Ustoz millat tafakkurining tirik va uyg‘oq vijdoni edi…


867     12.06.2026

Dunyoda shunday insonlar bo‘ladiki, ular haqida aytmoqchi, yozmoqchi bo‘lgan har bir so‘zingni ming marta o‘ylaysan, boz ustiga qahramoning nihoyatda kamtar, har qanday so‘zni qog‘ozga tushirishdan avval kunlab, haftalab o‘ylaydigan inson bo‘lsa... Uning yozganlarini qayta va qayta o‘qiysan, taassurotlaring haqida yozmoqchi bo‘lasan, ammo beixtiyor o‘sha hislar girdobiga tushaverasan.

O‘zbek milliy adabiyotining buyuk chinorlaridan biri Ibrohim G‘ofurov ham umrining so‘nggi soatlariga qadar teran fikrlari bilan ijod ahliga o‘rnak bo‘lib keldi. Uni tanigan, bilganlar borki, ustozning mehnatkashligiga tan berishardi. Ibrohim G‘ofurovning nazdida har qanday inson qalbida o‘z dunyosi, o‘z xilvatxonasi bo‘lishi kerak. U «Shovqin - o'tkinchi, odamni chalg‘itadi, asl mohiyatdan uzoqlashtiradi. Men sukunatni juda yaxshi ko‘raman. Chunki faqat sukunatdagina inson o‘z yurak urishini, So‘zning haqiqiy nafasini tinglay oladi. Kitob varaqlayotgan, oq qog‘ozga qalam tebratayotgan lahzalaringizda Siz Tangri bergan tafakkur nuriga yaqinlashasiz.

Mening sokinligim - bu hayotdan uzilish emas, aksincha, hayotni ich- ichimdan tuyishga urinishdir», deb yozgan edi.

Ibrohim G‘ofurov 1937-yilning 27-dekabrida Toshkent shahrida tug'ildi. 1956-1961 yillarda hozirgi O‘zMUning filologiya fakultetida tahsil oldi. 1961-yildan 1982-yilgacha Davlat badiiy adabiyot nashriyotida kichik muharrirlikdan Bosh muharrir o‘rinbosarigacha ko‘tarildi. 1982 - 1995-yillar oralig‘ida «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida Bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishladi. 1995 yildan esa «Milliy tiklanish» demokratik partiyasini tashkil etish tashabbuskorlaridan biri bo‘ldi va uzoq yillar davomida partiya raisi hamda «Milliy tiklanish» gazetasining Bosh muharriri sifatida faoliyat olib bordi. 1973-yili filologiya fanlari nomzodi, 1989-yili O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti laureati, 1995 yilda «Do‘stlik» ordeni sohibi bo‘ldi. U 1996-yildan I va II chaqiriq O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, parlamentda «Milliy tiklanish» fraksiyasi rahbari, 2000 yildan Qonunchilik palatasining Matbuot va axborot qo‘mitasi raisi o‘rinbosari vazifalarida ishladi.

2021-yilda esa Prezidentimiz Farmoni bilan yurtning eng yuksak - «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlandi.

U «Go‘zallikning olmos qirralari», «Unutilmagan bog‘», «Joziba», «Yonar so‘z», «Yam-yashil daraxt», «Yurak - alanga». «Lirikaning yuragi», «She’riyat - izlanish demak», «O‘ttiz yil izhori», «Til erkinligi» singari adabiy tanqidiy, badia kitoblar muallifidir. Ibrohim G‘ofurov «Darvoza», «Humo qushim», «Qaldirg‘ochim» singari she’riy nasrlar yohud mansuralari bilan ham e’tibor qozongan ijodkordir.

Jahon adabiyotining durdona asarlari - « Jinoyat va Jazo», «Telba», «Qimorboz» (Doctoyevskiy), «Azizim» (Mopassan), «Alvido, qurol», «Chol va Dengiz» (E.Xeminguyey), «Qiyomat», «Chingizxonning oq buluti» (Chingiz Aytmatov), «Yong‘in» (V.Rasputin), «Surur» (Nozim Hikmat)larni hamda hind ilohiy kitobi «Panchatantra»ni, Konfutsiy hikmatlarini va boshqa asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan ham Ibrohim G‘ofurov edi. Darvoqe, ustoz jurnalist «G‘afur G‘ulom» (1983), «Maqsud Shayxzoda» (1987), «Zulfiya» (1985), «Boborahim Mashrab» (1984) kabi hujjatli filmlar ssenariysini ham yozgan.

Bir so‘z bilan aytganda, Ibrohim G‘ofurovning mahorati va o‘z kasbiga bo‘lgan muhabbati bilangina o‘zbek kitobxonlari Dostoyevskiy, Kafka, Mopassan va Xeminguey singari o‘nlab buyuk yozuvchilarni o‘z ona tillarida tanidilar. Uning zahmatli mehnati bilangina g‘arb adabiyotining o‘zbekona qiyofasi shakllandi.

