1435 21.05.2026
Oila - muqaddas dargoh. Inson shu dargohda tug‘iladi, voyaga yetadi. Shu ma’noda ham oilani jamiyatning kichik bir bo‘g‘iniga qiyoslash mumkin. Mehr- oqibat rishtalari, odamiylik mezonlari, milliy qadriyatlarni e’zozlaydigan, avaylaydigan, kelgusi avlodlarga to‘kis yetib borishini ta’minlaydigan mo‘tabar dargoh ham oila hisoblanadi.
Oilada ota shaxsining o‘rni alohida, albatta. Sharqona qadriyatlarda ham otaga bo‘lgan hurmat yuksak fazilat sifatida qadrlanadi. Chunki oilani boshqarish, farzandlarni xalqqa, vatanga munosib etib tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifa ham otalar zimmasida. Ya’ni, farzandning odobi, dunyoqarashi, Vatanga muhabbati va insoniy fazilatlari ko‘p jihatdan ota tarbiyasi bilan chambarchas bog‘liq. Ota jamiyat sha’ni, shavkati himoyachisi, xonadon suyanchig‘i, farzand uchun hayotiy maktab, jasorat va mas’uliyat timsoli ham.
Ammo, afsuski, so‘nggi yillarda otaga nisbatan qarashlar o‘zgarmoqda. Ayrim notavon va chalako‘r kimsalar tomonidan suratga olingan seriallar, ijtimoiy tarmoqlardagi roliklar va hazilomuz chiqishlar orqali ota yovuz qahramon, masxaraboz, noshud ota va qadrsiz er sifatida gavdalantirilmoqda.
Shu jihatdan bugun jamiyatda «Otalar kuni»ni ijtimoiy-siyosiy kun sifatida belgilashga jiddiy ehtiyoj paydo bo‘ldi. «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi faollari ham aynan shu masalada anchadan buyon bong urib kelyapti. Chunki bugungi tarbiyasizliklar, odob va axloq chegaralarining kesib o‘tilayotgani oilada otalar o‘rni kamayib borayotgani bilan bog‘liq.
Xo‘sh, «Otalar kuni» nima uchun kerak?
Otalar kuni nafaqat bayram, balki otalarning oiladagi mas’uliyati, farzand tarbiyasidagi o‘rni hamda jamiyat oldidagi burchini yana bir bor e’tirof etish kunidir. Zero, ota oila tayanchi, farzandi uchun ibrat va mas’uliyat timsolidir. U nafaqat moddiy ta’minotchi, balki farzandning xarakteri, dunyoqarashi va hayotiy qarashlarini shakllantiruvchi tarbiyachi hamdir.
Otalar kunini keng nishonlash orqali jamiyatda mas’uliyatli ota- lik madaniyatini shakllantirish ham mumkin. Bu sana oz bo‘lsa-da, otalarni oilaga, farzand tarbiyasiga qaytarishga undaydi. Shu bilan birga, yosh avlod qalbida ota-onaga hurmat, oilaviy qadriyatlarga sadoqatni mustahkamlaydi.
To‘g‘ri, bu kunni nishonlash bilan juda katta olamshumul o‘zgarishlar yuz bermasligi mumkin. Lekin bir kun bo‘lsa ham otalar haqida jiddiy o‘ylash imkoniyati paydo bo‘ladi. Zero, bu orqali har bir farzand o‘z otasi haqida o‘ylashi, uning qadriga yetishi uchun, ayollar tomonidan esa oilada erkakni e’zozlash va eng asosiysi, qadriyatlarimizni qadrlash uchun turtki beradi.
Hamdam NIYOZOV,
Markaziy kengash bo‘lim boshlig‘i
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 20-may sonidan olindi