923 19.05.2026
Bugungi murakkab va tez o‘zgarayotgan global sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash har bir davlat oldidagi strategik masalaga aylanmoqda. Dunyoda iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining kamayishi, qurg‘oqchilik, yer degradatsiyasi hamda geosiyosiy beqarorlik oqibatida qator davlatlarda oziq-ovqat taqchilligi kuzatilmoqda.
Xalqaro ekspertlar tahliliga ko‘ra, yaqin yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talab keskin ortishi, tabiiy resurslarga bosimning kuchayishi kutilmoqda. Ayniqsa, suv tanqisligi va ekologik muammolar Markaziy Osiyo mintaqasida ham qishloq xo‘jaligini zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirishni talab etyapti.
Prezidentimiz raisligida oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi tizimini takomillashtirish hamda chorvachilikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilish mamlakatimiz agrar sohasini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “daladan dasturxongacha” tamoyiliga asoslangan yangi tizim oziq-ovqat xavfsizligini xalqaro standartlar asosida ta’minlash, mahsulot sifati ustidan samarali nazoratni yo‘lga qo‘yish va eksport salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu yondashuv ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etib, tadbirkor va fermerlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bugun oziq-ovqat xavfsizligi masalasi faqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan cheklanib qolmayapti. Ushbu masala endilikda aholi salomatligini muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ichki bozor barqarorligini saqlash hamda mamlakatning eksport salohiyatini mustahkamlash bilan bevosita bog‘liq strategik yo‘nalishga aylangan.
Hozirgi global tahdidlar, xususan, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, oziq-ovqat zanjiridagi uzilishlar va xalqaro bozorlardagi keskin raqobat davlatlardan bu sohaga mutlaqo yangi yondashuv asosida qarashni talab etmoqda. Bu borada oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha yagona markazlashgan tizimning tashkil etilishi sohada yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarni bartaraf etish, nazorat mexanizmlarini soddalashtirish va zamonaviy boshqaruv tizimini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda dunyo davlatlarida chorvachilik sohasida ham murakkab vaziyat kuzatilmoqda. Iqlim o‘zgarishi, ozuqa bazasining qisqarishi, ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi va qurg‘oqchilik oqibatida ko‘plab mamlakatlarda go‘sht hamda sut mahsulotlari narxi keskin oshyapti. Yangi tashkil etilayotgan Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi esa ushbu yo‘nalishda tizimli islohotlarni jadallashtiradi.
Ozuqabop ekin maydonlarini kengaytirish, naslchilikni rivojlantirish, imtiyozli kreditlar ajratilishi, qayta ishlash hajmini oshirish hamda eksport imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha belgilangan vazifalar qishloq hududlarida bandlikni ta’minlash va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.
Maxsud MUHAMMEDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.