Ibrohim G‘ofurov ijodi bilan tanish bo‘lgan har bir kitobxon biladiki, xoh u tarjima asar bo‘lsin, xoh o‘z asari, hatto maqolalarida ham fikr va so‘zlarning ortiqcha yoki kamligi hodisasi uchramaydi.

Bundan bir necha yil oldin Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Ibrohim G‘afurovni «O‘z huzur- halovatidan kechib, bir umr odamlarga ilmu ziyo, ma’rifat ulashib kelayotgan hassos so‘z san’atkori» deb atagan edilar.

Ibrohim G‘ofurov bir intervyusida tarjima san’ati haqida shunday degandi: «Tarjima - bu shunchaki bir tildan ikkinchi tilga so‘z ko‘chirish emas. Bu - juda katta iztirob, ruhiy azob va ayni paytda ilohiy bir baxt. Masalan, Chingiz Aytmatovning «Qiyomat» romani ustida ishlaganimda, men qirg‘iz adibining yuragidagi o‘sha umumbashariy dardni o‘z tanamdan o‘tkazganman. O‘sha mashhur Akbara - Ona bo‘riga farzand dog‘idagi uvillashini o‘zbek tilida yangratish uchun, tarjimon o‘zi ham ichidan o‘sha olovda yonishi kerak».

Darvoqe, romandagi mashhur Akbara - Ona bo‘ri timsoli Ibrohim G‘afurov qalamida shunchaki hayvonot olami emas, balki farzand dog‘ida kuygan, tabiatning bulg‘anishidan, insoniyatning mehrsizligidan yig‘layotgan Onalik fitratining ulug‘vor surati bo‘lib gavdalangani boisini endi anglagandirsiz.

Ibrohim G‘afurovning mutarjimlik borasidagi mashaqqatli mehnati 2025-yili Ogahiy nomidagi Xalqaro badiiy tarjimonlik tanlovida ham yuksak e’tirof etilgan edi.

Yozuvchi va publitsist Samar Nuriy: «Ibrohimjon tarjima qilgan «Jinoyat va jazo»ni toptirib, qayta o‘qib chiqdim. O‘o‘o‘o‘, Dostoyevskiyni qayta kashf etdim... Men uning yigirma tomligini rus tilida o‘qiganman. Lekin Ibrohim G‘afurov uni shunchalar mahorat va harorat bilan o‘girganki...

Bunday asarlarni o‘z ona tilingda albatta o‘qish kerak ekan, degan xulosaga keldim. Ona tilining jozibasi, go‘zalligi, kuchi, qudrati - ona suti, ona mehri bilan tanga o‘rnashar ekan-da!», deb yozgan edi.

»Buyuk asarlar doimo ulkan iztiroblardan tug‘iladi. Iztirob chekmagan qalb yuksak san’atni ham, boshqaning dardini ham tushuna olmaydi. Tarjimonlik - ana shu begona iztirobni o‘z yuragingdan o‘tkazib, millatdoshingga o‘z tilida so‘zlab berish demakdir.Dostoyevskiyning qahramonlari - Raskolnikov, Knyaz Mishkin - ular sof iztirobdan yaralgan. Agar sen tarjimon o‘laroq o‘sha begona iztirobni o‘z yuragingga singdira olmasang, tarjimang o‘lik matnga aylanadi. Men ular bilan yashadim, ular bilan birga yig‘ladim. Shuning uchun ham bu asarlar o‘zbek kitobxonining qalbiga yaqin bo‘ldi, deb o‘ylayman» degan edi adib. Jeyms Joysning «Uliss» romanini o‘zbekcha so‘zlatish esa haqiqiy jasorat edi. Ustoz hamkasbimiz dunyo tan olgan ushbu san’at asarini o‘zbek tilining sof kalitlari bilan ochdi. Muallif bu mehnati orqali ona tilimizning naqadar teran va har qanday ruhiy oqimni o‘ziga sig‘dira olishini ham isbotlab berdi.

«Dunyo adabiyotiga qiziqish, butun hayotimni kitob bilan bog‘laganim, kitobni menga yozilgan taqdir ishi deb bilganim meni adabiy tanqid va badiiy tarjima sohalariga dadil qadamlar bilan kirishga chog‘ladi. O‘qigan kitoblarimni o‘zbek tiliga xayolan ag‘darib yuradigan bo‘ldim. Qoralamalar qildim. Muqobil so‘zlar, juda ko‘p variantlar, versiyalar qidirdim. Ba’zan yirik-yirik asarlar bir butun holda xayolimda o‘zbekcha shaklga kirib gavdalanardi. Yoshligimdan, «Oydin kechalar»ni o‘qiganimdan beri Fyodor Dostoyevskiy romanlari xuddi shunday yaxlit o‘zbekcha bo‘lib ko‘z o‘ngimda turardi. Chidolmay ularni qog‘ozga tushirishga shoshilardim...»

