“Yurt qayg‘usida 365 kun”


923     21.05.2026

Bugungi globallashuv davrida davlat rahbarining faoliyati faqat siyosiy boshqaruv bilan emas, balki jamiyatning maʼnaviy-ruhiy kayfiyati, xalqning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi va milliy taraqqiyot yo‘nalishini belgilovchi sifatlar bilan ham baholanmoqda. Shu maʼnoda “Yurt qayg‘usida 365 kun” nomli kitob zamonaviy Yangi O‘zbekiston siyosiy hayotini aks ettiruvchi muhim publitsistik-hujjatli manbalardan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur asar bir yil davomida amalga oshirilgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va maʼnaviy jarayonlarni tizimli tarzda yoritishi bilan o‘ziga xos ilmiy-amaliy qiymatga ega.

Kitob nomining o‘ziyoq katta falsafiy mazmunni anglatadi. “Yurt qayg‘usi” tushunchasi Sharq siyosiy tafakkurida davlatparvarlik, xalq dardi bilan yashash va millat manfaatini shaxsiy manfaatdan ustun qo‘yish tamoyillarini ifodalaydi. Jadidlar merosida ham “millat qayg‘usi” eng oliy maʼnaviy mezon sifatida talqin qilingan. Shu nuqtai nazardan qaralganda, asarda davlat boshqaruvining markazida inson qadri, xalq manfaatlari va milliy taraqqiyot g‘oyasi turgani yaqqol ko‘rinadi.

Kitobda mamlakat rahbarining hududlarga tashriflari, xalq bilan muloqotlari, ijtimoiy muammolarni joyida o‘rganishi, iqtisodiy loyihalar bilan tanishuvi, xalqaro uchrashuvlari va strategik tashabbuslari xronologik tarzda bayon etilgan. Bu esa asarni oddiy axborot to‘plamidan ko‘ra siyosiy jarayonlar yilnomasi darajasiga olib chiqadi. Ayniqsa, hududiy muammolarni markazdan turib emas, bevosita joyiga borib o‘rganish tamoyili bugungi davlat boshqaruvida yangi siyosiy madaniyat shakllanayotganidan dalolat beradi.

Asarda iqtisodiy islohotlar masalasi alohida o‘rin egallagani bejil emas. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb etish, sanoatni modernizatsiya qilish, eksport salohiyatini oshirish hamda kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Kitobdagi materiallar ushbu o‘zgarishlarning nafaqat statistik natijalarini, balki ularning inson hayotiga taʼsirini ham ko‘rsatishga urinadi. Bu esa davlat siyosatining markazida “raqam” emas, “inson” turganini anglatadi.

Ijtimoiy himoya, taʼlim va sog‘liqni saqlash tizimidagi o‘zgarishlar ham asarda keng yoritilgan. Ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, zamonaviy taʼlim tizimini shakllantirish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatiladi. Bu jihatlar “inson kapitali” tushunchasi bugungi taraqqiyot modelining asosiga aylanganini tasdiqlaydi.

Kitobning yana bir muhim jihati – unda maʼnaviyat va qadriyatlar masalasiga alohida eʼtibor qaratilganidir. Bugungi davrda ko‘plab davlatlar iqtisodiy taraqqiyot bilan birga maʼnaviy inqiroz muammosiga duch kelmoqda. O‘zbekiston tajribasida esa milliy o‘zlikni saqlash, tarixiy merosni tiklash va maʼnaviy qadriyatlarni mustahkamlash davlat siyosatining ajralmas qismi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Kitobda tarixiy obidalarni taʼmirlash, jadidlar merosini o‘rganish, kitobxonlikni rivojlantirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga oid tashabbuslar keng tilga olinadi. Bu esa maʼnaviy taraqqiyot va siyosiy rivojlanish o‘zaro bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.

Asarning xalqaro siyosatga oid sahifalari ham alohida eʼtiborga loyiq. Unda O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalarini mustahkamlash, Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch muhitini shakllantirish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi faoliyati yoritilgan. Ayniqsa, mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy integratsiya masalalari bugungi geosiyosiy sharoitda strategik ahamiyatga ega ekani namoyon bo‘ladi.

 “Yurt qayg‘usida 365 kun” kitobining yana bir o‘ziga xos tomoni undagi fotomateriallar, hujjatlar va QR-kod orqali qo‘shimcha maʼlumotlar berilganidadir. Bu usul zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini kitob nashriyotiga integratsiya qilishning yangi namunasi hisoblanadi. Natijada o‘quvchi nafaqat matn bilan, balki vizual va multimedia materiallar orqali ham siyosiy jarayonlarni chuqurroq anglash imkoniga ega bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, “Yurt qayg‘usida 365 kun” asari faqat bir yillik faoliyat hisoboti emas. U davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar, zamonaviy boshqaruv tamoyillari, milliy taraqqiyot strategiyasi va xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi siyosiy falsafaning amaliy ifodasidir. Asar bugungi O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichini tushunish, undagi islohotlar mohiyatini anglash hamda davlat boshqaruvidagi yangicha yondashuvlarni tahlil qilish uchun muhim manba sifatida qadrlanishi lozim.

 

Baxtishod RASHIDOV,
Markaziy kengash masʼul xodim