594 22.05.2026
Markaziy kengashda O‘quv, tadqiqot va tahlil markazi tashabbusi bilan “Siyosiy jarayonlar” tahlil klubi doirasida “Mehnat bozorida yoshlar: Janubiy Koreya tajribasi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbir mehmoni: Koreyashunoslik oliy maktabi dotsenti, Koreya Respublikasining davlat granti — GKSʼning O‘zbekistondagi rasmiy vakili, vitse-prezidenti Dilfuza Abbasova ekspert sifatida ishtirok etdi.
Taʼkidlash lozim, partiyaning tadqiqot yo‘nalishida xorijiy tajribalarni muntazam o‘rganish, ularni milliy manfaat va partiya dasturiy maqsadlari bilan uyg‘un holda tahlil qilish hamda amaliy takliflar ishlab chiqish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, “Siyosiy jarayonlar” tahlil klubi tomonidan xalqaro tajribalar, zamonaviy siyosiy va iqtisodiy jarayonlar muntazam o‘rganilib, ular yuzasidan tahliliy materiallar tayyorlanmoqda, turli tadbirlar o‘tkazilyapti.
Ana shunday tadbirlarning navbatdagisida Janubiy Koreyaning sunʼiy intellekt rivojlanayotgan davrda mehnat bozorini moslashtirish, yoshlar bandligini taʼminlash, kasbiy tayyorgarlik tizimini zamonaviylashtirish hamda davlat va xususiy sektor hamkorligini kuchaytirish borasidagi tajribasi muhokama qilindi.
Janubiy Koreyada yoshlar bandligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonunlar, jumladan “Yoshlar bandligini rag‘batlantirish to‘g‘risidagi maxsus qonun”, yoshlar kvotasi tizimi, AI va raqamli iqtisodiyot sharoitida yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.
Xorijiy tajribalarni partiyaning dasturiy maqsadlari asosida o‘rganish va ular yuzasidan tahliliy yondashuvlarni shakllantirish “Siyosiy jarayonlar” tahlil klubining muhim yo‘nalishlaridan biri ekani taʼkidlandi.