Yangi O‘zbekistonning shaharsozlik strategiyasi


859     26.05.2026

Maʼlumki, aholisi 10 milliondan ortiq bo‘lgan shaharlar “megapolis” deb nomlanadi va bunday shaharlar soni so‘nggi yillarda keskin oshyapti. Jumladan, 1990-yilda atigi 10 ta shahar ana shunday maqomga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2020-yilda ular soni 34 taga ko‘paydi. 2030-yilga borib esa “megapolis”lar 43 taga yetishi kutilyapti.

Shahar aholisining ko‘paygani yaxshi, albatta. Bu taraqqiyotdan, odamlarning yaxshi sharoitda yashayotganidan, yuqori maosh va katta mehnat bozori, ilg‘or sog‘liqni saqlash va taʼlim, qulay transport, yaxshi madaniy hordiq degani. Lekin urbanizatsiya, yaʼni shahar aholisining tez suratlarda o‘sishi bir qator ijtimoiy muammolarni ham keltirib chiqaradi. Ular asosan uy-joy tanqisligi, oziq-ovqat, tirbandlik, infratuzilma va ekologiya bilan bog‘liq.

Maʼlumotlarga qaraganda, bugun dunyoda qariyb 3 milliard inson birlamchi yashash sharoitlaridan mahrum. Ularning bir milliarddan ziyodi norasmiy turar joy va xarobalarda kun kechirmoqda, 300 milliondan ortiq odam esa o‘z boshpanasiga ham ega emas. Dunyodagi geosiyosiy vaziyat, iqlim o‘zgarishlari, iqtisodiy tanglik xalqaro  migratsiyaning yangi to‘lqinlarini ham paydo qildi va urbanizatsiya global barqarorlik va xavfsizlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri taʼsir ko‘rsatuvchi jiddiy muammoga aylanmoqda. Bunday omillar esa ushbu yo‘nalishda qatʼiy va kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rishni talab etmoqda.

Ozarbayjon poytaxti – Boku shahrida “Barcha uchun uy-joy: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda hamjamiyatlar” mavzusida o‘tgan Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasida ham global taraqqiyotning eng dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Yangi O‘zbekistonda ham urbanizatsiya strategik masalalardan biriga aylangani bejiz emas. 1991-yil O‘zbekistonning shahar aholisi 40,3 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2018-yilga kelib bu raqam 50,6 foizga yetdi. Yaqin 15 yilda mamlakatimiz aholisi 50 million nafarga, urbanizatsiya darajasi esa 65 foizga yetishi kutilyapti. Bu, shubhasiz,  hududlarimizni mutanosib rivojlantirish va iqtisodiy o‘sishni taʼminlash, shaharlar infratuzilmasini yaxshilash uchun katta imkoniyatdir.

Albatta, mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina o‘tgan yili rekord ko‘rsatkich – 106,5 mingta yangi xonadon, joriy yilning birinchi choragida esa 3,3 million kvadrat metr turar-joy foydalanishga topshirildi. Lekin qurilish sohasi mamlakatimiz demografik o‘sishidan ortda qolmoqda. Yiliga 200 mingta yangi oila paydo bo‘layotgani eʼtiborga olinsa, uy-joy tanqisligi 90 mingdan ortiq xonadonni tashkil etadi. Shu bois, 2030-yilda ushbu ko‘rsatkichni yana 1,5 barobarga oshirish choralari ko‘rilyapti. Aholini arzon uy-joy bilan taʼminlash dasturlariga har yili byudjetdan qariyb 2 milliard dollar mablag‘ ajratilayotgani ham eʼtiborga molik jihatdir.

Ikki million aholiga mo‘ljallangan “Yangi Toshkent” megaloyihasi ham ushbu yo‘nalishdagi eng muhim vazifa hisoblanadi. Loyihada zamonaviy shaharsozlikning eng ilg‘or yechimlari – “yashil”, “aqlli”, “xavfsiz”, “15 daqiqali” shahar tamoyillari to‘liq hisobga olingan bo‘lib, birinchi bosqichning o‘zida qiymati 25 milliard dollardan ortiq investitsiya loyihalari boshlandi. Eng muhimi, bu kabi loyihalar nafaqat poytaxtda, “Yangi O‘zbekiston” massivlari nomi ostida mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshirilyapti.

Forumda Davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekiston tajribasidan kelib chiqib, bir qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Ular kichik va o‘rta shaharlarni uyg‘un rivojlantirish, sohaga sunʼiy intellekt va raqamli transformatsiyani keng joriy etish va shu maqsadda xalqaro “Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi”ni tuzish, arzon uy-joylar qurishni ko‘paytirish, global iqlim o‘zgarishlaridan kelib chiqib, “yashil shaharlar”ni barpo etish bo‘yicha umumiy tamoyillarini qabul qilish bilan bog‘liq. Shuningdek, Butunjahon urbanizatsiya forumining 15-sessiyasini 2030-yilda Yangi Toshkentda o‘tkazish taklifi bildirildi.

 Albatta, Qonunchilik palatasi ham sohadagi normativ-huquqiy hujjatlarni yanada takomillashtirish va yangilarini qabul qilish orqali ushbu jarayonda faol ishtirok etmoqda. Jumladan, 2024-yilda qabul qilingan o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari, ularda qurilgan bino va inshootlarga egalik huquqini beruvchi qonun bilan shu kungacha 100 mingga yaqin uyga hujjat rasmiylashtirib berildi. Aholiga yanada yengillik berish maqsadida ushbu qonunga yaqinda o‘zgartishlar kiritildi va bu boradagi ishlar deputatlik nazoratiga olingan.

Shu kunlarda imzolanishi kutilayotgan “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun ham aholining uy-joy bilan bog‘liq muammolarini hal etishga yordam beradi. Chunki bugun ko‘pqavatli uylarning qariyb 74 foizi eskirgan. Eng muhimi, bu jarayonni  ixtiyoriylik, xususiy mulk daxlsizligi, ochiqlik va shaffoflik tamoyili asosida amalga oshirish qonunning eng muhim jihati hisoblanadi. 

 

Abdulhakim ESHBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati