Yevroosiyo makonida taraqqiyot ufqlari


688     09.06.2026

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi ishtiroki va nutqi mamlakatimizning xalqaro iqtisodiy munosabatlardagi faol pozitsiyasini yana bir bor namoyon etdi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyot modeli, mintaqaviy hamkorlik, texnologik rivojlanish va inson kapitaliga tayanadigan kelajak strategiyasini atroflicha bayon qildi.
Bugun Rossiya mamlakatimiz uchun nafaqat yirik iqtisodiy hamkor, balki vaqt sinovidan o‘tgan strategik sherik va ittifoqchi hisoblanadi. Keyingi o‘n yillikda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi uch barobardan ziyod o‘sib, 13 mlrd. dollarga yetdi. qo‘shma loyihalar portfeli esa 50 mlrd. dollardan oshdi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, hamkorlik endi faqat savdo munosabatlari bilan cheklanib qolmasdan sanoat kooperatsiyasi, texnologik hamkorlik, innovasion ishlanmalar va inson kapitalini rivojlantirish kabi strategik yo‘nalishlarni ham qamrab olmokda.
Bu borada taʼlim sohasiga alohida urg‘u berilgani ham bejiz emas. Zero, har qanday iqtisodiy taraqqiyotning asosida malakali kadrlar va raqobatbardosh inson kapitali turadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 32 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasi filiali faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning 15 tasi Rossiyaning nufuzli universitetlari filiallaridir.
Mazkur hamkorlikning amaliy natijalari haqida fikr yuritadigan bo‘lsak bunda Olmaliq va Toshkent shaharlarida tashkil etilgan birinchi qo‘shma muhandislik maktablari alohida ahamiyatga ega. Ushbu tashabbusni oddiy taʼlim loyihasi sifatida baholab bo‘lmaydi. Chunki muhandislik maktablari kelajakda yuqori texnologiyali sanoat uchun zarur bo‘lgan yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga xizmat qiladi. Bu yerda talabalar nazariy bilim bilan birga zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, raqamli texnologiyalar va innovatsion muhandislik yechimlarini amaliyotda o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Prezidentimizning nutqida energetika sohasidagi hamkorlik masalalariga ham keng o‘rin berildi. Ayniqsa, O‘zbekistonda birinchi gibrid atom elektr stansiyasini qurish loyihasi mamlakatimiz uchun strategik ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan eng muhim tashabbuslardan yana biri — “Yevroosiyo texnologik sanoatlashtirish kamari”ni shakllantirish g‘oyasi. Ushbu tashabbusning mohiyati Yevroosiyo makonidagi davlatlarning sanoat, texnologiya va innovatsiya sohasidagi salohiyatini birlashtirishdan iborat.
Bu taklif ishlab chiqarish klasterlari, texnologik markazlar, taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlarni yagona raqamli platforma orqali bog‘lashni nazarda tutadi. Eng muhimi, mazkur tashabbus texnologiya yaratishdan tortib, kadrlar tayyorlash, mahsulot ishlab chiqarish va tashqi bozorlarga chiqishgacha bo‘lgan to‘liq zanjirni shakllantirish imkonini beradi. Bu g‘oyaning strategik ahamiyati shundaki, u Yevroosiyo hududini faqat xomashyo yetkazib beruvchi emas, balki yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqaruvchi makonga aylantirishga xizmat qiladi. O‘zbekiston esa o‘zining geografik joylashuvi, yosh aholisi va iqtisodiy salohiyati bilan mazkur jarayonning muhim ishtirokchilaridan biri bo‘lishi mumkin.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi nutqi nafaqat O‘zbekistonning bugungi iqtisodiy yutuqlari, balki mamlakatimiz taraqqiyotining kelgusi strategik yo‘nalishlarini ham aniq ko‘rsatdi. Ilgari surilgan tashabbuslar inson kapitali, zamonaviy taʼlim, innovatsion texnologiyalar, energetika va sanoat kooperatsiyasiga asoslangan yangi taraqqiyot modelining mazmun-mohiyatini ochib berdi. Eng muhimi, bu tashabbuslar O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy makonidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash, mamlakatimizda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan iqtisodiyotni shakllantirish hamda kelajak avlodlar uchun mustahkam taraqqiyot poydevorini barpo etishga xizmat qiladi.

 

Odiljon MAMATKARIMOV,
Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi
"Xalq so‘zi" gazetasining 2026-yil 9-iyun sonidan olindi