O‘zini o‘zi boshqarish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha muhim tashabbusimiz


183     02.10.2024

   O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi o‘z Saylovoldi dasturida mahalla raisi va uning yordamchilari vakolat muddatlarini besh yilga uzaytirish, ko‘pi bilan ikki marta saylanish tartibini joriy etish taklifini ilgari surmoqda. Bu taklif o‘zini o‘zi boshqarish tizimi samaradorligini oshirish hamda mahalla raislari faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Partiyamizning ushbu taklifi bir qator jihatlari bilan ahamiyatlidir.

   Birinchidan, mahalla raisi va uning yordamchilari vakolat muddatlarini besh yilga uzaytirish fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini samarali ro‘yobga chiqarish imkonini beradi. Yangilangan Konstitutsiyaning 127-moddasida davlat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi, ularga qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashadi. Qayd etilgan ishlarni amalga oshirish uchun muayyan vaqt va saʼy-harakatlar talab etiladi. Vakolat muddatlarini ko‘paytirish o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining samarali va tizimli asosda tashkil etish imikoniyatini yaratadi.

   Ikkinchidan, mahalla raisi vakolatlarini besh yil qilib belgilash “Mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish va uning aʼzolari o‘rtasida samarali hamkorlikni taʼminlashga xizmat qiladi. Bugungi kunda mahallabay ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilib, “Mahalla yettiligi” tashkil etildi. “Mahalla yettiligi” faoliyatida aynan mahalla raisi ko‘pgina vazifalarni bajaradi. Ular ijrosini samarali va o‘z vaqtida bajarish uchun mahalla raisi faoliyatini takomillashtirish, uning vakolatlari muddatini uzaytirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

   Uchinchidan, xorijiy mamlakatlar tajribasiga ko‘ra, samarali mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishning mavjudligi demokratiyaning muhim tayanchi hisoblanadi. Germaniyada munitsipalitetlar hududlarni inobatga olgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish orqali 4 yildan 6 yilgacha bo‘lgan muddatga saylanadi. Kanadada munitsipalitetga saylovlar odatda har 4 yilda bir marotaba o‘tkaziladi. Avstraliyada mahalliy kengashlar 4 yilgacha muddatga saylanadi.

   Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi ayrim mamlakatlarda (Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston) mahalliy boshqaruv organlarining vakolat muddatlari 5 yilgacha etib belgilangan.

   Xulosa qilib aytganda, mahalla raisi va uning yordamchilari vakolat muddatlarini besh yilga uzaytirish, ko‘pi bilan ikki marta saylanish tartibini joriy etish o‘zini o‘zi boshqarish tizimining samaradorligiga hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni ijobiy hal etish uchun qulay imkoniyat yaratadi.