147 30.09.2024
Milliy ilmiy kadrlarni tayyorlash tizimi, byurokratik talablar va Oliy attestatsiya komissiyasini isloh qilish mamlakatning ilmiy-amaliy salohiyatini va taʼlim sifatini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Bugungi kunda oliy va professional taʼlim tizimini rivojlantirish, uni takomillashtirish hamda jahon standartlariga moslashtirish yo‘lida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Biroq globallashuv va texnologik taraqqiyot davrida bu jarayon yanada jadallashtirilishi va chuqurlashtirilishi lozim.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi o‘z Saylovoldi dasturida bu borada jahon tajribasini puxta o‘rgangan holda milliy ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini qayta ko‘rib chiqish, byurokratik talablarni bekor qilish va Oliy attestatsiya komissiyasini isloh etish taklifini ilgari surmoqda. Mazkur tizimlardan samarali foydalanish va ularni yaxshilash milliy iqtisodiyot hamda ijtimoiy taraqqiyotning asosiy omili bo‘lib xizmat qiladi.
Milliy ilmiy kadrlar tayyorlash tizimining hozirgi holatiga nazar solinsa, tizim asosan markazlashtirilgani, mutasaddi idoralar va taʼlim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikda muammolar borligi, ilmiy kadrlarni tayyorlash jarayonida taʼlim va tadqiqot sifatini oshirishga yo‘naltirilgan mexanizm va dasturlar yetishmasligi ayon bo‘ladi.
Shuningdek, zamonaviy ilmiy trendlar va texnologiyalarga muvofiq bo‘lgan taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va joriy qilish, ilmiy tadqiqotlar uchun zarur resurslar va moliyaviy yordam ko‘lamini oshirish, taʼlim sifatini yaxshilash maqsadida yangi taʼlim dasturlari hamda usullari orqali ilmiy kadrlar sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni kengaytirish, taʼlim sohasida zamonaviy va samarali tadqiqotlar bazasini shakllantirish bilan birga bu tizimdagi byurokratiyaning yuqori darajasiga barham berish masalalari ham dolzarbdir.
Tashkilotlar o‘rtasidagi hujjat almashuvi va byurokratiyani kamaytirish uchun raqamli platformalarni qo‘llagan holda elektron hujjatlashtirish hamda maʼlumotlar bazalaridan foydalanish lozim. Bu tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va hujjatlar almashuvi bilan birgalikda ijro jarayonini soddalashtirish imkonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, partiyamiz ilgari surayotgan mazkur tashabbusning hayotga tatbiq etilishi mamlakatimizning ilmiy-amaliy salohiyatini yuksaltirish imkonini beradi.