620 04.06.2026
“Milliy tiklanish” uchun “Oila – muqaddas qo‘rg‘on”, qadriyatlar beshigi, Vatan ichra vatandir. Partiya oilaning jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lishini, nikoh O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishini qo‘llab-quvvatlaydi. Partiyaning saylovoldi dasturida ham oila institutini mustahkamlash, tom ma’noda qadriyatlar beshigiga aylantirish, ajrimlar sonini kamaytirish borasida bir qator vazifalar belgilangan.
Shu kunlarda partiyaning mahalliy Kengash deputatlari ishtirokida “Oilaviy ajrimlar uchun davlat bojini oshirish – ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy jihatlar” mavzusida o‘tayotgan ochiq muloqotlar ham ushbu vazifalar ijrosi yo‘lida tashkil etilmoqda.
Partiyaning Toshkent shahar va Farg‘ona viloyati Kengashlarida o‘tgan ana shunday tadbirlarda ta’kidlanganidek, oilaviy ajrimlar uchun davlat bojining oshirilishi nafaqat oilaviy qadriyatlarni himoya qilishga, balki oilani mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ochiq muloqotlarda oilaviy ajrimlarning kelib chiqish sabablari, uning jamiyat va yosh avlod tarbiyasiga ta’siri, shuningdek, davlat boji miqdorini oshirish orqali oilalarni asrab qolish mexanizmlarini kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama qilinmoqda. Soha mutaxassislarining fikricha, ajrimlar masalasida faqat moliyaviy choralar bilan emas, balki oilalarda ma’naviy muhitni mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va psixologik ko‘mak tizimini kuchaytirish orqali ham yondashish zarur.
Ta’kidlanganidek, oilaviy ajrimlar nafaqat jamiyatning asosi bo‘lgan muqaddas oila institutini yemirmoqda, balki u bilan bog‘liq asriy qadriyatlarimiz, avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy rishtalarga ham jiddiy putur yetkazyapti. Oilaviy ajrimlar nosog‘lom ijtimoiy muhitni yuzaga keltirishi bilan birga bolalar ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Jamiyatning demografik va barqaror rivojlanish poydevorini zaiflashtiryapti.
Feruza Jalilova,
"Ayollar qanoti" rahbari