900 15.05.2026
Bugun insoniyat tarixidagi eng katta axborot oqimi davrida yashamoqda. Dunyoda internet foydalanuvchilari soni 6 milliardga yaqinlashgan bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilar soni 5 milliarddan oshdi. O‘rtacha inson kuniga 6-7 soat vaqtini internetga sarflyapti. Eng faol auditoriyani esa yoshlar tashkil etmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda “reels” va “shorts” kabi qisqa video platformalari mislsiz tezlikda ommalashyapti. Bugun ayrim yoshlar kuniga 2-5 soatgacha vaqtini qisqa videolar tomosha qilishga sarflayotgani qayd etilmoqda. Algoritmlar esa insonni ilova ichida imkon qadar uzoq ushlab qolish uchun ishlab chiqilgan.
Mutaxassislar doimiy tez almashinuvchi qisqa kontentlar diqqatni jamlash qobiliyatining pasayishi, chuqur fikrlash ko‘nikmasining susayishi, vaqtni samarasiz sarflash, virtual qaramlik, ruhiy charchoq va maʼnaviy bo‘shliqni kuchaytirishini taʼkidlamoqda. Bugun ko‘plab davlatlar bu masalani milliy xavfsizlik va kelajak avlod tarbiyasi bilan bog‘liq muammo sifatida ko‘rmoqda. Chunki zamonaviy davrda ongga taʼsir qilish uchun endi qurol shart emas. Algoritmning o‘zi yetarli.
Telefon ekranida ko‘rilayotgan har bir video, trend va media mahsulot aslida maʼlum bir dunyoqarashni shakllantiradi. Agar milliy va foydali kontent zaif bo‘lsa, yoshlar ongida begona qadriyatlar ustunlik qila boshlaydi. Bu esa tilga, tarixga, oilaviy qadriyatlarga va milliy o‘zlikka befarqlikni kuchaytiradi. Shu bois, bugun milliy media va sifatli kontent masalasi oddiy blog yuritish emas, bu strategik vazifaga aylanmoqda. Yoshlar taqiqlar bilan emas, sifatli “alternativa” bilan tarbiyalanadi. Agar ularga zamonaviy, kreativ va milliy ruhdagi kontent taqdim etilsa, ular begona g‘oyalarga emas, o‘z qadriyatlariga suyanadi.
Bugun sunʼiy intellekt va algoritmlar davrida eng katta kurash hududlar uchun emas, inson tafakkuri uchun ketmoqda. Shunday ekan, bugun har birimizning oldimizda muhim vazifa turibdi: farzandlarimiz va yoshlarimizni shunchaki internet isteʼmolchisi emas, mustaqil fikrlaydigan, milliy qadriyatlariga sodiq va axborotni tahlil qila oladigan avlod qilib tarbiyalash.
Milliy o‘zlik bu faqat tarix yoki til emas. Bu xalqning tafakkuri, qadriyati va kelajagidir. Agar biz raqamli dunyoda o‘z madaniyatimiz, milliy ruhimiz va foydali kontentimiz bilan faol bo‘lmasak, bu bo‘shliqni boshqalar to‘ldiradi.
Bugun zamonaviy texnologiyalarni inkor qilish emas, ularni milliy manfaat va maʼnaviy taraqqiyot yo‘lida ishlata olish eng muhim masalaga aylanmoqda. Chunki kelajakni kimdir biz uchun qurmaydi. Uni tafakkuri kuchli, qadriyatiga sodiq va ongli avlod barpo etadi.
Alisher KASIMOV,
partiya Markaziy kengashi media xizmati rahbari