TONG SUKUNATIDAGI SHIVIRLAR

Ibrohim G‘afurovning yozganlarini o‘qigan, odam o‘zini xuddi bahorgi bog‘da, tong saharda yalangbosh yurganday, oyoqlariga shabnam tegib, ruhi yengillashayotganday his qiladi. «Dil sharhi» yoki «Hayo kurtaklari»ni varaqlar ekansiz, quruq va sovuq jumlalarga emas, balki yurakning sirli titroqlariga duch kelasiz. Muallif bizni balandparvoz da’vatlar bilan chaqirmaydi, balki kuzgi yaproqning uzilishi, ostonaga qo‘ngan chumchuqning chirqillashi yoki inson nigohidagi yashirin bir mung orqali borliqning ulug‘ falsafasini pichirlab so‘zlaydi.

«Vaqt - tinimsiz oqib turgan daryo, biz esa navqiron qirg‘oqda turib, o‘tayotgan umrimiz yaproqlarini kuzatayotgan musofirlarmiz. Inson umri - soat millarining chirsillashi emas, balki qalbda qolgan tirik va uyg‘oq lahzalarning yig‘indisidir». Uning jumlalari shunchaki matn emas - ular fikrlaydi va insonni siyratiyu, suvrati bilan yuzma- yuz uchrashtiradi. U o‘zbek tiliga shunday bir nafosat olib kirdiki, undan faqat ma’no emas, balki ilohiy bir orom ham taraladi. Aytish joizki, uning ijodiy taqdirida Chingiz Aytmatov olami alohida o‘rin tutadi. Bu ikki adib o‘rtasida shunday bir botiniy, ruhiy yaqinlik va qalban yakdillik bor ediki, ular dunyoni, inson fojiasini bir xil nigoh bilan ko‘ra olishdi. Aytmatov qirg‘iz kengliklarida turib qaysi dardda yongan bo‘lsa, Ibrohim G‘afurov o‘zbek zaminida turib o‘sha iztirobni tuydi.

Mana shunday yaqinlik sabab «Qiyomat» romani o‘zbek tilida tarjimadan ko‘ra ko‘proq asliyatdek, yanada jozibali va go‘zalroq jarangladi. Ibrohim aka asarning badiiy to‘qimasinigina emas, balki Aytmatovning satrlar ortiga yashirgan ohu nolasini ham o‘zbekchada so‘zlatdi.

Ibrohim G‘ofurovning nomi «Milliy tiklanish» gazetasi bilan ham bevosita bog‘liq: 1995 yili O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi tashkil etilgach, uning bosh nashri sifatida «Milliy tiklanish» gazetasiga asos solinadi va nashrning ma’naviy-ma’rifiy jihatdan oyoqqa qo‘yish vazifasi uning zimmasiga yuklatiladi. Endigina tashkil etilgan nashrni ziyolilar orasida «tan oldirish» o‘sha davrda og‘ir va mas’uliyatli yumush edi.

Ammo dastlab 2000 nusxada chop etilgan gazetamiz Ibrohim G‘ofurov muharrirligidagi ijodiy jamoa mehnati bilan keyinchalik 4-5 barobar ko‘p nusxada nashr etila boshlandi. Ibrohim aka gazetaga rahbarlik qilgan yillarda nashr quruq siyosiy shiorlardan yiroq bo‘lib, chinakam ma’rifat, milliy o‘zlikni anglash va adabiyot minbariga aylandi. Ustoz gazeta atrofiga millatning eng sara ziyolilarini, tilshunoslarini va yosh mahoratli jurnalistlarini to‘play oldi. Uning muharrirlik maktabida har bir so‘zning imlosidan tortib, maqolaning ichki vaznigacha qattiq nazorat qilinardi.

U muharrir sifatida gazeta sahifalariga o‘zbek tilining asl jozibasini, unutilib borayotgan go‘zal so‘z va iboralarini qaytardi. U yetakchilik qilgan davrda gazetaning har bir soni xalq tilida o‘qiladigan, qo‘lma-qo‘l bo‘ladigan ma’naviy xazinaga aylangan edi. O‘sha paytda gazetadan milliy g‘oyaning, adabiyotning va chinakam jurnalistikaning tirik nafasi ufurib turardi. Muharrir har bir satr ustida zargardek titrab ishlar, shogirdlariga So‘zga xiyonat qilmaslik darsxonasini yaratib berardi.

