“Safimizga qo‘shiling, biz “Milliy tiklanish” va uning nomzodlariga ovoz beramiz!”


167     01.10.2024

    Oliy Majlis Qonunchilik palastasiga ko‘rsatilgan 175, mahalliy Kengashlarga ko‘rsatilgan 5695 nafar nomzodning targ‘ibot-tashviqot tadbirlari qizg‘in pallaga kirdi. Targ‘ibot tadbirlari hamda nomzodlar bilan uchrashuvlarda partiyaning 2025-2029-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturining mazmun-mohiyati bilan birga nomzodlarning o‘z dasturlari ham tanishtirilyapti.

    “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiori ostida o‘tayotgan ana shunday uchrashuvlardan biri Konimex tumanidagi Zafarobod qo‘rg‘onida bo‘lib o‘tdi. Turli millat vakillari, mahalla faollari hamda yoshlar ishtirokida o‘tgan uchrashuvni Navoiy viloyati Kengashi raisi Ilhom Rajabov ocharkan, ushbu tadbir Zafarobod qo‘rg‘onida bejiz tashkil etilmaganini taʼkidladi. Viloyatda partiyaning 55 mingdan ortiq aʼzosi bo‘lib, ularning 4 mingdan ortig‘i “Navoiyuran” DKga qarashli “Zafarobod” kon boshqarmasida ishlaydi. Aʼzolar orasida turli millat vakillari bor. Umuman, bugun viloyatda 10 dan ortiq milliy-madaniyat markazlari faoliyat yuritmoqda. Birgina “Zafarobod” kon boshqarmasida 40 dan ortiq millat vakillari xizmat qilyapti. Partiyadan Navoiy viloyati bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga majoritar saylov tizimi bo‘ycha 3 nafar, viloyat Kengashiga 40 nafar, shahar va tuman Kengashlariga esa 230 nafar nomzod ko‘rsatilgan bo‘lib, ular orasida ham turli millat vakillari bor. Uchrashuvda partiya Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov so‘zga chiqib, partiya uchun Yangi O‘zbekiston islohotlari haqiqiy maʼnoda o‘z maqsad va vazifalari hayotiyligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega ekanini, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek buyuk maqsad esa barchani birlashtirib, tinimsiz izlanishlarga, bor kuch-g‘ayrat va bilimini ana shu maqsadlarga qaratishga undayotganini taʼkidladi.

    “Milliy tiklanish” har qanday sharoitda milliy manfaatlarni murosasiz himoya qilish, jamiyatni yot madaniyatlar hisobiga emas, balki urf-odat, anʼana va qadriyatlarga asoslanib rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi.

    - Partiyamiz “Barcha milliy qadriyatlar qadrlidir” tamoyili asosida Yangi O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirish, ularning milliy qadriyatlarini saqlash, urf-odatlari va anʼanalarini rivojlantirish, buning uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratishni qo‘llab-quvvatlaydi. Biz birmiz, o‘zbekistonlikmiz, - dedi Alisher Qodirov.

    Partiyaning bosh maqsadi “Qudratli davlatga tayangan, qonunlari milliy va umuminsoniy qadriyatlarga uyg‘un, inson qadri baland, farovon jamiyat qurish” bo‘lsa, bosh shiori “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot”dir. Shular asosida xalqimizning milliy qadriyatlari, azaliy urf-odat va anʼanalarini, maʼnaviy va madaniy merosini asrash va ularni keng targ‘ib etish, har bir yurtdoshimiz ongida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga hissa qo‘shishdir. Shundan kelib chiqib, partiya o‘zining yangi saylovoldi dasturida tarbiya va taʼlimni ustuvor masala sifatida belgiladi hamda bu borada muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surmoqda.

    Davlatimiz rahbarining: “Najot - taʼlimda, najot - tarbiyada, najot – bilimda”, degan taʼkidining o‘ziyoq buning yaqqol dalilidir. Buni dunyo miqyosda isbot talab qilmas haqiqat, aksioma bilan ifodalaydigan bo‘lsak: “Eng katta investitsiya taʼlimga kiritilgan investitsiya”, ekani nafaqat bir mamlakat yoki xalqni, balki butun jahonni ham taʼlim-tarbiya, ilm va intellekt umumbashariy taraqqiyot va tamaddun sari yetaklaydi. “Yangi O‘zbekiston - maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi” degan konseptual g‘oya ham bejiz ilgari surilayotgani yo‘q.

    Ana shulardan kelib chiqib, “Yangi avlod tarbiyachi va pedagoglarini tayyorlash Davlat dasturi”ni qabul qilish, shuningdek, pedagogikaga layoqati bor maktab bitiruvchilarini saralash va ularning davlat buyurtmasi asosida o‘qishini tashkil etish taklifi ilgari surilmoqda.

    Chunki keyingi yillardagi tahlillar ushbu dasturning nihoyatda muhimligini yaqqol ko‘rsatib qo‘yadi. Bugun farzandlarimiz yangicha davrda yashayotgan bo‘lsalarda, ularga tarbiya va taʼlim berayotgan pedagoglar zamonaviy yoshlarga qanchalik mos, ularning talabiga javob beradimi, degan savol ham bejiz kun tartibiga chiqmayapti. Shu bois, partiya yangi avlod pedagoglarini tayyorlash va o‘qituvchilik kasbining jozibadorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilishga birinchi darajali vazifa sifatida qarayapti.

    Ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish maqsadida moslashuvchan ish vaqtini joriy qilish, ayollarning oilada ko‘proq bo‘lishlari uchun sharoitlar yaratish, talaba onalar farzandlari uchun oliy taʼlim muassasalari huzurida maxsus bolalar xonalari yoki bog‘chalar tashkil etish, farzand ko‘rgan ayollarga bola uch yoshga to‘lguniga qadar haq to‘lanadigan “Onalik taʼtili” berish masalalari ham biz uchun ustuvordir.

    Uchrashuvda Alisher Qodirov ayollarni ham harbiy xizmatga jalb etish bilan bog‘liq savolga ham javob qaytarib, harbiy xizmat erkaklarga majburiy, ayollarga esa tanlov asosida bo‘lishi lozimligini taʼkidladi. Umuman, 18 yoshga to‘lgan, biroq oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga kira olmagan yoshlarning barchasi harbiy xizmatni o‘tashi lozim. O‘zbek o‘g‘lonlarining har biri Vatan himoyasi kabi muqaddas burchga har on shay turishlari shart. Harbiy xizmat yoshlarni vatanparvarligini oshirish bilan birga, intizomli, jurʼatli, har qanday qiyinchiliklarga bardoshli bo‘lishni ham o‘rgatadi. Chunki bugun ming afsuski, yoshlarimiz orasida yengil-yelpi hayotini xohlovchilar ko‘payib boryapti. Ana shunday qizg‘in savol-javoblar ruhida o‘tgan uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar - Dilnoza G‘afforova, Kozim Tojiyev ham so‘zga chiqib, saylovchilarga o‘zlarining saylovoldi dasturlarida ilgari surilgan g‘oya va maqsadlar haqida gapirib berdilar.

    Partiyaning saylovoldi targ‘ibot-tashviqot tadbirlari, shuningdek, nomzodlar bilan uchrashuvlar boshqa hududlarda ham davom etmoqda.

    Hamdam NIYOZOV, partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i