Ayollar - ulkan bunyodkor kuch


626     15.05.2026

Qadimiy va xamisha navqiron Buxoro shaxrida bo‘lib o‘tgan Osiyo xotin- qizlarining ikkinchi forumi nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqamiz xamjamiyati uchun muxim voqea bo‘ldi.

Ushbu anjuman Yangi O‘zbekistonda ayollar huquqlarini himoya qilish borasidagi islohotlarning xalqaro eʼtirofidir.

Nufuzli xalqaro tadbirning aynan yurtimizda o‘tkazilgani ham bejiz emas. Chunki forumda muhokama qilingan masalalar keyingi yillarda mamlakatimizda bu borada olib borilayotgan nihoyatda xalqchil va hayotiy islohotlar bilan uzviy bog‘liq.

Xususan, davlatimiz rahbarining tashabbusi va g‘amxo‘rligi bilan mamlakatimizda ayollarga eʼtibor chinakam davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Uning huquqiy va institutsional asoslari tubdan takomillashtirildi. Yangi O‘zbekiston xotin-qizlarni har qanday kamsitish va tahqirlashlardan himoya qiladigan barcha asosiy xalqaro hujjatlarga qo‘shildi.

 Yurtimizda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”, “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.

Bu borada olib borayotgan tizimli ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham munosib eʼtirof etilmoqda. Xususan, Jahon banki indeksida O‘zbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etildi. Ochiq gender maʼlumotlar indeksida eng yaxshi 20 ta davlat qatoridan joy olgani bizga alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Davlat va jamiyat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish bugun tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Shu bois mazkur masala forum kun tartibidan alohida o‘rin oldi. Muhokamalar faqat davlat boshqaruvida ayollar sonini ko‘paytirish haqida emas, balki ularning qaror qabul qilish jarayonida faol va masʼuliyatli qatnashishini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilishi shart bo‘lgan islohotlar haqida bordi.

Ikkinchi muhim yo‘nalish iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va barqaror bandlikni taʼminlash bilan bog‘liq. Bugungi kunda xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularning daromad topishlariga ko‘maklashish va mehnat bozoridagi ishtirokini kuchaytirish ko‘plab davlatlar uchun muhim masalaga aylangan.

Forumda ayollarning iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan faol qatlam sifatidagi o‘rnini yana-da mustahkam-lash borasida o‘zaro fikr almashildi. Yaʼni ular o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi, yangi g‘oyalar bilan chiqishi va iqtisodiy jarayonlarda mustaqil qaror qabul qilishi lozim.

Ilm-fan, taʼlim, innovatsiya va sunʼiy intellekt haqida gap ketganda, negadir jamiyatimizda bu soha ayol kishi uchun emas, ular ko‘proq ijtimoiy-gumanitar fanlarni o‘qishi kerak degan tushuncha mavjud. Shuning uchun nafaqat mamlakatimizda, balki aksariyat davlatlarda ham xotin-qizlarni IT sohasiga jalb qilish qiyin bo‘lyapti. Aslida bu ayollar uchun ko‘proq mos keladi. Chunki ushbu yo‘nalishda jismoniy mehnatdan ko‘ra aqliy mehnat talab etiladi. Bundan tashqari, ayollar uydan chiqmasdan onlayn ishlashi mumkin. Bu ham uyida o‘tirib o‘zini o‘zi band qilish imkonini beradi, albatta.

Forumda masalaning shu va boshqa jihatlari muhokama qilinib, ayollarni IT, injiniring, sunʼiy intellekt va ilmiy tadqiqotlar kabi zamonaviy sohalarga keng jalb qilish bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqish zarur degan xulosaga kelindi.

Anjuman doirasida O‘zbekistonning eksport salohiyatini namoyon etuvchi to‘qimachilik, kulolchilik, ipakchilik va charm-poyabzal sanoati, oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, xotin-qizlar hamda startapchi qizlarning muvaffaqiyatli loyihalari, milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Buxoroda o‘tgan amaliy taklif va tavsiyalarga boy mazkur forum va unda ko‘tarilgan masalalar qitʼamizda xotin-qizlarning o‘rnini yana-da mustahkamlashga hissa qo‘shadi. Zotan, Prezidentimizning forum ishtirokchilariga murojaatida taʼkidlanganidek, bugun Osiyo qitʼasida istiqomat qilayotgan 5 milliardga yaqin aholining qariyb yarmini ayollar tashkil etadi. Biz ularning timsolida nafaqat nafosat sohibalarini, balki mamlakatlarimiz taraqqiyotini jadallashtirish, xalqlar farovonligini yuksaltirish va adolatli dunyoni barpo etish yo‘lidagi ulkan bunyodkor kuchni ko‘ramiz.

Zumrad BEKATOVA,
Oliy Majlis Senatining Sudxuquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi aʼzosi.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 15-may sonidan olindi