Ushbu taklifga birinchi darajali vazifa sifatida qaralmog‘i lozim


147     28.09.2024

   So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda taʼlim tizimini zamon talablari darajasida takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, jamiyatda o‘qituvchi-pedagoglarning mavqei va maqomini oshirish yo‘lida muhim chora-tadbirlar hamda tizimli islohotlar hayotga tatbiq etilmoqda.

   Xalqning xohish-irodasi va takliflari asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ilk bor o‘qituvchi maqomi alohida belgilangani holda taʼlim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari qatoriga kiritilgani bejiz emas. Chunki jamiyat hayotida o‘qituvchining o‘rni va taʼsiri oshsa – maktabning obro‘-eʼtibori oshadi, ilm-fan, taʼlim va tarbiya sohasining qadri yuksaladi. Zero, muallimning nufuzi – millatning, butun xalqning nufuzidir.

   Shu bilan birga, mamlakatimiz tarixida ilk bor pedagoglar maqomi qonun bilan mustahkamlandi – pedagogning huquqlari, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘lishi huquqiy jihatdan mustahkamlandi.

   Shu boisdan ham “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi o‘zining Saylovoldi dasturida “Yangi avlod tarbiyachi va pedagoglarini tayyorlash Davlat dasturi”ni qabul qilish tashabbusini ilgari surgan. O‘z-o‘zidan ayonki, bu har jihatdan dolzarb ahamiyatga ega. Mazkur tashabbus taʼlim tizimi va pedagoglarga qaratilayotgan eʼtiborni yanada oshiradi.

   Maʼlumki, zamonamiz andozalariga mos pedagoglar tayyorlash bo‘yicha islohotlar va amaliy ishlar mamlakatimizda allaqachon boshlangan. Xususan, pedagogika yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari alohida yondashuv asosida rivojlanayotganligi, xususan, bakalavr darajasidagi pedagog kadrlar tayyorlashni to‘la davlat grantiga o‘tkazish, magistraturada esa, kvotalarni 2 karra oshirish, ular to‘liq davlat hisobidan qoplanishi, kadrlar yetishmaydigan, taʼlim sifati talabga javob bermaydigan maktablar oldindan tanlanib, ular uchun maqsadli davlat buyurtmasi joriy qilish orqali yoshlarga ushbu maktablarda ishlashga borishlari uchun jozibali rag‘batlantirish tizimi yaratilayotganligi, natijada esa bog‘cha tarbiyachisi ham, maktab o‘qituvchisi ham faqat oliy maʼlumotli bo‘lishi va farzandlarimizning yangi avlod pedagoglari huzuriga borishi, shubhasiz, taʼlim sohasi taraqqiyotiga xizmat qiladi.

   Darhaqiqat, partiyamizning yangi avlod pedagoglarini tayyorlash va o‘qituvchilik kasbining jozibadorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy qilish tashabbusiga birinchi darajali vazifa sifatida qaralmog‘i lozim.