Ayollar forumi osiyo miqyosidagi sermahsul muloqot maydoniga aylandi


502     26.05.2026

Ko'hna va boqiy Buxoro shahri yana bir bor sivilizatsiyalar tutashgan markazga aylandi. Yaqinda bu yerda bo‘lib o‘tgan Osiyo xotin-qizlarining ikkinchi forumi nafaqat mintaqaviy, balki global ahamiyatga ega tarixiy voqelik sifatida e'tirof etilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, 20 dan ortiq xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlardan yuqori martabali mehmonlar, jumladan, BMT bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi Ijrochi direktori, Shanxay hamkorlik tashkiloti, xalqaro moliya institutlari vakillari, Osiyo parlamentlarining ayol a’zolari hamda xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari vakillarining ishtiroki mazkur anjumanning nufuzi naqadar yuqori ekanidan dalolat beradi.

Buxoro forumi anjuman bugungi dunyo uchun juda muhimligini qator jihatlari bilan namoyish etdi. Samarqandda o‘tkazilgan birinchi forum bunday muloqot maydoniga qanchalik katta ehtiyoj borligini ko‘rsatgan va xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlangandi. Buxoroda mazkur maydonni doimiy platformaga aylantirish yo‘lida muhim qadam tashlandi.

Zero, bugun hech bir davlat xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirmasdan turib barqaror taraqqiyotga erisha olmaydi. Shu bois mazkur platforma nafaqat muloqot, balki umumiy yondashuvlar, amaliy hamkorlik va qo‘shma tashabbuslarni shakllantirish maydoniga aylandi. Bu maydon — global tahdidlarga qarshi kurashda ayollar birdamligining yorqin ifodasi.

Hech ikkilanmasdan aytish mumkinki, iqlim o‘zgarishi, kambag‘allik, tengsizlik va turli kamsitishlarga qarshi samarali yechimlarga faqat xotin- qizlarning faol ishtiroki orqali erishish mumkin. Shuning uchun ham turli sohalarning faol ayollarini qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida xalqaro hamkorlik va tajriba almashinuvini kengaytirish bugungi dolzarb vazifalardan biridir. Boz ustiga, Osiyo xalqlarini ming yillik tarixiy ildizlar, madaniy yaqinlik va ma’naviy qadriyatlar birlashtirib turadi. Forum aynan mana shu mushtaraklikni yangi bosqichga olib chiqdi. Buxorodek muqaddas shaharda turli millat va din vakillari bo‘lgan ayollarning jam bo‘lishi — madaniyatlararo muloqotning eng oliy namunasi, desak, adashmagan bo‘lamiz. Bu yerda muhokama qilingan masalalar faqat huquqiy emas, balki insoniy qadriyatlarga asoslangani bilan ahamiyatlidir.

 

Intellektual va ijtimoiy salohiyat

Osiyo qit’asida istiqomat qilayotgan 5 milliardga yaqin aholining qariyb yarmini ayollar tashkil etadi. Bu ulkan intellektual va ijtimoiy salohiyat demak. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, biz ayollar timsolida nafaqat nafosat sohibalarini, balki mamlakatlar taraqqiyotini jadallashtirishga qodir bo‘lgan ulkan bunyodkor kuchni ko‘ramiz. Forum mana shu kuchni birlashtirish, uning imkoniyatlarini iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarga yo‘naltirish uchun maydon vazifasini o‘tadi.

Forumda qatnashgan ayollarning yuksak professional mahorati va boy tajribasi Osiyo mamlakatlarida adolatli jamiyat barpo etishning muhim omili sifatida ko‘rildi. Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoyalash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ilgari surilgan takliflar nafaqat mintaqa, balki dunyo miqyosidagi standartlarni belgilashga xizmat qiladi. Buxoro forumi doirasida ayollarning ta’lim, sog‘liqni saqlash va raqamli texnologiyalar sohasidagi rolini oshirish bo‘yicha strategik yo‘nalishlar belgilab olindi. Bu, o‘z navbatida, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda yangi impuls bo‘ladi.

Mazkur forumning O‘zbekistonda, xususan, Buxoroda o‘tkazilishi mamlakatimizda olib borilayotgan ochiqlik va inson qadrini ulug‘lash siyosatining xalqaro e’tirofidir. O‘zbekiston xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z tajribasini Osiyo qit’asi bilan baham ko‘rmoqda hamda bu borada yangi mintaqaviy muloqot formatini yaratmoqda. Aytgan bo‘lardimki, Osiyo xotin-qizlarining Buxoro forumi yangi Osiyo uyg‘onishida ayollarning o‘rnini belgilab beruvchi manifestga aylandi. Birdamlik va hamkorlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan ushbu anjuman xalqlar farovonligini yuksaltirish, adolatli dunyoni barpo etish yo‘lidagi eng muhim qadamlardan biri bo‘lib tarixda qoladi.

Zero, ayol baxtli bo‘lgan jamiyat — barqaror va kelajagi porloq jamiyat. Buxoro zaminida yangragan ushbu haqiqat bugun butun Osiyo qit’asi bo‘ylab aks sado bermoqda. Anjuman O‘zbekistonning ayollar huquqlarini himoya qilish va kengaytirish borasidagi tajribasini o‘rtoqlashishda o‘ziga xos maydon vazifasini ham o‘tadi. Tan olaylik, aynan xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish Yangi O‘zbekistonning ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bu shunchaki siyosiy deklaratsiya emas, balki erkin, adolatli va farovon jamiyat barpo etish yo‘lidagi izchil demokratik yangilanishlarning ajralmas qismidir.

