini ham namoyon etadi. Prezident Farmonida sog‘liqni saqlash sohasini strategik rejalashtirish, boshqaruvni raqamlashtirish, moliyaviy barqarorlikni kuchaytirish, klinik audit tizimini joriy qilish, tibbiy xizmatlar sifatini baholash va jamoatchilik bilan ochiq muloqotni ta’minlash kabi yo‘nalishlarga alohida urg‘u berilgani bejiz emas. Eng muhimi, bu hujjatda tibbiyot sohasida «natija uchun javobgarlik» tamoyili kuchaytirilmoqda.

Endi rahbarlar faqat lavozim egasi emas, balki samaradorlik, raqamlashtirish, xizmat sifati va moliyaviy intizom uchun aniq javobgar shaxsga aylanadi. Bu esa tizimda yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarni hal qilishda mutlaqo yangi yondashuvni shakllantiradi.

Xususan, Klinik audit inspeksiya- sining tashkil etilishi - aholi manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi. Chunki tibbiy xizmat sifati ustidan mustaqil nazorat bo‘lmas ekan, sohada haqiqiy raqobat va sifat muhiti shakllanmaydi. Endilikda davlat va nodavlat tibbiyot muassasalari faoliyatining bir xil standartlar asosida baholanishi xalqimiz uchun adolatli va xavfsiz tibbiy muhitni ta’minlashga xizmat qiladi.

Dunyo tajribasiga nazar tashlasak, taraqqiy etgan davlatlarda sog‘liqni saqlash sohasida aynan klinik audit, raqamli boshqaruv va moliyaviy shaffoflik yuqori natijalarni ta’minlaganini ko‘ramiz. Prezidentimiz farmonida ana shu xalqaro tajribalar milliy manfaatlarimiz asosida uyg‘unlashtirilgani uning strategik ahamiyatini yanada oshiradi. Ayniqsa, raqamlashtirish bo‘yicha belgilangan vazifalar kelajak uchun juda muhimdir. Bugun zamonaviy tibbiyotni sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar bazasi, elektron tibbiy tarix va integratsiyalashgan axborot tizimlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Farmonda barcha axborot tizimlari uchun yagona arxitektura va xavfsizlik standartlarini joriy qilish belgilangani kelgusida korrupsiya, qog‘ozbozlik va ortiqcha byurokratiyani keskin qisqartirishga xizmat qiladi.

Bu islohotlar nafaqat ichki ehtiyojlarimiz, balki xalqaro maydonda O‘zbekistonning nufuzini oshirish nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga ega. Chunki tibbiyot sohasidagi zamonaviy tizim investitsiya muhiti, turizm salohiyati va inson kapitali reytingiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

So‘nggi yillarda mamlakatimiz tibbiyot turizmi, xususiy tibbiyot va yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlar sohasida Markaziy Osiyoda muhim markazga aylanib bormoqda. Yangi farmon esa ushbu jarayonlarni yanada tezlashtirishi, xalqaro standartlarga mos tibbiy infratuzilmani shakllantirishi bilan ahamiyatlidir.

Albatta, har qanday islohotning muvaffaqiyati faqat hujjatlar bilan emas, balki uning amaldagi ijrosi bilan belgilanadi. Shu ma’noda, tibbiyot xodimlari, mahalliy rahbarlar, jamoatchilik va deputatlar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklanadi.

Biz, xalq vakillari sifatida, ushbu farmon ijrosini joylarda samarali ta’minlash, aholi murojaatlarini o‘rganish, tibbiy xizmat sifati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.

Chunki gap inson hayoti, ona roziligi, bola kelajagi va millat salomatligi haqida ketmoqda. Ana shu tamoyil asosida qurilayotgan Yangi O‘zbekistonda har bir fuqaro sifatli tibbiy xizmat olish huquqiga ega bo‘lishi shart. Ana shu talabdan kelib chiqib, davlat barcha imkoniyatlarni safarbar etmoqda.

 

Nazira MUXTOROVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 13-may sonidan olindi