912 03.06.2026
Bugun “Milliy tiklanish”ning siyosiy sahnaga kirib kelganiga 31 yil to‘ldi. 1995 yilning 3 iyunida partiya milliy mustaqillik g‘oyalarini murosasiz himoya qilish, milliy ruh va dunyoqarashga ega bo‘lgan avlodni vatanparvarlik g‘oyalari asosida tarbiyalash, milliy qadriyatlarimizni asragan holda zamonaviylik kasb etish, eng asosiysi, milliy birlikni o‘z maqsadi, deb bilgan fuqarolarning qarash va manfaatlarini birlashtiruvchi kuch sifatida o‘z faoliyatini boshlagan edi.
Albatta, Vatanimiz istiqlolining dastlabki yillarida partiya ilgari surgan g‘oyalarni nafaqat ko‘tarish, ular haqida gapirishning o‘zi qahramonlik edi. Zero, o‘shanda endigina to‘rt yoshga to‘lgan mustaqil O‘zbekistonga tashqi tahdidlar kuchayib, mamlakatda guruhbozlik, radikalizm avj olgandi.
O‘zlikni anglash, ming yillik qadriyatlarni tiklash, ajdodlarimiz merosini saqlash kabi o‘ta hayotiy vazifalar o‘sha davr uchun hayot-mamot masalasi bo‘lib, “Milliy tiklanish” ana shunday nozik bir davrda siyosiy maydonga chiqqandi. Partiya tarixi haqida gap ketganida, shubhasiz, ana shu voqealar esga tushadi. Bugun esa Yangi O‘zbekistonda siyosiy partiyalar uchun keng yo‘l, katta imkoniyatlar eshigi ochildi. Dastlabki kunlardanoq “ziyolilar partiyasi” deya nom olgan partiya uchun “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan islohotlar chin ma’noda imkoniyatlar davriga aylandi. Ta’kidlash lozim, bugun globallashayotgan dunyoda tinchlik va totuvlikka chaqiradigan ajdodlar o‘giti, insonparvar g‘oyalarga to‘yingan milliy qadriyatlarning ahamiyati tobora kun tartibidagi eng ustuvor masalaga aylanmoqda. Xalqaro hamjamiyat ham ushbu murakkab va o‘zaro bog‘liqlikdagi muammolarni faqatgina inson qadri, huquq va erkinliklarini samarali ta’minlash hamda ushbu maqsadda dunyo davlatlari, parlamentlar, biznes hamjamiyati, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro samarali hamkorligiga tayangan holdagina hal etish mumkinligini e’tirof etmoqdalar. Bunday talablar esa, eng avvalo, xavfsizligimizni asrash bilan birga milliy qadriyatlarimizni qattiq himoya qilishni taqozo etadi. Ana shulardan kelib chiqib, “Milliy tiklanish” 2023-yilda konstitutsiyaviy islohotlar tashabbuskorlaridan biri bo‘ldi va haqiqiy ma’nodagi Xalq Konstitutsiyasi qabul qilinishida faol ishtirok etdi. Partiya unda dasturiy maqsad va vazifalarini aks ettirish imkoniyatiga ham ega bo‘ldi va bunga ma’lum ma’noda erishdi ham. Jumladan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosiga tayanish, davlat majburiyatlarida nafaqat madaniy yodgorliklar,
balki tarixiy, ma'naviy, madaniy, ilmiy merosimizni ham qonun bilan muhofaza qilinishiga erishdi. Konstitutsiyamizda partiyamiz tashabbusi bilan tarbiya va ta'lim o'chog'i bo'lgan oilani barpo etishda milliy qadriyatlar, nikoh tuzuvchilarning roziligi va teng huquqliligiga asoslanishi ham mustahkamlab qo'yildi. Bosh Qonunda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida esa davlat va jamiyat yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, o‘z yurti hamda xalqining boy madaniy, ma’naviy merosidan faxrlanish, Vatanga mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi, davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratishiga oid normalar ham o‘z ifodasini topdi.
Bugunga kelib, partiyamiz g‘oyalariga bo‘lgan qiziqishning muttasil oshib borayotganini a’zolarimiz soni 1 millionlik ko‘rsatkichga yaqinlashganida ham ko‘rish mumkin. O‘tgan yillar davomida partiyamiz siyosati yanada qat’iylashdi, faqat natija uchun ishlashni bosh maqsadga aylantirdik. Islohotlarga nisbatan qarashlar, ertangi kunga bo‘lgan munosabatlar o‘zgardi. Saylovchi talabidan kelib chiqib, deputatlar zimmasidagi vazifalar yanada kuchaytirildi. Barcha darajadagi deputatlar tom ma’noda xalq vakili bo‘lishi shart, degan haqqoniy talab partiya faoliyatining asosiy qoidasiga aylandi.
Natijada partiyaning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida belgilangan 146 ta vazifaning 11 tasi qonunlarda, 38 tasi Prezident qaror va farmonlarida, 45 tasi Vazirlar Mahkamasi va vazirliklar qarorlarida o‘z ifodasini topdi. 36 ta vazifa «O‘zbekiston-2030» strategiyasini 2025 yilda amalga oshirishga oid Davlat dasturidan joy oldi. Bundan tashqari 40 ta vazifa fraksiyaning qonunchilik tashabbuslari, parlament va jamoatchilik eshituvlari, nazorat tahlil o‘rganishlari hamda partiyaviy loyiha va aksiyalar orqali ijro etildi.
Alohida qayd etish lozim, bugun partiya fraksiyasining asosiy minbari bo‘lgan parlament so‘z va erkin qarashlar asosida har qanday masalaga huquqiy yechim beradigan milliy maydonga aylanmoqda. Bunday yangilanish va o‘zgarishlar jarayonida partiyaning parlament quyi palatasidagi 29 nafar deputati ham faol ish olib boryapti. Bundan 31 yil avval hatto o‘z binosiga ham ega bo‘lmagan «Milliy tiklanish» Yangi O‘zbekiston parlamentida «Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot» shiori ostida mustahkam pozitsiya va qarashlarini himoya qila oladigan ikkinchi yirik kuchga aylandi.
Bugun partiyaning har bir a’zosi jamiyat rivojiga to‘siq bo‘layotgan dolzarb muammolardan tortib, xalqaro masalalarni ham dadil ko‘tarib chiqmoqda. Chunki Yangi O‘zbekiston islohotlari bahslashadigan emas, birlashadigan nuqtaga keldi. Zero, bugun ana shu vazifalar mohiyatini anglaganlar 31 yildan beri bir safda. Shu bois, tilimizda bir kalom: «Sening bir bo‘laging ekanligimdan faxrlanaman, jadidlar armoni va orzusi bo‘lgan jonajon partiyam!».
Akmaljon JUMABOYEV,
Markaziy kengash raisi o‘rinbosari
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 3-iyun sonidan olindi