Turkiy dunyoning taraqqiyot modeli


596     20.05.2026

Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammiti tuzilma tarixida yangi bosqichni boshlab berdi. Sammit davomida sunʼiy intellekt, raqamli iqtisodiyot, transport-logistika, ekologik xavfsizlik va kiberxavfsizlik masalalari asosiy strategik yo‘nalish sifatida ilgari surildi. Bu turkiy davlatlarning umumiy tarix va madaniy yaqinlik asosida innovatsion taraqqiyot sari intilayotganini ko‘rsatadi.

Navbatdagi norasmiy sammitning Turkistonda o‘tkazilishi qardosh xalqlarning mushtarak tarixiy merosi hamda ularning dinamik va raqamli imkoniyatlarga asoslangan kelajakni barpo etish yo‘lidagi umumiy intilishlari o‘rtasidagi mustahkam bog‘liqlikni ramziy ifodalaydi.

Tadbir davomida ko‘p tomonlama hamkorlikni, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-kommunikatsiya va ekologiya sohalari hamda raqamli infratuzilmani rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va sunʼiy intellektni amalda qo‘llashni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgani bugungi zamonda alohida dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, O‘zbekiston TDTga aʼzo bo‘lganidan so‘ng, transport va logistika sohasidagi hamkorlik mamlakat tashqi iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Global taʼminot zanjirlaridagi o‘zgarishlar, muqobil yo‘nalishlarga bo‘lgan ehtiyojning ortishi va xalqaro transport koridorlari o‘rtasidagi raqobat kuchayishi sharoitida Toshkent yagona transport va tranzit makonini yaratish tashabbuslarini ilgari surib kelmoqda.

Muhim jihatlardan biri: O‘zbekiston parlamenti, xususan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ham TDT doirasidagi integratsiya jarayonlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Parlament vakillari xalqaro uchrashuvlar, parlamentlararo forumlar va qo‘shma komissiyalarda muntazam qatnashib, qonunchilik sohasidagi tajriba almashinuvini kuchaytirmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston parlamenti tomonidan TDT doirasida qabul qilinayotgan qator xalqaro shartnoma va kelishuvlar ratifikatsiya qilinib, ularning milliy qonunchilikka “implementatsiya” qilinishi taʼminlanmoqda. Bu esa mamlakat tashqi siyosatining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlab, xalqaro majburiyatlarni bajarishda parlamentning roli tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Bu galgi Sammitda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar turkiy integratsiyaning yangi – raqamli va innovatsion bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, turkiy davlatlar o‘rtasida raqamli integratsiya, innovatsion hamkorlik va transport bog‘liqligini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Jumladan, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasining “O‘rta koridor” bilan integratsiyalashuvi Markaziy Osiyoning global transport tizimidagi o‘rnini sezilarli ravishda kuchaytiradi. Bu loyiha Xitoydan Yevropaga yuk tashishning muqobil va xavfsiz yo‘nalishini yaratishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, Turkiston sammitida ilgari surilgan tashabbuslar Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatining yangi strategik bosqichga o‘tayotganini ko‘rsatmoqda. Endilikda tashkilot faqat tarixiy-madaniy yaqinlik platformasi emas, balki raqamli iqtisodiyot, sunʼiy intellekt, transport-logistika, ekologik diplomatiya, kiberxavfsizlik, innovatsion rivojlanish kabi yo‘nalishlarni qamrab oluvchi kompleks geosiyosiy va geoiqtisodiy ittifoqqa aylanmoqda.

Eng muhimi, turkiy davlatlar o‘rtasidagi integratsiya umumiy tarixiy meros va sivilizatsion qadriyatlarga tayangan holda zamonaviy texnologik taraqqiyot bilan uyg‘unlashmoqda. Bu esa kelajakda turkiy dunyoning global siyosat va iqtisodiyotdagi taʼsirini sezilarli darajada oshiradi.

 

Ahlidddin JUMAYEV,

Markaziy kengashi mutaxassisi