470 14.05.2026
Avvalo, mustaqillik tufayli O‘zbekiston barcha davlat bilan teng huquqli va o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish layoqatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilganidek, “Insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadidir”.
O‘zbekiston ana shu konstitutsiyaviy normani ro‘yobga chiqarish yo‘lida turli nufuzli xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan yaqin hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ygan. Xitoy Xalq Respublikasi va mintaqamiz mamlakatlari bilan hamjihatlikda o‘tkazib kelinayotgan “Xitoy — Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha an’anaviy forumi bunga yaqqol amaliy misoldir.
Bu galgi forum “Yuqori sifatli rivojlanish orqali inson huquqlari sohasidagi taraqqiyotni birgalikda ilgari surish” mavzusiga bag‘ishlanadi. Ayni mavzuda batafsil fikr yuritishdan oldin O‘zbekiston bilan Xitoy va mintaqamiz mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari holati haqida muxtasar to‘xtalish o‘rinli deb o‘ylayman.
O‘zbekiston — Xitoy: inson huquqlari sohasida hamkorlik
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bugun dunyo nafaqat turli tahdid va xatarlar, balki ulkan imkoniyatlarni ham o‘zida mujassam etgan global o‘zgarishlar davriga qadam qo‘ydi. Bu olamshumul yangilanishlar pallasi aynan O‘zbekiston — Xitoy munosabatlarida yangi davr boshlangan tarixiy qulay sharoitga to‘g‘ri kelgani alohida diqqatni tortadi.
Gap shundaki, 2025-yil 30-avgust - 3-sentabr kunlari Prezidentimiz rasmiy tashrif bilan Xitoyda bo‘ldi. Davlatimiz rahbari ushbu tashrifi doirasida, birinchidan, 31-avgust - 1-sentabr kunlari Tyanszin shahrida o‘tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi. Ikkinchidan, 2-sentabr kuni Pekinda XXR Raisi Si Szinpin bilan yuzma-yuz uchrashib, strategik sheriklikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildi. Uchinchidan, 3-sentabr kuni Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda qatnashdi.
O‘z navbatida, Prezidentimizning 2024- yil yanvar oyida Xitoyga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha har ikki davlat rahbarlari tashabbusi bilan mamlakatlarimizning o‘zaro munosabatlari yangi davrda barcha sharoitda har tomonlama strategik sheriklikka ko‘tarilishi uchun ulkan shijoat baxsh etildi. Davlatimiz rahbarining Pekin va Shenchjen shaharlaridagi muzokaralari yakunida 2023-2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi qabul qilindi va 25 milliard dollardan ortiq qiymatdagi kelishuvlarga erishildi.
Hozir O‘zbekiston bilan Xitoy buyuk sivilizatsiyaning qadimiy o‘lkalari sifatida ikki tomonlama hamkorlikning tarixiy yuksalish pallasida turibdi.
Bunda, bir tomondan, Xitoy o‘zining modernizatsiyalashtirish uslubini tobora jadallashtirayotgani, boshqa tomondan, mamlakatimiz “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini barcha sohaga izchil tatbiq qilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xalqaro hamkorligimiz samarasiga bir misol: BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida O‘zbekiston va Xitoy tomonidan Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kunini belgilash bo‘yicha taklif qilingan rezolyutsiya bir ovozdan ma’qullandi. Binobarin, 10-iyun — Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni deb e’lon qilindi.
Ushbu rezolyutsiya xalqaro hamjamiyat tomonidan qizg‘in kutib olindi va keng qo‘llab-quvvatlandi. Zero, O‘zbekiston Xitoyning Global sivilizatsiya tashabbusini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi. E’tiborlisi, O‘zbekiston Xitoyning taklifiga binoan “Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni” rezolyutsiyasini ishlab chiqishda asosiy guruh a’zosi sifatida faol ishtirok etdi va rezolyutsiyaning qabul qilinishiga salmoqli hissa qo‘shdi.
O‘zbekiston yagona Xitoy prinsipini ma’qullaydi. Biz birgalikda uch yovuz kuch — terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi qat’iy kurashmoqdamiz. Mamlakatlarimiz sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish borasida ham jahon ahliga munosib namuna bo‘lmoqda.
