670 12.06.2026
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida xorijiy investorlarning yer munosabatlariga oid huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Ma’lumki, bugungi global iqtisodiyot sharoitida investitsiyalarni jalb qilishda huquqiy barqarorlik va ishonchli kafolatlar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Investor, eng avvalo, kiritayotgan sarmoyasining huquqiy himoyasiga ishonch hosil qilgandagina uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirishga intiladi.
Mazkur qonun loyihasi bilan chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, xorijiy yuridik shaxslar hamda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning yer uchastkalariga doir huquqlarini yagona huquqiy tartibda belgilash nazarda tutilmoqda. Bu esa amaliyotdagi huquqiy noaniqliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Ayniqsa, investorlarga yer uchastkalarini ijaraga berish muddatini 25-yildan 49 yilgacha uzaytirish taklifi muhim ahamiyatga ega. Bu yirik va uzoq muddatli investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yanada qulay sharoit yaratib, mamlakatimizga zamonaviy texnologiyalar, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va qo‘shimcha ish o‘rinlari kirib kelishini rag‘batlantiradi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni yerdan foydalanuvchilar va ijarachilarga 49 yil muddatga ijaraga berish tartibining mustahkamlanishi ham ushbu sohada barqarorlikni ta’minlash va yerdan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Umuman olganda, mazkur qonun loyihasi yer munosabatlarini tartibga solish, investitsiyaviy jozibadorlikni yanada oshirish, huquqiy kafolatlarni mustahkamlash hamda mamlakatimiz iqtisodiyotiga uzoq muddatli sarmoyalarni keng jalb etish uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Azamat PARDAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati