172 27.09.2024
O‘zbekiston Respublikasining ochiq va pragmatik siyosati natijasida mamlakatimizning dunyo hamjamiyatiga integratsiyalashuvi jarayonlari faol kechmoqda. Buning natijasi o‘laroq, fuqarolarimizning taʼlim, ish, davolanish, sayohat va boshqa maqsadlarda xorijga chiqishlari ko‘paymoqda. Mazkur jarayon fuqarolarimiz uchun xorijga chiqish pasportini olish, xorijda pasporti yo‘qolgan, muddati o‘tgan yoki yaroqsiz holatga kelib qolganda vatanga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirish zaruratini ham yuzaga keltiradi.
Bunday holatlarda yurtdoshlarimiz uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, ortiqcha vaqt va mablag‘ sarfi hamda ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi xorijdagi fuqarolarimiz uchun vatanga qaytish guvohnomasi va xorijga chiqish pasportlari rasmiylashtirilishini yengillashtirish tashabbusini ilgari surmoqda.
Bugungi kunda fuqarolarimiz xorijga chiqish pasportini olish jarayonida ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflashlariga to‘g‘ri kelmoqda. Shu bois partiyamiz ushbu tizimni tubdan isloh qilish va soddalashtirish taklifini bildirmoqda.
Bu borada, birinchi navbatda, pasport olish uchun ariza berish jarayonini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish lozim. Bu orqali fuqarolar uydan chiqmasdan turib, internet orqali ariza topshirishlari mumkin bo‘ladi. Bu nafaqat vaqtni tejaydi, balki navbatlar va ovoragarchiliklarning ham oldini oladi.
Ikkinchidan, hujjatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish zarur. Hozirgi kunda bu jarayon bir oygacha cho‘zilishi mumkin, ammo zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda bu muddatni 7-10 kungacha qisqartirish imkoniyati mavjud.
Uchinchidan, tayyor pasportni pochta orqali yetkazib berish xizmati yo‘lga qo‘yilishi kerak. Bu ayniqsa olis hududlarda yashovchi fuqarolarimiz uchun juda qulay bo‘ladi.
Rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish bu borada ilg‘or yechimlar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Masalan, Estoniyada fuqarolar pasport olish uchun arizani onlayn topshirishlari va hatto pasportdagi suratni ham masofadan turib yuborishlari mumkin. Hindistonda esa fuqarolar pasport olish uchun maxsus mobil ilovadan foydalanishlari mumkin. Buyuk Britaniyada fuqarolar xorijda pasportlarini yo‘qotib qo‘ygan taqdirda onlayn tarzda ariza berib, Britaniya elchixonasidan vatanga qaytish hujjatini atigi bir necha soat ichida olish mumkin. Singapurda pasport va vizalarni ICA (Immigration & Checkpoints Authority) onlayn portali orqali, Janubiy Koreyada pasportni davlat xizmatlari elektron platformasi orqali olish mumkin.
Ariza topshirish va biometrik maʼlumotlarni olish jarayonlari to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, bu jarayonning tezkor amalga oshirilishiga xizmat qiladi.
Yuqoridagi tahlillar va ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, partiyamiz fuqarolar uchun xorijga chiqish pasportini hamda vatanga qaytish guvohnomasini olish jarayonini soddalashtirish va to‘liq raqamlashtirish lozim, deb hisoblaydi. Bu nafaqat fuqarolarimizning og‘irini yengil qiladi, balki davlat xizmatlari sifatini ham oshiradi, korrupsiya holatlarini kamaytirishi asnosida mamlakatimizning xalqaro nufuzini ham oshiradi.