 

Adolatli va inklyuziv davlat barpo etishning muhim strategiyasi

Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik shunchaki majburiyat emas, balki jamiyatning har bir a’zosi teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lgan adolatli va inklyuziv davlat barpo etishning muhim strategiyasidir. Ayolga e’tibor — bu inson shaxsiga, uning qadriga yuksak ehtiromning oliy namunasi bo‘lib, bu siyosat O‘zbekistonni xalqaro maydonda ham gender tenglik va inson huquqlarini himoyalashda yetakchi mamlakatlardan biriga aylantirmoqda. Bunday izchil sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekiston chinakam erkin va farovon jamiyat qurish yo‘lida dadil qadam tashlamoqda.

Bevosita Buxoroda bo‘lib o‘tgan Osiyo xotin-qizlari forumida ilgari surilgan takliflarga qaytadigan bo‘lsak, u mintaqa ayollarining rolini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir. Qadimiy tuproqda, tarixiy va ma’naviy meros timsoli bo‘lgan maskanda qabul qilingan Osiyo xotin-qizlari ikkinchi forumining Buxoro deklaratsiyasi mintaqa va butun dunyo uchun chuqur strategik ahamiyat kasb etadi. Ushbu hujjat nafaqat anjuman ishtirokchilarining umumiy fikri, balki kelajak avlodlar uchun xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini mustahkamlash, ularning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirishga qaratilgan muhim dasturilamaldir. Deklaratsiya xotin-qizlarni barcha sohada, xususan, iqtisodiyot, siyosat, ta’lim va madaniyatda to‘laqonli ishtirokchi sifatida tan oladi. U mamlakatlar taraqqiyoti va farovonligi uchun ayollarning hissasi naqadar muhim ekanini yana bir bor ta’kidlaydi. Bu esa inklyuziv rivojlanish tamoyillarini amalga oshirish uchun mustahkam huquqiy va siyosiy poydevor yaratadi.

Deklaratsiya faqat teng huquqlarni e’lon qilish bilan cheklanmay, balki gender tenglikni amalda ta’minlashga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni belgilab beradi. Xususan, iqtisodiy mustaqillikni ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish kabi yo‘nalishlar ayollarning moliyaviy va ijtimoiy erkinligini oshirishga xizmat qiladi.

Buxoro deklaratsiyasi sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini o‘rgatuvchi platforma tashkil etish taklifini o‘z ichiga oladi. Bu ayollarni zamonaviy ish o‘rinlariga tayyorlash, ularni “raqamli tafovut”dan xoli qilish yo‘lidagi muhim qadamdir. Bu, ayniqsa, Osiyoning rivojlanayotgan mamlakatlari uchun o‘ta dolzarb. Deklaratsiya xotin- qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro hamjamiyat tomonidan belgilangan umumiy normalarga tayanishi bilan ham ahamiyatli. Uning qabul qilinishi Osiyo davlatlari uchun bu borada o‘z milliy qonunchiligini takomillashtirish va xalqaro majburiyatlarni bajarishda muhim yo‘nalish bo‘lib xizmat qiladi.

 

Hamkorlikni mustahkamlovchi Buxoro deklaratsiyasi

Buxoro deklaratsiyasi Osiyo mamlakatlari o‘rtasida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlaydi. U doimiy muloqot maydoni sifatida faoliyat yuritib, tajriba almashish, mushtarak yechimlarni topish va amalga oshirish uchun platforma yaratadi. Bu esa mintaqaning umumiy taraqqiyotiga zamin hozirlaydi.

Deklaratsiyaning eng muhim jihatlaridan biri — bu davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning rolini oshirishga qaratilganligidir. Bu, avvalo, barcha darajadagi qarorlar qabul qilish jarayonida ayollarning faol ishtirokini ta’minlashni ko‘zda tutadi. Jamiyatning yanada muvozanatli va barqaror rivojlanishiga olib keladi. Deklaratsiya shunchaki hujjat emas, balki yangi Osiyoni qurishda ayollarning bunyodkor kuchini birlashtiruvchi, ularning huquqlarini himoya qiluvchi va kelajakka yo‘naltirilgan strategik “Yo‘l xaritasi”dir. Uning amaldagi ijrosi Osiyo qit’asini yanada ravnaq topgan, adolatli va teng huquqli jamiyatlar makoniga aylantirishga xizmat qiladi. Deklaratsiyadagi har bir band Osiyo ayollarining bugungi va ertangi kunini yanada yorug‘ qilishga qaratilgan ulkan umid hamda ishonchning ifodasi bo‘ldi.

Forumda Buxoro davlat pedagogika instituti olimalari ham munosib ishtirok etdi. Tadbirda ular tomonidan bir-biridan dolzarb, muhim masalalar kun tartibiga qo‘yildi, asosiysi, takliflarga oid loyihalar, muammolarga doir yechimlar ham aytib o‘tildi. Yetakchi ayollar, olimalar o‘zaro fikr almashdi, birgalikda loyihalar tayyorlashni rejalashtirdi, mustahkam aloqalar o‘rnatdi.

Yangi O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan turli tashabbuslar Osiyo qit’asidagi millionlab ayollar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Texnologiya, iqtisodiyot va siyosiy iroda birlashgan joyda taraqqiyot bo‘lishi muqarrar. Buxoro forumi esa ushbu taraqqiyotning mayog‘i bo‘lib xizmat qiladi.

 

Bahodir MA’MUROV,
Buxoro davlat pedagogika instituti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 25-may sonidan olindi