1075 22.05.2026
Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun muhim siyosiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Bugun dunyo miqyosida urbanizatsiya jarayonlari keskin tezlashmoqda. XXI asr o‘rtalariga kelib aholining asosiy qismi shaharlarda yashashi prognoz qilinayotgani shaharlarni rivojlantirish masalasini global xavfsizlik va barqarorlikning muhim omiliga aylantirmoqda. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida aynan shu jihatga alohida e’tibor qaratib, urbanizatsiya nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki ijtimoiy adolat, ekologik barqarorlik va inson xavfsizligi bilan uzviy bog‘liq masala ekanini ta’kidladi.
Ayniqsa, dunyoda milliardlab insonlar munosib yashash sharoitidan mahrum ekani, norasmiy uy-joylar va boshpanasizlik muammosi kuchayib borayotgani haqidagi fikrlar global hamjamiyat oldida turgan vazifalarni yana bir bor ochiq ko‘rsatib berdi. Bu esa har bir davlatdan uzoqni ko‘zlaydigan, inson manfaatlariga yo‘naltirilgan urbanizatsiya siyosatini talab qiladi.
Prezidentimiz tomonidan bildirilgan fikrlarning eng muhim jihati shundaki, O‘zbekiston urbanizatsiyani shunchaki shaharlar sonining ortishi sifatida emas, balki mamlakat taraqqiyotining strategik drayveri sifatida ko‘rmoqda. Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar buning amaliy tasdig‘idir.
Xususan, uy-joy qurilishi hajmining keskin oshirilishi, aholini arzon va sifatli uy-joy bilan ta’minlash dasturlari, norasmiy turar joylarni legallashtirish bo‘yicha qabul qilingan qonunchilik choralari aholi turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Bu jarayonlarda “inson uchun davlat” degan tamoyil amalda o‘z ifodasini topayotganini alohida qayd etish lozim.
Nutqda “Yangi Toshkent” megaloyihasiga alohida urg‘u berilgani ham bejiz emas. Bu loyiha Yangi O‘zbekistonning arxitekturaviy va sivilizatsion qiyofasini belgilab beradigan strategik tashabbusdir. “Yashil”, “aqlli”, “xavfsiz” va “15 daqiqali shahar” konsepsiyalariga asoslangan mazkur megaloyiha zamonaviy shaharsozlikning ilg‘or namunasi bo‘lib xizmat qiladi.
E’tiborlisi, bunday yondashuv faqat poytaxt bilan cheklanib qolmayapti. “Yangi O‘zbekiston” massivlarining barcha hududlarda barpo etilayotgani mamlakatda mutanosib hududiy taraqqiyot ta’minlanayotganini ko‘rsatadi. Bu esa ichki migratsiya bosimini kamaytirish, aholi bandligini ta’minlash va hududlar o‘rtasidagi ijtimoiy tafovutlarni qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan xalqaro tashabbuslar ham katta siyosiy ahamiyatga ega. Xususan, “Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi”ni tashkil etish taklifi raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt imkoniyatlarini urbanizatsiya jarayonlariga keng tatbiq etishda yangi xalqaro platformani shakllantirishi mumkin.
Yangi O‘zbekistonda urbanizatsiya siyosati faqat beton va infratuzilma qurishdan iborat emas. U inson qadrini ulug‘lash, ekologik barqarorlikni ta’minlash, ijtimoiy adolatni qaror toptirish va kelajak avlodlar uchun qulay hayot muhitini yaratishga qaratilgan keng qamrovli taraqqiyot strategiyasidir.
Deputat sifatida aytish mumkinki, mazkur tashabbus va g‘oyalarni hayotga samarali tatbiq etish qonunchilik faoliyati oldiga ham katta vazifalar qo‘yadi. Jumladan, zamonaviy shaharsozlik, ekologik xavfsizlik, raqamli boshqaruv, uy-joy munosabatlari va mahalla institutini qo‘llab-quvvatlashga oid huquqiy bazani yuqoridagilardan kelib chiqib yanada takomillashtirish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Zero, Yangi O‘zbekistonning urbanizatsiya siyosati — bu shunchaki shahar qurish emas, balki inson uchun munosib hayot makonini barpo etish g‘oyasidir. Bu yo‘lda mamlakatimiz xalqaro hamjamiyat bilan ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor ekanini Prezidentimiz nutqi yana bir bor namoyon qildi.
Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati