729 05.06.2026
Mana uch kundirki, Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tgan uchrashuv, ta'bir joiz bo‘lsa, tarixiy muloqotda muhokama qilingan masalalar yurtdoshlarimiz tilidan tushmayapti. Uchrashuvda asosiy mavzu sifatida madaniyat va san’at, ma’naviyat ahlini rag‘batlantirish, o‘zbek madaniyati va kreativ industriyasini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
«Madaniyat va san’at rivojlanmagan jamiyatda ma’naviy yuksalishga, milliy taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. San'at - millatning ko‘zgusi, uning borlig‘i va ruhidir», deya ta’kidladi davlatimiz rahbari uchrashuv avvalida. Darvoqe, millat qudrati yurtning iqtisodiy ko‘rsatkichlari, balandparvoz rejalari bilan emas, balki uning ma’naviyati, adabiyoti va san’atining yuksalishi vobastaligida belgilanadi. Prezidentimiz nutqida xalqning dunyodagi obro‘si uning madaniyati bilan chambarchas bog‘liq ekani alohida ta’kidlangani ham shundan. - Qaysi millatning adabiyoti boy, musiqasi yurakka yaqin, teatri hayotiy, kinosi ta’sirchan, san’ati jozibador bo‘lsa, o‘sha xalqning ovozi dunyoda baland eshitiladi».
Anglaganimizdek, Yangi O‘zbekistonda inson qalbini tarbiyalaydigan ulkan ma’naviy muhit shakllantirilmoqda. Bu yo‘lda ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, madaniyat va san’at namoyandalari, kreativ industriya vakillarining o‘rni beqiyosdir. Davlat rahbarining madaniyat va san’at xodimlari bilan o‘tkazgan ochiq va samimiy muloqoti shunchaki tarmoqdagi muammolar tahlili yoki navbatdagi rag‘batlantirish marosimi emas, albatta. Bu - global mafkuraviy inqirozlar va sayozlik tegrasida turgan dunyoda millatimiz qudratini yanada yuksaltiruvchi ustuvor vazifalar ko‘lamidir. Zero, bugun dunyo shiddat bilan o‘zgaryapti, globallashuv to‘lqinlari milliy o‘zlikni yutib yuborishga shay turibdi. Bunday tahlikali zamonda yoshlar qalbida ezgulik va vatanparvarlik tuyg‘usini saqlab qolish - muz ustida olov yoqish bilan barobar. Prezident bu uchrashuvni aynan 1 iyun sanasida belgilab, «Millat kelajagini asrash va vatanparvarlik tarbiyasini men madaniyat va san’at ahliga ishonib topshiraman» deya yuksak siyosiy irodasini ham namoyon etdi.
Tan olish kerak, uzoq yillar davomida madaniyat sohasiga ikkinchi darajali tizim sifatida qarab keldik. Aynan mana shunday yuzaki yondashuv jamiyatni ma’naviy zalolat yoqasiga yaqinlashtira boshladi. Biroq bugun davlat siyosati ijodkorni maishiy muammolar iskanjasidan qutqarish, uning ijtimoiy maqomini yuksaltirishni tarixiy vazifa sifatida kun tartibiga qo‘ydi. Tizimdagi xodimlarning ish haqi ikki barobarga oshirilishi, boshqa hududlardan kelib ijod qilayotganlar uchun uy-joy ijarasi kompensatsiyasi joriy etilishi ijodkorga faqat o‘z kasbi va mahorati ustida ishlash uchun mutlaq imkoniyat berilishi, shuningdek, bolalar kontenti, xususiy teatr va san’at ta’limi tashkilotlari uchun misli ko‘rilmagan soliq imtiyozlari berilishi, shubhasiz, sohada tub burilishlarga sarzamin bo‘ladi. Shayxontohur tumani va Nukus shahrida yirik Kreativ parklar qurilishining boshlanishi esa san’atni o‘z-o‘zini ta’minlay oladigan, mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladigan qudratli tarmoqqa aylantiradi.
«Ijodkor odam ro‘zg‘or tashvishi, ijara puli yoki kitob chop etish xarajatlari haqida o‘ylab, siqilib yashamasligi kerak. Uning fikru xayoli faqat go‘zallik yaratish, millatning dardini kuylash bilan band bo‘lishi lozim».
