Yuridik xizmatlarni individuallashtirish, shaxsiy va oilaviy yuridik xizmat turlarini joriy qilish lozim


183     04.10.2024

   Mamlakatimizda qonun va adolat ustuvorligiga erishishda yuridik xizmatning o‘rni juda muhim. Darhaqiqat, o‘tgan davr mobaynida yurtimizda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasa va tashkilotlari faoliyatida qonun ustuvorligi hamda qonuniylikni taʼminlash bo‘yicha eʼtiborga molik chora-tadbirlar amalga oshirildi.

   Davlat organlari faoliyatida qonuniylikni yanada mustahkamlash, demokratik va huquqiy islohotlarni amalga oshirishda yuridik xizmatlarning roli va javobgarligini kuchaytirish maqsadida so‘nggi yillarda o‘ndan ortiq huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Bu esa har bir tashkilotda huquqiy ishlarning bosh tashkilotchisi bo‘lgan yuridik xizmat faoliyatining yanada samarali tashkil etilishini taqozo qiladi.

   Eʼtirof etish kerak, yuridik xizmat ko‘magida fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyati yuksalib boradi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida qonun ustuvorligi taʼminlanadi. Hozirgi kunda yurtimizda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini, ayniqsa, o‘rta va quyi bo‘g‘inda huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda ularga sifatli va professional yuridik xizmat ko‘rsatishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.

   Biroq ko‘rilgan chora-tadbirlarga qaramasdan, yuridik xizmatlar faoliyatini tashkil etish borasida hamon muayyan muammoband masalalar mavjud. Xususan, davlat organlari faoliyatida ularning yuridik xizmatlari qonuniylikni taʼminlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan aniq shakl va mexanizmlarga ega emasligini hamda yuridik xizmatlar ishini rejalashtirish va boshqarishga asos bo‘ladigan, yuridik xizmatlarni taqdim etishning sifat standartlari ishlab chiqilmaganligini misol tariqasida qayd etish mumkin.

   Bundan tashqari, mamlakatimizda yuridik xizmatlarga bo‘lgan zamonaviy ehtiyojlar hamda tobora ortib borayotgan talablar inobatga olinar ekan, shaxsiy va oilaviy yuridik xizmatlar ko‘rsatish faoliyatining yo‘lga qo‘yilmaganligi bu sohani takomillashtirish zaruriyatini yuzaga keltirayotgani ayon bo‘ladi.

   Shu boisdan ham “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi o‘z Saylovoldi dasturida yuridik xizmatlar ko‘rsatish sifatini yanada oshirish maqsadida yuridik xizmatlarni individuallashtirish, ularning tarkibida shaxsiy va oilaviy yuridik xizmat turlarini joriy etish taklifini ilgari surmoqda.