Tinchlik va totuvlikni mustahkamlash yo‘lida
Markaziy Osiyo mintaqasidagi qo‘shni va qardosh mamlakatlar bilan hamkorligimiz ham izchil rivojlanmoqda. Binobarin, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz muqaddimasida xalqimiz “xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga asoslangan holda, O‘zbekistonning jahon hamjamiyati, eng avvalo, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarini hamkorlik, o‘zaro qo‘llab- quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirishga intilib”, Konstitutsiyani qabul qilgani alohida e’tirof etilgani bejiz emas.
Bugun mintaqamiz xalqlari va davlatlarini umumiy sa’y-harakatlarimiz bilan Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga, o‘zaro ishonch va do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va manfaatli hamkorlik makoniga aylantirishdek yagona maqsad birlashtirmoqda. Prezidentimiz e’tirof etganidek, “Markaziy Osiyoni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish bundan buyon ham O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor maqsadi bo‘lib qolaveradi”.
Endi “Xitoy — Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha forumi mavzusiga qaytamiz. Ushbu forum joriy yilda to‘rtinchi marta o‘tkazilmoqda. Bu, bir tomondan, forumning allaqachon an’anaviy ahamiyat kasb etganini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, Xitoy va Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari uchun bunday hamkorlik formati zarurligini amalda tasdiqlaydi.
Forumning muxtasar tarixiga nazar solaylik. Xususan, Birinchi “Xitoy — Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish forumi 2023-yil 12-sentabrda Pekin shahrida muvaffaqiyatli o‘tkazilib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bergandi.
Ikkinchi forum 2024-yilda qo‘shni Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tdi. Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida mushtarak taqdirlar hamjamiyatini barpo etish, inson huquqlari rivojlanishi va taraqqiyoti mavzusiga bag‘ishlangan forumda mamlakatimiz delegatsiyasi muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Uchinchi forum 2025-yilda Xitoyning Sian shahrida bo‘lib o‘tdi. Forum inson huquqlarini birgalikda rivojlantirish yo‘lida sivilizatsiyalararo almashinuv va o‘zaro boyitishni chuqurlashtirish mavzusiga bag‘ishlandi.
Bo‘lajak to‘rtinchi forumga Toshkent mezbonlik qilmoqda. Forumning tashki- lotchilari mehmonlar tomondan — Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi, mezbon tomondan — Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi.
Shu o‘rinda Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining yaqin hamkorlaridan ekanini ta’kidlash lozim. 1994-yilda tashkil etilgan ushbu tuzilma Xitoyning Pekin shahrida joylashgan jamoat tashkilotidir. Jamg‘arma faoliyati Xitoyning milliy o‘ziga xosligini inobatga olgan holda inson huquqlari konsepsiyasini ilgari surish va rivojlantirish, shuningdek, ushbu mavzu yuzasidan xalqaro muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Binobarin, har bir insonning o‘z huquqlaridan to‘liq foydalanish imkoniyatini ta’minlash butun insoniyatning umumiy maqsadidir. Xitoy va Markaziy Osiyoning beshta davlati rivojlanayotgan mamlakatlar sifatida taraqqiyotga birgalikda ko‘maklashish va inson huquqlarini ilgari surish masalalarida keng mushtarak qarashlarga ega.
Bu haqda fikr yuritganda, Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida inson huquqlari sohasida samarali hamkorlik aloqalari izchil rivojlanayotganini ta’kidlash lozim. Tabiiyki, bunda tashkil topganiga 77 yil bo‘layotgan Xitoy Xalq Respublikasining shu tarixan qisqa davrda o‘z taraqqiyotida misli ko‘rilmagan darajada ulkan yutuqlarga erishgani O‘zbekiston va mintaqamizdagi qo‘shni davlatlar uchun g‘oyat muhim.
Barqarorlik, taraqqiyot, yuksalish va yorug‘ kelajak sari
Xitoy keyingi yillarda qashshoq va qoloq mamlakatdan jahon iqtisodiy o‘sishini ta’minlaydigan beqiyos kuch-qudrat manbaiga aylandi. Bunda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yo‘lida qo‘lga kiritgan olamshumul natijalari katta ahamiyat kasb etdi va bugun ayni samarador omillar butun dunyoning diqqat-e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
Ushbu davlat dunyodagi beqarorliklarning oldini olishga qaratilgan ko‘plab global tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Barqarorlikka oid bu g‘oyalar mamlakatda asriy islohotlar sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgani bilan ahamiyatlidir.