Endilikda eng sara asarlar uchun maxsus ijodiy davlat buyurtmalari berilishi, kitoblarning qog‘oz xarajatlari to‘liq davlat tomonidan qoplanishi, respublika va xalqaro tanlovlar g‘oliblarining yirik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirilishi o‘zbek madaniyatini dunyo sahnasiga olib chiqishga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, davlat ijodkorning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash orqali uning tafakkur erkinligini kafolatlamoqda. Bugungi raqamli taraqqiyot asri har bir ijodkordan ma’naviyat qalqoni bo‘lishdek zalvorli vazifani o‘z zimmasiga olishni taqozo etmoqda. Qolaversa, Prezidentimiz tomonidan sohaning 167 nafar ilg‘or vakiliga yuksak davlat mukofotlari, «Xalq artisti», «Xalq rassomi», «Xalq baxshisi» kabi faxriy unvonlarning tantanali topshirilishi oddiy rag‘bat emas. Bu - davlat va jamiyatning ijod ahliga bo‘lgan ehtiromi va ishonchi ramzi hamdir.
Yurtboshimiz jon kuydirganlaricha bor: «Ba’zan bizda milliy ruh yetishmayotgandek bo‘lyapti. Sahna asarlari bor, lekin kuchli ta’siri yo‘q. Qo‘shiqda ovoz bor, lekin xalqning o‘tkir nafasi sezilmayapti. Kinoda harakat bor, lekin xalqning dardi, g‘ururi va xarakteri ko‘rinmayapti. Ba’zi asarlarda shakl bor, lekin katta g‘oya yo‘q. Milliy o‘zligimiz va ruhiyatimizni ifodalash uchun ijod va san’atdan ta’sirliroq va kuchliroq vosita yo‘q, desam, fikrimga qo‘shilasizlar. Shu bois, bizga milliy ruhni uyg‘otadigan san’at kerak, xalqni ilhomlantiradigan adabiyot kerak, yoshlarga faxr va iftixor beradigan kino kerak, qalblarni junbushga keltiradigan musiqa kerak, odamning o‘zini anglashga undaydigan teatr kerak».
Bu ming-minglab yurtdoshlarimiz dilidagi gaplar bo‘ldi. Ekranlarda ko‘rsatilayotgan sayoz seriallar va yengil-yelpi qo‘shiqlar madaniyatimizni boshi berk ko‘chaga boshlayotgani haqiqat aslida!
Milliy madaniyatimiz va ma’naviyatimizning ko‘zgusi bo‘lgan kino hamda musiqa san’atidagi chuqur inqiroz va tijoriylashuv kundan kunga avj olayotgani, televizor qarshisida o‘tirgan tomoshabin har kuni bir xil, qayta ishlanaverib mazasi qolmagan syujetlar girdobida qolayotgani fojiamiz emasmi... Bugun bizga tijoriy manfaat uchun yaratilgan «konveyer» seriallar emas, yurak qoni bilan yozilgan badiiy asarlar asosidagi filmlar kerak. Millatning ma’naviy qiyofasi ekrandagi maishiy botqoqliklarda emas, balki yuksak qadriyatlarda aks etishi lozim. Nafaqat seriallarimiz, balki musiqa san’atimiz ham haminqadar ahvolda. Zamonaviy o‘zbek estradasida ovozlar tiniq, musiqiy bezak (oranjirovka) boy, videokliplar qimmatbaho, lekin bu qo‘shiqlar uzoq yashamayapti. Ular «bir martalik idishlar» kabi tez unutilyapti.
Zero, xalqimiz ijod ahlidan ma’naviy ildizlarimizga, adabiy durdonalarimizga asoslangan haqiqiy san’atni kutmoqda. Muloqotning eng jozibali qismi davlat rahbarining ijodkorlar oldiga qo‘ygan qat’iy va haqqoniy talabi bo‘ldi: «Davlat sizga eshiklarni lang ochib berdi, barcha to‘siqlarni olib tashladi. Endigi gap - sizlarning vijdoningiz va iqtidoringizda. Xalqimiz sizlardan asrlar osha yashaydigan, dunyo sahnalarini mahv etadigan buyuk asarlar kutmoqda», deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Agar yozuvchining qalami sotilsa, san’atkor yengil qarsaklar va arzon shuhrat ketidan quvsa, maydonni sayozlik va ma’naviyatsizlik egallaydi. Zamon ijodkordan dadil maydonga chiqishni, yuzakilik qobig‘ini yorib o‘tib, Yangi O‘zbekiston Uchinchi Renessansining haqiqiy bosh me’moriga aylanishni talab qilmoqda. Zero, madaniyati yuksak xalq hech qachon yengilmaydi, o‘z yo‘lidan adashmaydi.
Shahlo BAQOYEVA,
"Milliy tiklanish" muxbiri
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 3-iyun sonidan olindi