548 02.06.2026
Siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Xalq so‘zi” gazetasida eʼlon qilingan “Millat shavkati” nomli maqolasini o‘qib Samarqand viloyatida keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, beqiyos o‘zgarishlar ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ldi. Unda Samarqandning nafaqat tarixiy-madaniy meros markazi, balki Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy, investitsion va geosiyosiy taraqqiyot nuqtalaridagi o‘rni tobora ortib borayotgani, bunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qatʼiyati, odilona siyosati katta o‘rin tutayotgani asosli dalillar bilan ko‘rsatib berilgani eʼtiborga molik, albatta.
Darhaqiqat, bugun Samarqand mutlaqo yangi qiyofa kasb etmoqda. Bir paytlar faqat tarix va qadimiy obidalar shahri sifatida tasavvur qilingan hudud endilikda zamonaviy infratuzilma, yirik investitsiya loyihalari, xalqaro forumlar va turizm markaziga aylanib bormoqda. Kisqacha aytganda, viloyatdagi o‘zgarishlar bugun Yangi O‘zbekistonda kechayotgan yangilanishlarning hududiy ifodasidir, desak yanglishmaymiz.
Shu o‘rinda oxirgi uch yildagi raqamlarga eʼtibor qaratsak, yalpi hududiy mahsulot 2023 yilda 74,1 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda 99,9 trillion so‘mga, 2025-yilda 121,5 trillion so‘mga yetdi. O‘sish surʼati ham 2023-yilda 5,6 foiz, 2024-yilda 6,9 foiz, 2025-yilda 8,0 foiz bo‘lgan. Uch yillik dinamika viloyat iqtisodiyotida barqaror o‘sish shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Hozirgi kunda sanoat, investitsiya va qurilishdagi o‘sish aholi bandligi hamda mahalliy byudjet daromadlari uchun muhim asos yaratayotgan bo‘lsa, bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik, chorvachilik mahsulotlari ichki bozorni to‘ldirish bilan birga, viloyat iqtisodiyotiga qo‘shimcha qiymat olib kirmoqda.
Samarqand taraqqiyotini turizmsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. 2025-yilda viloyatga 3 milliondan ortiq xorijlik va 5,3 million mahalliy sayyohlar kelgani esa ushbu soha hududda nafaqat turistlar oqimini, balki xizmatlar va kichik biznes zanjirini ham kengaytirayotgani bor gap.
Imom Buxoriy majmuasi, Imom Moturidiy merosi, qadimiy qadamjolarni asrab-avaylash, xalqaro anjumanlar va festivallarning Samarqandda o‘tkazilishi xalqimizda o‘z tarixi va kelajagiga bo‘lgan ishonchni kuchaytirmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy majmuasining yangidan bunyod etilishi va uning atrofida zamonaviy infratuzilma yaratilishi ziyorat turizmi uchun yangi imkoniyatlarni keng ochmoqda.
Samarqand viloyatidan saylangan deputat sifatida tuman va mahallalarga borganimda, odamlar bilan yuzma-yuz suhbatlashganimda shuni his qilamanki, taraqqiyot odamlar daromadi, bandligi, tadbirkorlik faolligi va mahallalardagi amaliy o‘zgarishlarda ko‘rinadi. Bu yangilanishlar esa aholi hayotiga kirib bormoqda. Keyingi yillarda shahar va tumanlarda barpo etilayotgan zamonaviy yo‘llar, mehmonxonalar, yangi uy-joylar, maktab va bog‘chalar, tibbiyot muassasalari bunga yaqqol misoldir.
Albatta, bunday keng qamrovli o‘zgarishlarning mustahkam huquqiy asosi ham yaratildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Qonunchilik palatasi tomonidan Samarqand viloyatining maʼmuriy-hududiy rivojlanishi bilan bog‘liq qator muhim qarorlar qabul qilindi. Xususan, Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlari chegaralarini o‘zgartirish, Samarqand tumanini tugatish hamda Samarqand shahri, Oqdaryo, Pastdarg‘om va Toyloq tumanlari hududlarini qayta belgilashga oid qarorlar hududlarni kompleks rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bu qarorlar orqali shahar atrofidagi hududlarni zamonaviy shaharsozlik talablari asosida rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish va investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari yanada ortdi.
Eng muhimi, Samarqandda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ishlar odamlar kayfiyatida, hayotga munosabatida, ertangi kunga ishonchida yaqqol sezilmoqda.
Samarqand bugun faqat tarixiy merosi bilan emas, balki zamonaviy iqtisodiy faolligi, turizm salohiyati va aholi hayotidagi o‘zgarishlar bilan ham Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim hududiy namunasiga aylanib bormoqda.
Azamat PARDAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
"Xalq so‘zi” gazetsining 2026-yil 27-may sonidan olindi