924 26.05.2026
Taʼkidlash lozim, bugungi davrda kitobxonlikni rivojlantirish masalasi faqat taʼlim yoki madaniyat sohasi bilan cheklanmaydi. U milliy xavfsizlik, mafkuraviy barqarorlik va maʼnaviy taraqqiyotning ham muhim omiliga aylanmoqda. Chunki kitob o‘qigan inson mustaqil fikrlaydi, tahlil qiladi va turli zararli g‘oyalarga nisbatan mafkuraviy immunitetga ega bo‘ladi. Shu bois kitobxonlikni rivojlantirish kelajak avlodning tafakkurini shakllantirish demakdir.
Bugun Yangi O‘zbekistonda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 22 may kuni “Milliy kitobxonlik harakati”ga start berilgani esa bu boradagi ishlarning yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatadi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida xalqaro maydonda kuchli davlat sifatida namoyon bo‘lish uchun ikki muhim tayanch – boy ilmiy-maʼnaviy meros hamda zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar uyg‘unligi zarurligini alohida taʼkidladi. Aynan kitob ana shu ikki asosni birlashtiruvchi eng muhim vosita hisoblanadi. Chunki kitob nafaqat inson tafakkurini shakllantiradi, tarixiy xotirani mustahkamlaydi, balki jamiyatning maʼnaviy immunitetini kuchaytiradi.
Maʼlumki, xalqimiz tarixan kitob va ilmni ulug‘lab kelgan. Sharq Renessansi davrida yashab ijod qilgan Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino hamda Alisher Navoiy kabi buyuk allomalar ilm-maʼrifat orqali butun insoniyat taraqqiyotiga xizmat qilgan. Ularning bebaho merosi bugungi kitobxonlik siyosatining tarixiy ildizlarini tashkil etadi. Shu maʼnoda, bugungi kitobxonlikka qaratilgan eʼtibor milliy uyg‘onishning mantiqiy davomi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda bu borada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani eʼtiborga molik. Jumladan, kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kutubxonalarni zamonaviylashtirish, yoshlarni mutolaaga jalb etish, jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish kabi masalalar davlat dasturlari darajasiga ko‘tarildi.
Prezidentimizning 2026 yilning 15 yanvarida qabul qilingan “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori esa bu yo‘nalishdagi ishlarni tizimli bosqichga olib chiqdi. Mazkur hujjatda 2026-2030 yillarda aholi tomonidan yiliga o‘rtacha 10 ta kitob o‘qish darajasiga erishish strategik maqsad sifatida belgilandi. Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi huzurida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish, yosh yozuvchilarni grantlar orqali qo‘llab-quvvatlash, tarjima va nashr ishlariga subsidiya ajratish kabi muhim vazifalar belgilandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yosh kitobxon” tanlovi ham mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirishning samarali mexanizmlaridan biriga aylandi. Mazkur tanlov millionlab yoshlarni kitob bilan oshno qilishga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda ushbu loyiha nafaqat bilimlar bellashuvi, balki yoshlarning tafakkurini, dunyoqarashini va maʼnaviy salohiyatini yuksaltiruvchi muhim platformaga aylangan.
“Milliy kitobxonlik harakati” doirasida endilikda har yili final bosqichi Prezident darajasida o‘tkazilishi, umumiy mukofot jamg‘armasi 240 ming dollarni tashkil etishi va bosh sovrin sohibi 50 ming dollar bilan taqdirlanishi ham davlatning kitobxonlikka bo‘lgan yuksak eʼtiborini ko‘rsatadi. Mazkur harakat mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab oladi va unda umumtaʼlim maktablarining 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin. Xulosa qilib aytganda, bugungi Yangi O‘zbekistonda kitobga bo‘lgan eʼtibor uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasining muhim tarkibiy qismiga aylanmoqda.
Alijon MUXTOROV,
partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i