“Behalovat avlod”


615     02.06.2026

Partiya Markaziy kengashida 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Jonatan Haidtning “Behalovat avlod” kitobi bo‘yicha ekspertlar muloqoti tashkil etildi. Partiya tomonidan bunday tadbir bejiz tashkil etilgani yo‘q. So‘nggi yillarda internetning bolalar ruhiyatiga ta’siri haqida bejiz ko‘p gapirilmayapti. Zamonaviy avlod bugun asosiy vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazmoqda va bu ularning nafaqat ruhiy salomatligi, shaxsiy rivojlanishiga, balki ta’lim-tarbiyasi, ma’naviyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatyapti.

Kitobda aynan ushbu muammolar ko‘tarilgan bo‘lib, yechimlari bo‘yicha ham takliflar bildirilgan. Jumladan, bolalarga smartfondan foydalanishni ma’lum yoshgacha cheklash, ta’lim muassasalarida telefondan foydalanishni tartibga solish va ota-onalarning bu boradagi mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalar ilgari surilgan.

Shu jihatdan, “Behalovat avlod” oddiy psixologik qo‘llanma emas, balki zamonaviy jamiyat uchun muhim ogohlantirish vazifasini bajaradigan ilmiy-psixologik asardir. Muallif texnologiyalarning ijobiy jihatlarini inkor etmagan holda, ulardan me’yorsiz va nazoratsiz foydalanish yosh avlodning jismoniy, ruhiy va ijtimoiy rivojlanishiga xavf tug‘dirishi mumkinligini asoslab bergan.

Partiyaning Saylovoldi dasturida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, yoshlarni “ommaviy madaniyat” niqobi ostida tarqatilayotgan zararli media mahsulotlar ta’siridan himoya qilish, ijtimoiy tarmoqlarning salbiy oqibatlari bo‘yicha ota-onalar va o‘quvchilar uchun qo‘llanmalar yaratish hamda bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilangan. 

Muloqotda ushbu masalalar borgan sari dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgani va kitobda ham smartfonlar, ijtimoiy tarmoqlar o‘smirlar orasida behalovatlik, depressiya va ijtimoiy yolg‘izlikka qanday yo‘l ochayotgani ilmiy dalil va hayotiy misollar asosida tahlil qilingan.

Hamdam Niyozov