Endi firibgarlarning yo‘li to‘siladi


711     14.05.2026

Nihoyat kiberxavfsizlikka oid qonunchilikka ham navbat keldi...

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda yurtimizda bank kartalariga ega fuqarolar soni 21 milliondan oshgan, muomalaga chiqarilgan bank kartalarining soni 68 mlillionga yetdi. Viza kartalari soni esa 9 millionga yetgani aytilyapti.

Lekin bir yaxshining bir yomoni ham bor deganlaridek, bank kartalari ko‘paygani sari ular bilan bog‘liq firibgarlik holatlari ham ortmoqda. 2025 yilda banklarning mobil ilovalaridan 1 467 holatda qariyib, 32 millard so‘m, to‘lov tashkilotlari mobil ilovalaridan esa 1 397 holatda 29,9 milliard so‘m o‘g‘irlangan.

Shu sababli, mazkur holatlarning oldini olishga qaratilgan tijorat banklari, to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlarida huquqbuzarliklarni oldini olishning zamonaviy, xususan antifrod hamda biometrik identifikatsiya tizimlari va boshqa himoya mexanizmlarini tashkil etish zarurati tug‘ilmoqda.

Ana shu talabdan kelib chiqib, Oliy Majlis Senatining navbatdagi 14-yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ushbu qonun bilan «To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida»gi qonunga «antifrod tizimi» va «virtual to‘lov terminali» kabi yangi tushunchalar kiritilmoqda. Xo‘sh, «Antifrod tizimi» nima o‘zi? Bu hisobvaraq (bank kartasi, elektron xamyon) egasining mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishning oldini olishga qaratilgan jarayonlar yig‘indisi hisoblanadi. «Virtual to‘lov terminali» esa to‘lov terminalining elektron shakli bo‘lib, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslarga onlayn to‘lovlarni qabul qilish imkoniyatini beruvchi dasturiy ta’minotdir.

Endi qonun bilan To‘lov tizimlari va to‘lov tashkilotlari tegishincha, muhim hamda boshqa to‘lov tizimlariga, shuningdek, boshqa to‘lov tashkilotlariga toifalanmoqda.To‘lov tizimining ishlashini ta’minlash bo‘yicha faoliyat turlari belgilanib, to‘lov tashkilotlari va ularning yuridik maqomini belgilovchi alohida norma kiritilyapti.

To‘lov tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi hududida to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishga vakolatli organ bo‘lib, uning aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilishi va o‘z faoliyatini O‘zbekiston qonunchiligi hamda o‘ziga berilgan litsenziya shartlariga muvofiq amalga oshirishi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, to‘lov tashkilotlariga antifrod tizimini joriy etish, ichki nazorat qoidalari hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarining bajarilishini ta’minlash choralarini ko‘rish, axborot xavfsizligi va o‘z infratuzilmasining uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda tavakkalchiliklarni boshqarish tizimini joriy etish kabi vaziflar yuklatilmoqda.

Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, to‘lov tizimining operatori va uning vazifalari ham belgilanmoqda. Xususan, hududda to‘lov tizimining ishlashini ta’minlashga doir faoliyatni yuridik shaxs sifatida to‘lov tizimining operatori amalga oshirishi qayd etilmoqda. Qonunda to‘lov tizimi operatorining va to‘lov tashkilotining ustav fondiga qo‘yiladigan talablar, ya’ni to‘lov tizimi operatori ustav fondining (eng kam miqdori ellik milliard so‘mni va to‘lov tashkiloti ustav fondining eng kam miqdori yigirma milliard so‘mni tashkil etishi kerakligi, shuningdek Ustav fondini shakllantirish uchun kreditga, garovga hamda majburiyat yuklatilgan boshqa mablag‘lardan, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingani borasida shubha paydo bo‘lgan mablag‘lardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi, bundan tashqari to‘lov tizimi operatori va to‘lov tashkiloti ustav fondining eng kam miqdori litsenziya berish to‘g‘risidagi ariza beriladigan kungacha shakllantirilgan va bank hisobvarag‘ida saqlanayotgan bo‘lishi kerakligi belgilanmoqda. Qonun bilan O‘zbekiston Respub- likasining rezidenti va (yoki) norezidenti bo‘lgan yuridik hamda jismoniy shaxslar, to‘lov tizimi operatori yoki to‘lov tashkiloti muassislari bo‘lishi mumkinligi, xalqaro moliya institutlari, chet el banklari hamda chet el to‘lov tizimi operatorlari, to‘lov tashkilotlari va kredit tashkilotlari hisoblanmaydigan norezident yuridik shaxslarning, shuningdek, jismoniy shaxslarning to‘lov tizimi operatori va to‘lov tashkiloti ustav fondidagi jami ulushi ellik foizgacha bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yilmoqda.

Banklar tomonidan to‘lov tizimi operatori faoliyati boshlanganligi haqida xabardor qilish tartibi va banklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni To‘lov tizimlari operatorlarining reyestridan chiqarish tartibi ham joriy qilinmoqda.

Qonunda to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimlari operatorlari ustav fondining eng kam miqdorlari belgilanayotgani munosabati bilan «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi qonunidan Markaziy bankning bu boradagi vazifalari chiqarib tashlanmoqda.

Shuningdek, qonun bilan «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga ham to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatiga oid qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Ushbu qonunni qabul qilishdan maqsad, zamon talablari asosida to‘lov xizmatlari bozorini tartibga solish, moliyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish va to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchilarning qonuniy huquq hamda manfaatlarining buzilishini kamaytirishga erishishdan iboratdir.

 

Qobil TURSUNOV,
Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 13-may sonidan olindi