Ustoz jurnalist har bir chiqishida, albatta, milliy matbuotimiz haqida kuyunib gapirar, agar davlat rahnamolik qilsa, homiylik qilsa, gazeta va jurnallar, hech bo‘lmasa mamlakatdagi asosiy nashrlar, ya’ni hammaga kerak, davlat siyosatini, ma’naviyatini, ma’rifatini ko‘taradigan nashrlarning qaddini tiklash mumkin bo‘lishini ta’kidlardi. «Axir nima uchun dunyoda Amerika, Yaponiya, Xitoy, Turkiya, Angliya va boshqa taraqqiy etgan davlatlarda bir million va undan yuqori adadda chiqayotgan nashrlar bor», - degandi u shunday chiqishlarining birida. «Ularda odamlarning uyiga gazetalar keladi. Misol uchun, Niderlandiya misolida ko‘p gapirish mumkin. Bu yurtda xonadonlarga erta tongda eng sara nashrlar kelar ekan. Afsuski, bizda ming- minglab mahallalar, qishloqlarga foydalanib bo‘lmaydi.

Mening fikrimcha, «bozor gazetalari»ni o‘ziga qo‘yib berish kerak. Ular tijorat, reklama bilan yashasa, yashab ketaveradi.

Ammo... «Xalq so‘zi», «Yangi O‘zbekiston», «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», «Hurriyat», «Jamiyat», «Qishloq hayoti», «XXI asr», «Milliy tiklanish», «Adolat», «Ishonch», «Yoshlar ovozi», «Sharq yulduzi», «Tafakkur», «Ma’naviy hayot», «Jahon adabiyoti», «Saodat», «Fan va turmush» singari nashrlarni yo‘qotib bo‘ladimi? Agar yo‘qotadigan bo‘lsak, ularning o‘rniga nima bera olamiz? Zero, fikri ojizimcha, Uchinchi Renessans g‘oyasini matbuotsiz elu-yurtga to‘laqonli singdirib bo‘lmaydi. Qolaversa, shuncha og‘ir yumushlarni, ulug‘ bunyodkorliklarni bajarayotgan O‘zbekistonimiz uchun yuqorida men sanagan va sanamagan, aytaylik, jami bo‘lib 20 ta nufuzli nashrni xonadonlarga, o‘qishga chanqoq aholiga yetkazib berish ham cho‘t ekanmi?»

O‘zbekiston Qahramoni bir gal yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad bilan suhbatda «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining tashkil etilishi haqida shunday degandi: O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining dasturida bayon qilingan g‘oyalar, qarashlar ma’rifatparvar ajdodlarimiz qarashlaridan, o‘z oldiga qo‘ygan ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy maqsadlaridan kelib chiqqan, desak xato bo‘lmaydi. Chunki, «Milliy tiklanish» yangi g‘oyaga ega bo‘lgan kuch hisoblanadi. Ijtimoiy fikr sarhadlarida bo‘y ko‘rsatgan bu g‘oya ajdodlar ilgari surgan g‘oyalarga tomirlari bilan tutashdi.»

MILLAT QAHRAMONI PORTRETIGA CHIZGILAR…
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurovni yuksak unvon bilan tabriklar ekan, ustoz adibimizning bosib o‘tgan yo‘liga alohida ta’rif bergan edilar: «Men «Boburnoma»ni ko‘p-ko‘p o‘qishga, Boburning hayot yo‘lini o‘rganishga harakat qilaman.

Bilasizlarmi, Boburda umuman halovat bo‘lmagan. Uning hayot yo‘li mashaqqatlar va kurashlarda o‘tgan, faqat mehnat qilgan. Ibrohim akaning ham hayotida halovat bo‘lmagan, umri mehnatda o‘tgan. Hozirgi adabiyot sohasidagi barcha yozuvchi va shoirlarimiz bu insonni ustoz deydi. Bu insonga halollik va poklik bo‘yicha munosib bo‘lishga harakat qiladi. Ochiq gap, men Erkin Vohidov va Abdulla Oripov bilan do‘st edim. Abdulla Oripov bilan Zomin maktabini tashkil qilgan edik. Erkin Vohidov bilan esa kechalari ham gaplashardik. Erkin akaning bir gaplari bo‘lar edi: agar o‘zbek tilining buyukligini bilishni xohlasang, Ibrohimjondan so‘rash kerak. Sevib gapirardilar. Ibrohim aka adabiyotimizning ana shunday zabardast namoyandasi. Ibrohim akaga o‘xshagan halol insonlar bizga o‘rnak bo‘lishi kerak. Hayotda, mehnatda, umrda. Bitta stol, ruchka va bitta xona. Boshqa biror narsani bu inson o‘zi uchun ep ko‘rmagan. Mana shunday inson, albatta, O‘zbekiston Qahramoni bo‘lishga loyiq!».

 

Mahbuba KARIMOVA,
Shahlo Baqoyeva,
“Milliy tiklanish” muxbirlari
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 10-iyun sonidan olindi