665 12.06.2026
Bugun ekologik muammolar haqida bejiz bong urilmayapti. Bir paytlar ma’lum bir hududni qamragan ekomuammolar bugun chegara bilmayapti va ularning insoniyat hayotiga ta’siri tobora kuchayib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, noqulay ekologik sharoitlar har yili 12,6 milliondan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lmoqda. Ayni paytda dunyo aholisining 90 foizdan ortig‘i xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan havodan nafas olyapti. 1,5 milliarddan ortiq odam esa toza ichimlik suviga ega emas...
Afsuski, Markaziy Osiyo ham bunday muammolardan holi hudud emas. Jahon banki tahlillariga ko‘ra, mintaqamizda qariyb 37 million kishi suv tanqisligi kuchli bo‘lgan hududlarda yashamoqda va 2050-yilga borib bu ko‘rsatkich 75 millionga yetishi mumkin. Keyingi 70 yilda mintaqamiz harorati 1,5-2 darajaga ko‘tarilgani esa ekologik muammolarni yanada keskinlashtiryapti.
Bugun mamlakatimizda yer maydonlarining 20 foizdan ortig‘i degradatsiyaga uchragan. Bu chorak asrdan so‘ng hosildorlik uchdan bir qismga kamayadi, deganidir.
Mintaqamiz aholisi 25 yildan so‘ng 100 million kishidan ortishini e’tiborga olsak, bu muammoning qanchalik dolzarb ekanini anglab yetamiz. Samarqandda 31 may – 6 iyun kunlari 180 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlarning 8,5 mingdan ortiq mutaxassis va ekspertlari ishtirokida o‘tgan Global ekologik jamg‘arma(GEF)ning sakkizinchi assambleyasi shu ma’noda ham muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning assambleya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida ham insoniyat misli ko'rilmagan inqirozlar - iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolib borishi, atrof-muhit ifloslanishi kabi jiddiy tahdidlarga duch kelayotgani alohida ta’kidlandi va O‘zbekiston, mintaqamizdagi ayni holatdan kelib chiqib, bir qator taklif-tashabbuslarni ilgari surayotgani qayd etildi Xususan, Samarqandni «Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti» deb e’lon qilish, Iqlim o‘zgarishi va gidrometeorologiya milliy markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yaqinda O‘zbekiston-Qozog‘iston o‘rtasida kelishilgan «Toza havo» davlatlararo konsorsiumiga mintaqaning barcha davlatlarini qo‘shish takliflari shular jumlasidandir.
Davlatimiz rahbari shuningdek, O‘zbekiston Global ekologik jamg‘arma donor mamlakatlari qatoriga qo‘shilishga tayyorligini e’lon qildilar.
Bu qo‘shma mintaqaviy tashabbuslarni amaliy qo‘llab-quvvatlash va o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi, albatta.
Anjuman doirasida tashkil etilgan «Eco Expo Central Asia-2026» ko‘rgazmasida «yashil» iqtisodiyot va ekologik loyihalarni qo‘llab- quvvatlash maqsadida 80 million dollarlik grant hamda 520 million dollardan ortiq investitsiyalar jalb etish bo‘yicha kelishuvlar imzolanganini ham alohida e’tirof etish lozim. Endilikdagi asosiy vazifa mazkur tashabbus va loyihalarni amaliyotga samarali tatbiq etish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash, atrof- muhitni asrashga qaratilgan sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirishdan iboratdir.
Albatta, ushbu nufuzli tadbirga O‘zbekiston bejiz mezbonlik qilayotgani yo‘q. Keyingi yillarda mamlakatimizning atrof-muhitni asrashga qaratilgan amaliy harakatlari nafaqat yurtimiz, mintaqamiz muhitini ham yaxshilashga xizmat qilmoqda. Jumladan, Orol dengizining qurib qolgan qismida 2 million gektarli o‘rmonzor barpo etildi. Yashil hududlarni 30 foizgacha oshirish maqsadida «Yashil makon» umumxalq loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt ekilmoqda. «O‘zbekiston - 2030» strategiyasida suv resurslarini tejash ustuvor maqsadlardan biri sifatida belgilandi.
Prezident tashabbusi bilan Toshkentda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti («Green University»), Prezident huzurida Iqlim kengashi va Milliy iqlim markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, 2030-yilga borib «yashil» energiya ulushini 54 foizga yetkazish va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini 21 foizgacha kengaytirish, havoga zararli tashlamalarni 10,5 foizga qisqartirish, qariyb 2 million yoshning ekologik savodxonligini oshirish, Orolbo‘yi hududlarida 2 million gektardan ortiq unumdorligini yo‘qotgan yerlarni qayta tiklash rejalashtirilgan.
Shu o‘rinda bu boradagi normativ-huquqiy hujjatlarga ham qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganini aytish mumkin. Xususan, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada atrof- muhitni asrash va ekologik xavfsizlikni ta’minlash insonning fundamental huquqlaridan biri sifatida mustahkamlab qo‘yildi. Unga ko‘ra, har bir fuqaro qulay atrof-muhitga hamda unga yetkazilgan zararni undirish huquqiga ega. Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan barcha hujjatlar ham takomillashtirildi.
Prezidentimizning 2025-yili Samarqandda o‘tgan xalqaro iqlim forumidagi nutqida «Biz Yerni ajdodlarimizdan meros sifatida emas, balki farzandlarimizdan qarzga olganmiz», degan mashhur hikmatli iborasi tilga olingandi. Zero, insoniyat bugun kelajak avlodlarga barqaror, xavfsiz va farovon dunyoni qoldirish yo‘lida birlashishi va bu maqsad yo‘lidagi barcha ezgu harakatlarni uyg‘unlashtirishi zarur.
Zuhra MIRG‘OZIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 10-iyun sonidan olindi