917 19.05.2026
So‘nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi faol ishtiroki mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.
Qayd etish joiz, bugun xalqaro munosabatlar tizimi jiddiy transformatsiya davrini boshdan kechirmoqda. Dunyoda yangi kuch markazlari shakllanmoqda, an’anaviy xavfsizlik tizimlari esa tobora zaiflashmoqda. Bunday sharoitda umumiy til, tarix va madaniy ildizlarga ega davlatlarning yaqinlashuvi mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashning muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Turkiy davlatlar tashkiloti aynan shu nuqtayi nazardan katta geosiyosiy ahamiyat kasb etmoqda. U tashkilotga a’zo davlatlarga milliy manfaatlarini birgalikda himoya qilish, tashqi iqtisodiy bosimlarga bardosh berish va xavfsizlik sohasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish imkonini yaratmoqda.
Ayniqsa, transport, logistika, raqamli iqtisodiyot, energetika va innovatsion texnologiyalar sohasida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar turkiy makonning iqtisodiy salohiyatini sezilarli darajada oshirmoqda. “e-Permit”, “Raqamli TIR” kabi raqamli tizimlarning joriy etilishi esa davlatlar o‘rtasidagi savdo va tranzit jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqdi.
Turkiston sammiti ma’naviy jihatdan ham alohida ahamiyatga ega. Zero, bugungi turkiy integratsiya g‘oyalari bevosita jadid ma’rifatparvarlari orzu qilgan umumturkiy yaqinlashuv g‘oyalarining mantiqiy davomidir. Ismoil G‘aspirali, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat va Abdulla Avloniy kabi ulug‘ mutafakkirlar millat taraqqiyotini ilm-fan, ma’rifat va birlikda ko‘rgan edilar.
Ismoil G‘aspiralining “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan g‘oyasi esa bugungi turkiy integratsiyaning g‘oyaviy asosiga aylanib bormoqda. Demak, Turkiston sammiti nafaqat siyosiy va iqtisodiy, balki tarixiy adolatning tiklanishi nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.
Bugun turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik faqat madaniy yaqinlik bilan cheklanib qolmayapti. Yoshlar siyosati, ta’lim, ilm-fan, sun’iy intellekt, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar sohasida ham yangi hamkorlik mexanizmlari shakllanmoqda. Bu esa kelajakda turkiy makonning raqobatbardosh intellektual va texnologik hududga aylanishi uchun mustahkam zamin yaratadi.
Turkiston sammiti shunchaki diplomatik tadbir emas, u turkiy xalqlarning umumiy tarixi, umumiy manfaati va umumiy kelajagini ifoda etuvchi muhim siyosiy voqelikdir. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar juda muhimdir. Masalan, yangi tahdidlarni aniqlash va ularning oldini olish uchun turkiy dunyo doirasida yagona xavfsizlik va ishonch makonini yaratish borasida umumiy mexanizm – Kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha Turkiy alyansni tuzish tashabbusi a’zo davlatlarning axborot xavfsizligini mustahkamlash, kiberhujumlar va raqamli tahdidlarga qarshi birgalikda samarali kurashish hamda mintaqada barqaror va xavfsiz raqamli makon yaratishga xizmat qiladi.
Qonunchilik palatasi deputati sifatida aytishim mumkinki, bugungi turkiy integratsiya jarayonlari Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining eng muhim va istiqbolli yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Zero, turkiy davlatlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlik nafaqat mintaqaviy barqarorlikni ta’minlaydi, balki xalqlarimiz farovonligi, iqtisodiy taraqqiyoti va kelajak avlodlar manfaati uchun ham mustahkam poydevor yaratadi.
Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati