Raqamli makon va kooperatsiya: YEOII sammitidagi O‘zbekiston tashabbuslari


720     04.06.2026

Bugungi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan geoiqtisodiy voqelik va global inqirozlar davrida har bir davlat o‘z milliy manfaatlarini himoya qilish hamda iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash uchun eng maqbul tashqi siyosiy yo‘nalishlarni tanlashi zarur. O‘zbekiston uchun Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi(YEOII) mamlakatlari bilan amaliy hamkorlikni izchil kengaytirish va chuqurlashtirish tashqi iqtisodiy siyosatning eng muhim hamda strategik yo‘nalishlaridan biridir.

So‘nggi yillarda mamlakatimizning YEOII davlatlari bilan munosabatlari oddiy savdo aloqalari doirasidan chiqib, mutlaqo yangi — kompleks iqtisodiy sheriklik bosqichiga ko‘tarildi. Bu — iqtisodiyotning deyarli barcha tarmog‘ini qamrab olmoqda. Kuzatuvchi davlat maqomidagi sheriklikning so‘nggi besh yilida O‘zbekistonning YEOII mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi qariyb ikki barobar oshdi. Iqtisodiy aloqalar tarkibida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushi ortib borayotgani, kooperasiya loyihalari kengayayotgani, ayniqsa, muhim. Bu hamkorlarimiz ishlab chiqarish zanjirlarini mustahkamlashdan chinakam manfaatdorligini aks ettiradi.

Asosiy logistik ko‘prik

O‘zbekiston dengiz yo‘llariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqa olmaydigan, atrofi quruqlik bilan o‘ralgan davlat bo‘lgani sababli YEOII hududi biz uchun tashqi bozorlarga chiqishda eng asosiy logistik ko‘prik hisoblanadi. Shu bois logistika aloqalarni mustahkamlash va transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish hayotiy ahamiyatga ega.

Shu maʼnoda, joriy yilning 29 may kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida Prezidentimiz kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etib nutq so‘zlashi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim voqea bo‘ldi. O‘zbekiston yetakchisi o‘z nutqida mamlakatimizning YEOII bilan munosabatlari bugungi kunda kompleks iqtisodiy hamkorlik tusini olganini alohida taʼkidladi. Eʼtirof etish kerakki, O‘zbekiston hamda YEOII o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanib borayotganini o‘zaro savdo hajmining barqaror o‘sishi, logistika aloqalarining mustahkamlanishi, raqamli iqtisodiyot hamda energetika sohasidagi yangi loyihalar ijrosi ham isbotlaydi.

Davlatimiz rahbari sammitda har doimgidek qator amaliy tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, joriy yilda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan amaldagi uch yillik Hamkorlik rejasi yakuniga yetmoqda. Shu munosabat bilan 2026 yil kuzida Toshkentda o‘tkaziladigan Qo‘shma ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi doirasida yangi strategik reja qabul qilishni taklif etdi. Yaqinda texnik jihatdan tartibga solish tizimlarini yaqinlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning tasdiqlangani tadbirkorlar uchun milliy standartlarni uyg‘unlashtirish va savdodagi to‘siqlarni kamaytirish yo‘lidagi juda muhim qadam bo‘ldi. Toshkentda Yevroosiyo taraqqiyot bankining mamlakat ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani hamda sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yangi loyihalar portfeli shakllantirilgani sheriklikning moliyaviy poydevori mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.

Aytish joizki, bugungi tezkor zamonda anʼanaviy bojxona va savdo usullari o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda. Shundan kelib chiqib Prezidentimiz integratsiyaning eng zamonaviy va samarali vositasi — raqamlashtirish masalasiga alohida to‘xtaldi. Elektron tijoratni tartibga solish yondashuvlarini muvofiqlashtirish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya nazorati sohalarida raqamli maʼlumot almashishni yo‘lga qo‘yish hamda elektron hujjatlarni bosqichma-bosqich o‘zaro tan olish tizimini yaratishni taklif qildi. Bu tizim tadbirkorlar uchun vaqt va mablag‘ni tejash imkonini beradi.

Raqamli tranzitni joriy etish,

ulanish va chegara-o‘tkazish punktlarini modernizatsiya qilish orqali tovarlar harakatini tezlashtirish lozim. Bu tashabbus nafaqat O‘zbekiston, balki butun YEOII hududida tranzit salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Darvoqe, aprel oyida Toshkentda o‘tkazilgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” VI xalqaro sanoat ko‘rgazmasi biznes doiralarining o‘zaro sheriklikka bo‘lgan yuqori qiziqishini yana bir bor ko‘rsatdi. Yurtboshimiz ushbu ko‘rgazma salohiyatidan foydalangan holda istiqbolli yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan Sanoat kooperatsiyasi dasturini tayyorlashni taklif qildi. Bu sanoat avtomatizatsiyasi va robototexnika, energetika sohalari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish, suv tejovchi texnologiyalar hamda zamonaviy qurilish materiallarini qamrab oladi. Yana bir eng muhim tashabbuslardan biri — O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlikda kooperatsiya bo‘yicha “yagona darcha” formatidagi qo‘shma loyiha ofisini ochishga tayyorligini bildirdi. Ushbu ofis sheriklarni tanlash, erkin sanoat zonalari negizidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirishni jalb qilishga ko‘maklashadigan markazga aylanadi.

Raqamli tranzit nima uchun zarur?

Bugungi kunda hamkorlikning diqqat markazida qator masalalar turganini taʼkidlash joiz. Masalan, raqamli tranzit tizimiga o‘tish vazifasini olaylik. Bu nima beradi? Avvalo, bu qog‘ozbozlikni kamaytirish va vaqtni tejash uchun elektron hujjat almashinuvini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi, “aqlli” bojxona yo‘laklari yaratishda ham qo‘l keladi. Mazkur reja amalga oshirilsa, chegara-o‘tkazish punktlarini modernizatsiya qilish va nazorat jarayonlarini raqamlashtirish orqali tovarlar harakatini bir necha barobar tezlashtirish mumkin bo‘ladi.

Zamonaviy dunyoda raqamli texnologiyalarsiz iqtisodiy o‘sishni tasavvur qilib bo‘lmaydi. O‘zbekiston — YEOII davlatlari o‘rtasida yagona raqamli makonni shakllantirish bo‘yicha faol ishlar olib borilayotir. Bunda elektron tijorat qoidalarini muvofiqlashtirish, bojxona va fitosanitariya sohalarida raqamli maʼlumot almashishni yo‘lga qo‘yish va tovarlarning kelib chiqish sertifikatlarini elektron tizim orqali o‘zaro tan olish ustuvor vazifadir. Mazkur choralar soyadagi iqtisodiyot ulushini kamaytirishga hamda halol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Energetika sohasidagi hamkorlik esa nafaqat savdo, shu bilan birga mintaqaviy xavfsizlik omiliga aylanyapti. Iqlim o‘zgarishi hamda energiya resurslariga talabning ortishi fonida YEOII mamlakatlari bilan suv-energetika balansini saqlash, gaz va elektr energiyasi tranziti hamda yetkazib berish tizimini muvofiqlashtirish borasida yangi yo‘nalishlar shakllanmoqda. Shuningdek, xizmatlar ko‘rsatish, moliyaviy sektor hamda mehnat migratsiyasini tartibga solish sohalarida ham tizimli muloqot kuchayib borayotir.

O‘zbekistonning YEOII bilan munosabatlarida yuksak siyosiy va iqtisodiy donishmandlik ko‘zga tashlanadi. Mamlakatimiz tashkilotda kuzatuvchi davlat maqomini saqlab qolgani holda milliy iqtisodiyotning suvereniteti va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning manfaatlarini qatʼiy himoya qilmoqda. Bir vaqtning o‘zida Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Janubiy Osiyo hamda AQSH bilan muvozanatli aloqalarni rivojlantirayotgan rasmiy Toshkent YEOII bilan hamkorlikni faqat va faqat milliy manfaatlar, o‘zaro hurmat hamda teng hukuqlilik tamoyillari asosida olib boryapti.

O‘zbekiston va YEOII davlatlari o‘rtasidagi kompleks iqtisodiy sheriklik — bu bugungi kunning obyektiv talabi va istiqbolli yo‘nalishi. Raqamli iqtisodiyotni joriy etish, logistika zanjirlarini osonlashtirish va sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish orqali O‘zbekiston o‘z milliy raqobatbardoshligini oshirish hamda aholi farovonligini taʼminlashga qaratilgan strategik maqsadlariga ishonch bilan erishmoqda.

Xalqaro iqtisodiy integratsiya uchun keng yo‘l

Kezi kelganda YEOII maqsad vazifalari, uning ishida O‘zbekiston ishtirokining ahamiyatiga ham to‘xtalsak. Mazkur tashkilot 2015 yilda tashkil etil-gan bo‘lib, aʼzo davlatlar o‘rtasida tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchining erkin harakatlanishini taʼminlashga qaratilgan xalqaro iqtisodiy integrasiya tashkilotidir. Hozirgi vaqtda tashkilotga 5 ta davlat aʼzo. Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Qirg‘iziston va Armaniston.

O‘zbekiston 2020-yildan buyon ushbu tashkilotda kuzatuvchi davlat maqomida ishtirok etib kelmokda.

YEOII, birinchidan, katta bozor hamda eksport imkoniyati yuqori tuzilma. Tashkilotga aʼzo davlatlarning umumiy aholisi 180 milliondan ortiq. Uning faoliyatida ishtirok O‘zbekiston mahsulotlarining (ayniqsa, meva-sabzavot, to‘qimachilik va tayyor kiyim-kechak) bu bozorga boj to‘lovlarisiz va qo‘shimcha to‘siqlarsiz kirishini taʼminlaydi.

Ikkinchidan, mehnat muhojirlari uchun qulayliklar yaratadi, yaʼni bu eng muhim nuqtalardan biridir. YEOII aʼzosi bo‘lgan davlat fuqarolari uchun Rossiya hamda Qozog‘istonda ishlash ancha osonlashadi. Patent va qo‘shimcha ruxsatnomalar talab qilinmaydi. Ijtimoiy hamda tibbiy sug‘urta imtiyozlaridan foydalanish mumkin bo‘ladi. Diplomlar va malaka sertifikatlari o‘zaro tan olinadi.

Uchinchidan, O‘zbekiston dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlat sifatida o‘z yuklarini Rossiya hamda Qozog‘iston orqali tashishda imtiyozli tariflarga ega bo‘lishi va tranzit jarayoni tezlashishi mumkin.

To‘rtinchidan, standartlarning bir xilligi mahsulotlarni sertifikatlash hamda texnik talablarning yagona tizimga kelishi eksportyorlarga bir xil qoidalar asosida ishlash imkonini beradi.

Hozircha O‘zbekiston hukumati YEOII ishida kuzatuvchi maqomida. Mamlakatimiz tashqi siyosatda va tashqi iqtisodiy siyosatda juda ehtiyotkor hamda pragmatik siyosat yuritayotir. Zero, O‘zbekiston suverenitetini qadrlaydi. Kuzatuvchi maqomi esa tashkilot ichidagi jarayonlarni yaqindan o‘rganish, milliy iqtisodiyotga bo‘ladigan taʼsirlarni hisoblab chiqish, milliy qonunchilikni integratsiyaga tayyorlash uchun vaqt beradi.

YEOII O‘zbekiston uchun, birinchi navbatda, mehnat muhojirlarining ahvolini yaxshilash hamda eksport hajmini oshirish uchun imkoniyatdir. Ammo bu yo‘lda mahalliy sanoatni himoya qilish va siyosiy-iqtisodiy mustaqillikni saqlab qolish kabi jiddiy sinovlar mavjud. Shu sababli rasmiy Toshkent hozircha to‘liq aʼzolikka shoshilmasdan, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuzatuvchi sifatida davom ettirayotir.

Prezidentimizning Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishidagi ishtiroki hamda ilgari surgan hayotiy takliflari mamlakatimizning tashqi iqtisodiy siyosatdagi yuksak pragmatizmini ifodalaydi. Kuzatuvchi davlat sifatida O‘zbekiston tashkilot ichidagi ehtimoliy xavflarni minimallashtirgan holda raqamli hamda sanoat transformatsiyasi imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanish strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Bu pirovardida milliy iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini oshirishga va aholimiz farovonligini taʼminlashga xizmat qiladi.

 

To‘lqin TESHABOYEV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 2-iyun sonidan olindi