Global bozordagi dadil qadam


557     22.05.2026

Bugun mamlakatimiz iqtisodiy tarixida mutlaqo yangi sahifa ochilmokda. Ilk bor O‘zbekistonning milliy aktivlari xalqaro ommaviy savdoga chiqdi. “Franklin Templton” bilan hamkorlikda O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining aksiyalari bir vaqtning o‘zida London fond birjasi va Toshkent respublika fond birjasida ommaviy taklif jarayoniga chiqarilishi Yangi O‘zbekiston iqtisodiy siyosatining xalqaro eʼtirofidir.

Avvalo, bir narsani alohida taʼkidlash kerak: xalqaro kapital bozori hech qachon ishonchsiz davlatga kirmaydi. Investorlar, ayniqsa, yirik global fondlar mamlakatning qonun ustuvorligiga, institutsional barqarorligiga, moliyaviy ochiqligi va islohotlarning qay darajada ortga qaytmas ekaniga qarab qaror qabul qiladi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugungi ommaviy aksiyalar taklifi so‘nggi yillarda amalga oshirilgan tizimli islohotlarning amaliy natijasi hisoblanadi.

So‘nggi yillarda iqtisodiyotimiz hajmi qariyb uch barobar o‘sdi, davlat boshqaruvida samaradorlik kuchaydi, xususiy mulk daxlsizligi va investorlar huquqlari bo‘yicha kafolatlar mustahkamlandi. Natijada O‘zbekiston xalqaro investorlar uchun yangi ishonchli bozor sifatida shakllana boshladi.

Eng muhimi, bu jarayonda dunyoning eng yirik investitsiya institutlari ishtirok etmoqda. “BlekRok”, “Franklin Resurses”, “Redvill” kabi moliyaviy gigantlarning O‘zbekiston aktivlariga qiziqish bildirishi mamlakatimizga nisbatan xalqaro ishonch oshib borayotganining yaqqol dalilidir.

Bu kompaniyalar har qanday bozorga oddiy tarzda kirmaydi. Ular uzoq yillik tahlil, risk bahosi va strategik prognozlar asosida qaror qabul qiladi.

Ommaviy aksiyalar taklifining yana bir muhim jihati — O‘zbekiston birinchi marta global kapital bozoriga institusional darajada chiqmoqda. Ilgari biz, asosan, davlat kreditlari yoki yevroobligatsiyalar orqali tashqi moliyani jalb qilgan bo‘lsak, endi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aksiyadorlik kapitali orqali xalqaro bozor bilan integratsiyalashyapmiz. Bu esa iqtisodiyotimiz sifat jihatdan yangi bosqichga o‘tayotganini anglatadi. Maʼlumotlarga ko‘ra, jamg‘armaning salmoqli ulushi yuz millionlab dollar miqdorida xalqaro va mahalliy investorlarga taklif etildi.

Bu — xalqaro bozor uchun O‘zbekiston aktivqlariga talab yuqori ekanini ko‘rsatadigan muhim ko‘rsatkich. Yana bir muhim masala — mazkur jarayonning ichki iqtisodiyotimizga taʼsiri. Chunki ommaviy aksiyalar taklifi faqat xoriqjiy investorlar uchun emas. U mahalliy aholi va xususiy investorlar uchun ham yangi imkoniyat eshiklarini ochadi. Endilikda oddiy fuqarolar ham mamlakatning yirik aktivlariga aksiyador sifatida sherik bo‘lish imkoniga ega bo‘lmoqda. Bu esa aholida investitsion madaniyatni shakllantirish, kapital bozorini rivojlantirish va iqtisodiy faollikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayniqsa, London fond birjasi kabi nufuzli maydonda joylashish — O‘zbekiston uchun xalqaro moliyaviy imij nuqtai nazaridan ulkan yutuq. Bu kelgusida yirik sanoat korxonalari, banklar va strategik tashkilotlarning xalqaro bozorga chiqishi uchun ham mustahkam poydevor yaratadi. Albatta, ushbu jarayon bizdan yana-da katta masʼuliyat ham talab qiladi. Chunki xalqaro bozor shaffoflikni, korporativ boshqaruv madaniyatini va hisobdorlikni talab qiladi. Endi har bir qaror, har bir iqtisodiy ko‘rsatkich global investorlar diqqat markazida bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, davlat kompaniyalarida samaradorlik va ochiqlikni yana-da kuchaytiradi.

Eng asosiysi — ayni ommaviy aksiyalar taklifi mamlakatimizdagi islohotlar ortga qaytmasligining amaliy isboti. O‘zbekiston endi yopiq iqtisodiyot emas. Biz global iqtisodiy tizimning faol ishtirokchisiga aylanmoqdamiz. Shu maʼnoda, bu voqeani nafaqat moliyaviy jarayon, balki Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi iqtisodiy nufuzi oshib borayotganining tarixiy ramzi sifatida baholash mumkin.

 

Jamila BOBONAZAROVA,
Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi aʼzosi.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 21-may sonidan olindi