Xitoy hukumati milliy modernizatsiyani hayotga tatbiq etish jarayonida asosiy e’tiborni xalq farovonligini ta’minlashga qaratmoqda. Ya’ni islohot va taraqqiyot, avvalo, har bir xitoylikning munosib yashashiga xizmat qilsin degan yondashuvga tayanilmoqda. Xuddi shu konsepsiya Xitoyda kambag‘allikka barham berishda hal qiluvchi o‘rin tutgani e’tiborga sazovor.
Natijada Xitoy xalqi 40 yil ichida qashshoqlik va yo‘qchilik domidan qutulib, endi munosib va barqaror turmush sharoitida hayot kechirmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan davrda 700 milliondan ortiq xitoylik kambag‘allik holatidan chiqishga muvaffaq bo‘lgan.
Innovatsiyalarga tayanadigan davlat sifatida Xitoy iqtisodiy taraqqiyot sur’atini muntazam oshirib bormoqda. Mamlakat hatto “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish sohasida ham muayyan natijalarga erishgani tufayli allaqachon ekologik toza mahsulotlarning jahondagi yirik bozoriga aylanib ulgurdi.
Boshqacha aytganda, yangi Xitoyning 77 yillik rivojlanish yo‘li barqarorlik, taraqqiyot, yuksalish va yorug‘ kelajakka qat’iy ishonchning yorqin namunasidir. Taraqqiyotning xitoycha modeli sotsializm va bozor iqtisodiyoti qonuniyatlarini o‘zida omuxtalashtirgan bo‘lib, o‘z navbatida, bunday noyob usul Xitoyning iqtisodiy jihatdan eng qudratli davlat maqomini egallashini ta’minlamoqda.
Xitoy erishgan ulug‘vor yutuqlar haqida so‘z borganda, faqat iqtisodiy samaralar tafsiloti bilan cheklanmay, ijtimoiy siyosat, infratuzilmalar va texnologiyalar sohalarida qo‘lga kiritilgan yangidan-yangi marralar xususida ham fikr yuritish lozim deb o‘ylaymiz.
Bu o‘rinda, ayniqsa, Xitoy aholisining nihoyatda ko‘pligi va global muammolarning halokatli ta’siriga qaramay, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va barqarorlikni saqlab turishdek ikkita noyob muvaffaqiyatga erishilgani har qancha tahsinga loyiq. Bugun Xitoy jahon iqtisodiyotining yuragidir. Sayyoramiz hayotining pandemiyadan keyingi og‘ir va murakkab sharoitlarida ham mamlakat iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgani buni amalda tasdiqlab berdi.
Hozir esa o‘z iqtisodiyotining barqarorligi xususiyati bilan jahon iqtisodiyotining rivojlanishi uchun munosib hissa qo‘shmoqda. Binobarin, bir tomondan, mamlakat jahon bozoriga tobora ko‘plab tovarlar yetkazib berayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, tashqi bozorlardan ham ko‘pdan ko‘p mahsulotlarni muntazam xarid qilmoqda.
Shu omillarning o‘zi ham yangi O‘zbekistonning yangi Xitoy bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishi g‘oyat manfaatli ekanidan dalolat beradi, nazarimizda. Yurtlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasida necha ming yillik tarixiy hamkorlik aloqalari mavjudligi esa, albatta, alohida mavzu.
Shuningdek, Xitoy tomoni 2025-yilda Samarqandda ikkinchi O‘zbekiston — Xitoy hududlararo forumi o‘tkazilishini to‘liq qo‘llab-quvvatladi. Samarqand forumida Xitoy va mintaqa davlatlaridan vakillar ham ishtirok etgani bizga mamnuniyat bag‘ishladi.
Xitoyliklarda bunday maqol bor: “Mehnat- mashaqqat chekmasang, tuproq ichidan oltinni ajratib olishing mushkul”. O‘zbek xalqining mana bu maqollari shu mantiqqa o‘ta uyg‘un, ya’ni “Toqqa chiqmasang, do‘lana qayda?” yoki “Tekinga osmondan chalpak yog‘maydi”.
Mintaqa davlatlari o‘rtasida inson huquqlari bo‘yicha hamkorlik
Bugun Markaziy Osiyo tarixning chetida emas, u o‘z strategik kun tartibini shakllantirayotgan, jadal rivojlanayotgan mintaqaga aylanmoqda. Siyosiy iroda, yuqori darajadagi o‘zaro ishonch va qo‘shma iqtisodiy tashabbuslar mintaqada barqaror rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.
Mintaqamiz davlatlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarning faollashishi natijasida xalqlarimiz yanada yaqinlashmoqda. Mintaqa doirasidagi siyosiy muloqotlar va parlamentlararo almashuvlar doimiy tus olmoqda.
