Madaniy meros obyektlarini ijaraga berish tizimini tartibga solish


172     03.10.2024

   O‘zbekiston necha asrlar osha o‘zining boy tarixi va madaniyati bilan dunyo ahli eʼtiborini o‘ziga tortib keladi. Yurtimizda joylashgan tarixiy-meʼmoriy obidalar ajdodlarimizning tengsiz aqlu zakovati, aniq fanlar borasidagi boy tajribasidan dalolat beradi. Betakror moddiy-madaniy merosni avaylab asrash, uni kelgusi avlodga bus-butun yetkazish barchamiz uchun ham qarz, ham farzdir.

   Bugungi kunda mamlakatimizda 7 mingdan ko‘proq yodgorlik, shu jumladan, 2 500 meʼmoriy obida, 2 700dan ziyod arxeologiya yodgorligi, 1 800 dan ko‘proq monumental sanʼat asari davlat muhofazasiga olingan.

   Biroq, Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz, Termiz kabi durdona muzey shaharlarga ega bo‘lgan mamlakatimizda madaniy obyektlarga eʼtibor qaratish va ulardan samarali foydalanish borasida ayrim muammolar mavjud.

   Tarixiy obyektlarni tadbirkorlar, hunarmandu savdo xodimlariga ijaraga berish, ayrim odamlar o‘zlarining manfaatlari yo‘lida tarixiy binolarga zarar yetkazishi holatlari ko‘zga tashlanmoqda. Sayyohlik shitob bilan rivojlanib borayotgani, xorijiy sayyohlarning qadimiy obidalar go‘zalligidan bahramand bo‘lish, betakror tabiatimiz bag‘rida dam olib, hordiq chiqarish, muxtasar qilib aytganda, jannatmonand o‘lkamiz bo‘ylab sayru sayohat qilish istagidagi sayyohlar soni tobora ortib bormoqda. Ammo, bu ehtiyojlarni qondirish istagi ming yillar davomida yashab kelayotgan tarixiy obidalarimizga ziyon yetkazmasligi kerak.

   Maʼlumki, madaniy meros obyektlarini ijaraga olgan tadbirkorlar qo‘shimcha qurilmalarni binoga joylashtirish, devoriga mix va yoki o‘tkir materiallar bilan ishlov berish, muayyan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarni kiritishi hollari ko‘zga tashlanmoqda. Bu bilan ularga qayta tiklab bo‘lmaydigan darajada zarar yetkazilmoqda.

   Qadimshunoslar maʼlumotlariga qaraganda, tarixiy obyektlar joylashgan hududlarda faqat piyoda harakatlanish kerak. Chunki mashina yoki boshqa texnika vositalarining ovozi, tezlik to‘lqini kuchi, yerdagi bosimi obida devorlarining darz ketishiga, poydevorining yemirilishiga, umuman, tarixiy inshootlarning qattiq shikastlanishiga olib keladi.

   Shu bois, madaniy meros obyektlarini avaylab asrash, ularni ijaraga berish tizimini tartibga solish O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Saylovoldi dasturidan joy olgan dolzarb tashabbuslardan biri, deb hisoblaymiz. Partiyamiz milliylik, milliy qadriyatlar muhofazasiga katta masʼuliyat bilan yondashgan holda, o‘tmishi, shonli tarixi mujassam bo‘lgan madaniy meros yodgorliklarini bus-butun saqlab qolish tashabbuskori bo‘lib maydonga chiqayotgani, shubhasiz, katta eʼtiborga molik. Tariximizni, maʼnaviyatimizni pullamasligimiz, tarixiy obidalarni qurbon qilmasligimiz kerak.