Markaziy Osiyo yetakchilari tomonidan, jumladan, qonun ustuvorligi, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rag‘batlantirish hamda himoya qilish barcha uchun birdek muhim fundamental qadriyat ekani muntazam ta’kidlab kelinmoqda. Bu o‘rinda, albatta, fikrni ifoda etish erkinligi va jamoat birlashmalariga uyushish huquqini ta’minlash, fuqarolik jamiyati va mustaqil ommaviy axborot vositalari uchun sog‘lom muhit yaratish, huquq himoyachilarini muhofaza qilish, ayollar, bolalar va mehnat migrantlari huquqlarini hurmat qilish o‘zaro hamkorlik munosabatlarimizning tub negizini tashkil qilishi haqida so‘z bormoqda.
Eng asosiysi, xalqaro siyosiy lug‘atda mintaqaviy taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiluvchi o‘ziga xos modelni aks ettiradigan “Markaziy Osiyo ruhi” atamasi paydo bo‘ldi. Bugun biz global va mintaqaviy siyosat kun tartibidagi ko‘plab dolzarb masalalar bo‘yicha yagona pozitsiyada turib harakat qilmoqdamiz.
Natijada qisqa muddatda dunyoda mintaqamizga nisbatan ishonch va hamkorlikka intilish kuchaydi. “Markaziy Osiyo +” formatida 10 dan ortiq hamkorlik muloqoti yo‘lga qo‘yilgani buni tasdiqlaydi.
Mintaqa mamlakatlarining inson huquqlari sohasida o‘zaro hamkorlik borasidagi tajribasi ham e’tiborga loyiq. Avvalo, Markaziy Osiyo mamlakatlari Konstitutsiyasida “Davlat inson huquqlarini hurmat qiladi va ta’minlaydi” degan tamoyil aniq-tiniq belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, Qozog‘istonda 2023-yilda mamlakat Prezidenti tomonidan tasdiqlangan Inson huquqlari va qonun ustuvorligi sohasidagi uchinchi harakatlar rejasi amalga oshirilmoqda. Qirg‘iziston hukumati 2022-2024-yillar uchun Inson huquqlari bo‘yicha harakatlar rejasini qabul qildi va amalga oshirdi. Tojikiston hukumati 2023-yilda Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani qabul qildi. Turkmaniston Prezidenti tomonidan 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan Inson huquqlari bo‘yicha milliy harakatlar rejasi tasdiqlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi 2020-yilda qabul qilingan bu sohadagi ilk hujjatdir. Joriy yilda davlat dasturi doirasida bu boradagi ikkinchi dasturiy hujjat — “Inson huquqlari — 2030” strategiyasi ishlab chiqilmoqda.
Bugungi mintaqaviy hamkorligimiz darajasi, shubhasiz, Markaziy Osiyo mintaqasi xalqaro munosabatlarning mustaqil subyekti maqomida o‘zini namoyon etishga dadil kirishganini amalda isbotlaydi. Binobarin, XXI asrning uchinchi o‘n yilligida Markaziy Osiyo xalqaro hayotning mustaqil subyekti sifatida qayta tiklanishi o‘zida muhim jarayonlarni ham ifodalovchi, ham aks ettiruvchi olamshumul voqeadir.
Poytaxtimizda o‘tkaziladigan forum doirasidagi muzokaralar ishtirokchilardan katta kuch-g‘ayrat, faollik va tashabbuskorlikni talab etadi. Chunki mavzu doirasidagi masalalar ko‘lami keng va g‘oyat mas’uliyatlidir. Forumda, jumladan, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlarining inson huquqlari sohasidagi hamkorligining asosiy ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqiladi. Rivojlanish huquqini ro‘yobga chiqarish maqsadida kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini yaxshilash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish, ekologiyani muhofaza qilish, “yashil” rivojlanish va inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari rivojiga ko‘maklashuvchi raqamli intellektual texnologiyalarni ilgari surish kabi sohalardagi hamkorlik istiqbollari keng muhokama qilinadi.
Yanada muhimi, “Xitoy — Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish forumining “Toshkent tashabbusi” deb nomlangan yakuniy hujjati qabul qilinishi kutilmoqda. Ushbu hujjatda o‘z aksini topadigan tashabbuslar Xitoy va mintaqamiz davlatlarining inson huquqlari sohasidagi hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarishi shubhasiz.
Akmal SAIDOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2026-yil 13-may sonidan olindi